Pokiston ishbilarmon doiralari Qibray va Bo‘stonliqdagi agroloyihalar bilan tanishdi
Pokistonning “GO Group” tarkibiga kiruvchi “Go Dairy (Private) Limited” kompaniyasi rahbari Dur Muhammad Ayub boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga tashrifi doirasida Qibray va Bo‘stonliq tumanidagi qator korxona va agrosanoat obyektlarida bo‘ldi.
Pokistonning “GO Group” tarkibiga kiruvchi “Go Dairy (Private) Limited” kompaniyasi rahbari Dur Muhammad Ayub boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga tashrifi doirasida Qibray va Bo‘stonliq tumanidagi qator korxona va agrosanoat obyektlarida bo‘ldi.
Xususan, Pokiston delegatsiyasi Qibray tumanida faoliyat yuritayotgan “Kamilka” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurib, korxonaning sutni qabul qilish va qayta ishlash quvvatlari, ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologik yechimlari hamda tayyor sut mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuv chog‘ida korxona rahbariyati bilan ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish istiqbollari muhokama qilinib, sut mahsulotlarini qayta ishlash sohasida tajriba almashish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Safar doirasida delegatsiya vakillari Bo‘stonliq tumanidagi “Agrover” kartoshkachilik va urug‘chilik markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Mehmonlarga markazda kartoshkachilik va urug‘chilik sohasini rivojlantirish, yuqori hosildor navlarni yetishtirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalar almashish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Mamlakatimizning Pokistondagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan mazkur biznes-missiya O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida agrosanoat sohasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash, yangi sheriklik aloqalarini o‘rnatish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
O'xshash yangiliklar
Islomobodda «Oʼzbekiston–Pokiston biznes almashinuvi – 2027» tashabbusi taqdimot qilindi
Pokiston poytaxti Islomobod shahrida oʼtkazilgan «4th SES Diplomatic Network–2026» tadbirida Oʼzbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati va «Oʼzbekiston–Pokiston biznes almashinuvi–2027» (Pakistan–Uzbekistan Business Exchange – 2027) tashabbusi taqdim etildi.
O‘zbekiston–Pokiston tadbirkor ayollari forumi tashkil etiladi
O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev ushbu davlatda xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi Gulnora Mahmudova boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik, savdo va investitsiya aloqalari yangi bosqichga olib chiqiladi
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Bosh vazirining maslahatchisi – sanoat va ishlab chiqarish vaziri Harun Axtar Xon bilan uchrashdi.