Mis sanoatidagi yirik loyihalarning borishi koʻrib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyevga mis sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarining borishi va kelgusidagi rejalar yuzasidan axborot berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga mis sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarining borishi va kelgusidagi rejalar yuzasidan axborot berildi.
Mis sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot va “yashil” taraqqiyot uchun strategik xomashyoga aylanmoqda. Shu bois, mamlakatimizda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, mavjud zaxiralarni samarali oʻzlashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Joriy yil mart oyida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasining birinchi navbati ishga tushirilgan edi. “Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish dasturi doirasida 196 gektar maydonda barpo etilayotgan ushbu loyihaning qiymati 2,7 milliard dollarni tashkil etadi. Fabrika toʻliq quvvatga chiqqanidan soʻng yiliga 60 million tonna maʼdanni qayta ishlash va 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Bugungi taqdimotda fabrikaning keyingi navbatlarini ishga tushirish, texnologik jarayonlarni barqaror yoʻlga qoʻyish va rejalashtirilgan quvvatlarga oʻz vaqtida chiqish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
Xususan, yanchish sexidagi sharli tegirmonlar, flotatsiya liniyalarini bosqichma-bosqich toʻliq quvvatga chiqarish boʻyicha aniq grafik belgilangan.
Joriy yil yakuniga qadar 3-mis boyitish fabrikasida rudani qayta ishlash hajmini yanada oshirish, barcha asosiy texnologik zanjirlarni toʻliq ishga tushirish va ishlab chiqarish barqarorligini taʼminlash vazifasi qoʻyildi.
3-mis boyitish fabrikasi toʻliq ishga tushgach, kombinatda mis konsentratining kunlik ishlab chiqarish hajmi 2 ming 400 tonnadan 5 ming tonnaga oshishi koʻzda tutilgan. Zamonaviy texnologiyalar joriy qilinishi hisobiga energiya sarfi va tannarxni kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish imkoni paydo boʻladi.
Taqdimotda 4-mis boyitish fabrikasi loyihasini ishlab chiqishni jadallashtirish masalasi ham koʻrib chiqildi.
Bugungi kunda loyiha doirasida bazaviy injiniring hujjatlari tayyorlanmoqda, qurilish maydonida yer ishlari va geologik burgʻilash ishlari olib borilmoqda.
Mazkur loyihada 3-fabrika tajribasini inobatga olgan holda texnologik yechimlarni maqbullashtirish, energiya va suv resurslaridan tejamkor foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shuningdek, xalqaro injiniring kompaniyalari bilan hamkorlikda gravitatsiya, flotatsiya, konsentratni quritish va qoldiqlarni quyultirish, texnologik zanjirlarini takomillashtirish, xorijiy moliya institutlaridan mablagʻ jalb qilish uchun loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash chora-tadbirlari belgilangan.
Mutasaddilarga 4-mis boyitish fabrikasi uchun zarur yer maydonlarini ajratish, qurilish maydonida tayyorgarlik ishlarini davom ettirish, bazaviy injiniring hujjatlarini belgilangan muddatda yakunlash va loyihani bosqichma-bosqich ishga tushirish rejasini aniqlashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
O'xshash yangiliklar
Yaylovlarni tiklash va ulardan foydalanishning yangi tartibi koʻrib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yaylovlar degradatsiyasining oldini olish, suv taʼminotini yaxshilash hamda ulardan samarali foydalanish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari OHIChK sammitida ishtirok etadi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 14-15-oktabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi.
Issiqxona xo‘jaligiga “yashil” texnologiyalarni joriy qilish masalalari ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev issiqxonalar faoliyatiga “yashil” texnologiyalarni joriy qilish va ularning ekologik xavfsiz faoliyat yuritishini ta’minlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.