O‘zbekiston Respublikasi va Serbiya o‘rtasida AKT sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari
O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlar 2025-yilning ikkinchi yarmidan boshlab raqamli texnologiyalar, IT-xizmatlar eksporti, startaplar, sun’iy intellekt (SI) va innovatsiyalar yo‘nalishida sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlar 2025-yilning ikkinchi yarmidan boshlab raqamli texnologiyalar, IT-xizmatlar eksporti, startaplar, sun’iy intellekt (SI) va innovatsiyalar yo‘nalishida sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
2025-yil 28-oktabr kuni Serbiya Prezidenti Aleksandar Vuchichning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi ikki tomonlama aloqalarning muhim burilish nuqtasi bo‘ldi. Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga to‘g‘ri kelgan ushbu tashrif davlat rahbarlari darajasidagi ilk to‘laqonli sammit sifatida qayd etildi. Muzokaralarda axborot texnologiyalari va raqamlashtirish (mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi va turizm bilan bir qatorda) ustuvor hamkorlik yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi. Tomonlar muhandislik, ilg‘or texnologiyalar, sun’iy intellekt va turdosh sohalarda hamkorlik to‘g‘risida alohida bitim imzoladilar.
Siyosiy kelishuvlardan texnologik amaliyotga o‘tish
Ushbu yuqori darajadagi siyosiy kelishuv ertasi kuniyoq texnologik mazmun bilan to‘ldirildi. 2025-yil 29-oktabrda Aleksandar Vuchich IT Park Uzbekistan majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning IT ekotizimi, eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalari va davlat raqamli yechimlari bilan tanishdi Serbiya delegatsiyasiga UniconSoft, Didox/Venkon, Kpi.com, UzSpace, shuningdek, UZINFOCOMning Palm ID, HRM.argos.uz, uGaz va DMed kabi yechimlari namoyish etildi. Aynan shu muzokaralarda Serbiyada qo‘shma IT korxonasi tashkil etish, Palm ID texnologiyasini joriy etish, ikki mamlakat startaplarini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma venchur mexanizmini ishlab chiqish kabi muhim masalalar kelishib olindi.
Shuningdek, IT Park tomonidan 2025-yilning so‘nggida Belgradda logistika va autsorsing kompaniyalariga O‘zbekiston imkoniyatlarini taqdim etishga qaratilgan “Trucking Outsourcing Weekend with IT Park” formatidagi tadbir ham ilgari surildi. Uning konsepsiyasi Serbiya kompaniyalariga O‘zbekistonda operatsion xarajatlarni optimallashtirish, malakali mutaxassislarni jalb qilish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini o‘rsatib berishdan iborat bo‘ldi.
2026-yildagi rivojlanish va istiqbolli modellar
Muhimi shundaki, 2025-yildagi kelishuvlar faqat umumiy memorandum darajasida qolib ketmadi. 2026-yil fevralida IT Park ishtirokidagi muzokaralarda ayni yo‘nalishlar yana kun tartibiga olib chiqildi. 80 dan ortiq tadbirkor va davlat idoralari vakillari qatnashgan forumda IT-outsourcing, BPO (Biznes jarayonlari autsorsingi) va KPO (Bilim talab qiluvchi jarayonlar autsorsingi), qo‘shma korxonalar, ma’lumotlar markazlari va venchur fondlari bo‘yicha amaliy modellar ko‘rib chiqildi.
Forumdagi eng istiqbolli konsepsiyalardan biri — “Serbiya Yevropa bozori uchun front-office, O‘zbekiston esa kengaytiriladigan back-office” modeli bo‘ldi. Bu yondashuv Serbiyaning Yevropa mijozlari bilan ishlash tajribasi va bozorga geografik yaqinligini O‘zbekistonning kengayib borayotgan mutaxassislar bazasi, IT Park rezidentlari uchun yaratilgan qulay sharoitlar hamda xizmatlarni masshtablash imkoniyati bilan birlashtirishni nazarda tutadi.
Serbiya mijoz, bozor va xalqaro tarmoq bilan ishlashdagi kompetensiyalarini, O‘zbekiston esa texnik ijro, jamoalar va kengaytirish imkoniyatlarini birlashtiradi.
2026-yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Serbiya Bosh vaziri o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri Adriana Mesarovich IT-sanoat, sun’iy intellekt, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, davlat boshqaruvini raqamlashtirish va kiberxavfsizlik sohalaridagi hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qildilar.
Serbiya delegatsiyasi IT Park, UzSOC va UZINFOCOM faoliyati bilan tanishib, kiberhodisalarga tezkor javob berish mexanizmlari, shuningdek, davlat axborot tizimlari va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari infratuzilmasini o‘rgandi. O‘z navbatida, Serbiya tomoni superkompyuter infratuzilmasi va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘z tajribasini taqdim etdi.
Hamkorlik ko‘rsatkichlari
O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida IT-xizmatlar eksporti sohasidagi hamkorlik barqaror ijobiy dinamikani ko‘rsatmoqda. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, IT Park Uzbekistan rezidenti bo‘lgan ikkita kompaniya Serbiya bozoriga xizmatlar eksport qildi va umumiy eksport hajmi taxminan 42 ming AQSH dollarini tashkil etdi.
2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyi yakunlariga ko‘ra, Serbiya bozori bilan ishlaydigan IT Park rezidentlari soni uch barobarga oshib, oltita kompaniyaga yetdi. Shu bilan birga, eksportning umumiy hajmi 72 ming AQSH dollaridan oshdi, bu esa O‘zbekiston IT-kompaniyalarining ushbu yo‘nalishdagi ishtiroki izchil kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Ijobiy dinamika 2026-yilda ham saqlanib qoldi. Xususan, IT Park’da Serbiyadan ta’sischi bo‘lgan rezident kompaniya ro‘yxatdan o‘tkazildi, bu esa Serbiya biznesining O‘zbekiston texnologik ekotizimi imkoniyatlariga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi. Bugungi kunda Serbiya yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlar eksportining umumiy hajmi 130 ming AQSH dollarini tashkil etadi.
Shunday qilib, nisbatan qisqa vaqt ichida hamkorlik yagona eksport shartnomalaridan ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasidagi barqaror hamkorlikka o‘tdi. Eksportchilar sonining o‘sishi, ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmining ko‘payishi va Serbiya ishtirokidagi rezidentning paydo bo‘lishi IT-autsorsing, BPO/KPO, raqamli yechimlar, startaplar va qo‘shma texnologik loyihalar sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay zamin yaratadi. Serbiya bilan hamkorlikdan O‘zbekiston uchun olinadigan asosiy qiymat faqat bitta yangi eksport bozori bilan cheklanmaydi.
Birinchidan, Serbiya o‘zbekistonlik texnologik kompaniyalar uchun Yevropa mijozlari bilan ishlash mexanizmlarini o‘rganish, mahsulotlarni xalqaro talablar asosida moslashtirish hamda xorijiy savdo tarmog‘ini rivojlantirish platformasi bo‘la oladi.
Ikkinchidan, Serbiyaning shakllangan startap va akseleratsiya infratuzilmasi O‘zbekiston startaplarini xalqaro investitsiyaga tayyorlash jarayonini tezlashtiradi.
Uchinchidan, logistika, GameDev, GovTech, AI va kiberxavfsizlik kabi yo‘nalishlarda Serbiyaning mavjud salohiyati O‘zbekistonda yuqori qo‘shilgan qiymatli yangi xizmatlar eksportini rivojlantirishga yordam beradi.
Serbiya tomoni uchun esa O‘zbekiston 38 millionga yaqin aholiga ega bo‘lgan tez o‘sayotgan bozor, Markaziy Osiyoga chiqish platformasi, Yevropa bozori uchun qulay bo‘lgan bozor narxi, texnik ijro hamda yangi texnologik va startap loyihalari manbai sifatida manfaatli.
Shunday yondashuv O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi raqamli hamkorlikni alohida loyihalar majmuasidan Yevropa va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi uzoq muddatli texnologik va iqtisodiy ko‘prikka aylantirish imkonini beradi.
O'xshash yangiliklar
Seul sammiti: C5+1ning yangi sanoat arxitekturasida O‘zbekiston
Bo‘lajak birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitining Seul shahrida o‘tkazilishi C5+1 formatiga yanada aniq va amaliy iqtisodiy mazmun bag‘ishlamoqda.
Munosib sheriklikning nurli istiqbollari
Davlatlararo munosabatlarning haqiqiy quvvati faqat siyosiy kelishuvlar yoki iqtisodiy koʼrsatkichlar bilan oʼlchanmaydi. Xalqlar bir-birini qanchalik yaxshi anglasa, bir-birining tarixi, madaniyati va qadriyatlariga qanchalik hurmat bilan yondashsa, munosabatlar shunchalik mustahkam va barqaror boʼladi.
Jazoir elchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida
2026-yil 21-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Jamila Ashur bilan uchrashuv o‘tkazdi.