Prezident Xivadan Urganchga yangi avtomobil yo‘li orqali qaytdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotdan so‘ng yangi “Urganch – Xiva” pullik avtomobil yo‘li bilan tanishdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotdan so‘ng yangi “Urganch – Xiva” pullik avtomobil yo‘li bilan tanishdi.
Mamlakatimizda zamonaviy yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, transport qatnovi tezligi va xavfsizligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yil 5 avgust kuni qabul qilingan yangi tahrirdagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonunda pullik avtomobil yo‘llarini tashkil etishning huquqiy asoslari belgilandi. Bunda haydovchilar uchun muqobil bepul yo‘l mavjud bo‘lishi asosiy shart hisoblanadi.
Urganch aeroporti va Xiva shahri o‘rtasidagi yangi avtomobil yo‘li aholi va sayyohlar uchun xavfsiz, tezkor va qulay harakatlanish imkoniyatini yaratishga qaratilgan.
Loyiha doirasida 35 kilometr avtomobil yo‘li, 1 ta yer osti tunneli, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 15 ta ko‘prik va 106 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etildi.
Mavjud yo‘l orqali Urganchdan Xivaga yetib borishga 45-50 daqiqa vaqt sarflansa, yangi to‘rt tasmali magistralda bu vaqt 15-17 daqiqagacha qisqaradi. Yo‘l sutkasiga 30 mingdan ortiq transport vositasini o‘tkazish quvvatiga ega.
Transport oqimi va to‘lovlarni boshqarish sun’iy intellektga asoslangan raqamli tizimlar orqali amalga oshiriladi. Yengil va yuk avtomobillari, shuningdek, avtobuslardan to‘lov transport vositasini to‘xtatmagan holda elektron shaklda undiriladi.
Yo‘l bo‘yida xalqaro standartlarga mos xizmat ko‘rsatish va servis obyektlarini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.
Yo‘l qoplamasining yuqori qatlamlarida issiq iqlimga chidamli maxsus modifikatsiyalangan bitum aralashmasidan foydalanilgan. Qoplamaning umumiy qalinligi 87 santimetrni tashkil etadi.
Yangi magistral Urganch va Xiva o‘rtasidagi qatnovlarni yanada tezlashtirish va qulaylashtirish, sayyohlar uchun transport imkoniyatlarini kengaytirish hamda hududning yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.
O'xshash yangiliklar
Prezidentimiz yoʻl xoʻjaligi sohasidagi yangi ilmiy-amaliyot markazini koʻzdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining ilmiy-amaliyot markaziga tashrif buyurib, muassasa faoliyati va bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Qoʻriqlash xizmatlari sifatini oshirish va qamrovini kengaytirish choralari koʻrib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qoʻriqlash xizmatlari sifati va qamrovi darajasini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Oʻmon, Iordaniya va Turkiya bilan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish choralari koʻrib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy tashriflar yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, 2027-yilda mamlakatimizda yirik xalqaro tadbirlarni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.