Oʻzbekiston Prezidenti Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibini qabul qildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-sentabr kuni Toshkentda yettinchi Global kinologiya forumida ishtirok etish doirasida mamlakatimizda boʻlib turgan Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Yan Sondersni qabul qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-sentabr kuni Toshkentda yettinchi Global kinologiya forumida ishtirok etish doirasida mamlakatimizda boʻlib turgan Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Yan Sondersni qabul qildi.
Bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish, bojxona organlarining salohiyatini mustahkamlash va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish boʻyicha amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tashkilot koʻmagida Oʻzbekiston savdoni yengillashtirish sohasidagi qator xalqaro konvensiyalarga qoʻshilgani, zamonaviy bojxona nazorati mexanizmlari joriy etilib, Bojxona xizmati faoliyatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgani va qabul qilingani qayd etildi.
Oʻzbekistonda bojxona sohasida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida bugungi kunda eksport yuklarining 94 foizi va import yuklarining 87 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda. Deklaratsiyalarni rasmiylashtirish vaqti 20 daqiqagacha qisqartirildi.
Bojxona organlarining tadbirkorlik subyektlari bilan samarali hamkorligini taʼminlaydigan raqamli yechimlar faol joriy etilmoqda, maʼmuriy toʻsiqlar qisqartirilib, korrupsiyaviy xavflar kamaytirilmoqda.
Uchrashuvda bojxona tartib-taomillarini yanada raqamlashtirish va uygʻunlashtirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish hamda kadrlarni oʻqitish va ularning malakasini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Yurtimizni Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishga tayyorlash doirasida ushbu masalalarning dolzarbligi taʼkidlandi.
Yakunda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi “yoʻl xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish va qabul qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.
O'xshash yangiliklar
Oʻzbekiston Prezidenti Belgradga joʻnab ketdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga joʻnab ketdi.
Suyultirilgan gaz taʼminoti tizimini isloh qilish takliflari koʻrib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash tizimini isloh qilish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Oʻzbekiston Prezidenti XXR delegatsiyasini qabul qildi
7-sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Xalqaro aloqalar boʻlimi mudiri Lyu Xaysin boshchiligidagi Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasini qabul qildi.