Tojikiston Prezidenti Buxorodagi tarixiy obidalar bilan tanishmoqda
Mamlakatimizda davlat tashrifi bilan boʻlib turgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Buxorodagi qator tarixiy obidalarni ziyorat qilmoqda.
Mamlakatimizda davlat tashrifi bilan boʻlib turgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Buxorodagi qator tarixiy obidalarni ziyorat qilmoqda.
Qadimiy Buxoro azaldan oʻzining benazir tarixiy, meʼmoriy va madaniy boyliklari bilan mashhur boʻlib, asrlar davomida fan, islom ilmi va maʼnaviyat markazlaridan biri sifatida tanilgan. Yoshi 2,5 ming yildan oshgan shaharning tarixiy markaziga 1993-yilda UNESCOning Butunjahon merosi obyekti maqomi berilgan.
Oliy martabali mehmon dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.
Majmua islom olamining ulugʻ qadamjolaridan biri hisoblanadi. Mazkur ziyoratgoh Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan joyda barpo etilgan boʻlib, bugungi kunda maqbara, xonaqoh, masjidlar, daxma va soʻfiylik tarixi muzeyini oʻz ichiga oladi. Bahouddin Naqshband taʼlimotining ezgu tamoyili – “Dil ba yoru, dast ba kor” shiori insonni mehnatsevarlik va ruhiy poklikka daʼvat etishi alohida taʼkidlandi.
Soʻng Somoniylar maqbarasiga tashrif buyurildi.
Ushbu meʼmoriy yodgorlik Markaziy Osiyoda pishiq gʻishtdan bunyod etilgan eng qadimiy inshootlardan biri hisoblanadi. U IX asr oxiri – X asr boshlarida Somoniylar davlati asoschisi va birinchi hukmdori Ismoil Somoniy tomonidan sulolaviy maqbara sifatida qurilgan.
Uning meʼmoriy qiyofasida nafaqat islom, balki islomdan avvalgi davr anʼanalari, jumladan, sugʻd madaniyatiga xos naqshlar ham oʻz aksini topgan. Taʼkidlanganidek, quyosh nurlarining tushishiga qarab, maqbara naqshlari turlicha jilolanadi, binoning kub va gumbaz shaklidagi kompozitsiyasi esa Yer va Osmon uygʻunligini ramziy ifoda etadi. Qalinligi qariyb ikki metrga yetadigan devorlar hamda yuqori sifatli gʻisht terimi tufayli ushbu noyob yodgorlik bugungi kungacha yaxshi saqlanib qolgan.
Maqbaralarga ziyorat chog‘ida Qur’on tilovat qilinib, o‘tganlarga rahmat, yurtimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo qilindi.
O'xshash yangiliklar
Yaylovlarni tiklash va ulardan foydalanishning yangi tartibi koʻrib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yaylovlar degradatsiyasining oldini olish, suv taʼminotini yaxshilash hamda ulardan samarali foydalanish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari OHIChK sammitida ishtirok etadi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 14-15-oktabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi.
Issiqxona xo‘jaligiga “yashil” texnologiyalarni joriy qilish masalalari ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev issiqxonalar faoliyatiga “yashil” texnologiyalarni joriy qilish va ularning ekologik xavfsiz faoliyat yuritishini ta’minlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.