Pokiston kompaniyasi Toshkent viloyatida yirik chorvachilik kompleksi barpo etadi
O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Pokistonning yirik “Go Group” tarkibiga kiruvchi “Go Dairy (Private) Limited” kompaniyasi rahbari Dur Muhammad Ayub boshchiligidagi delegatsiyaning yurtimizga safari tashkil etildi.
O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Pokistonning yirik “Go Group” tarkibiga kiruvchi “Go Dairy (Private) Limited” kompaniyasi rahbari Dur Muhammad Ayub boshchiligidagi delegatsiyaning yurtimizga safari tashkil etildi.
Safar davomida Pokiston kompaniyasi vakillari Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, oziq-ovqat sanoati hamda eksport salohiyatini oshirish yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyati, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik tarmoqlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda yirik investitsiyaviy loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Xususan, viloyatda zamonaviy agroklasterlar tashkil etish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish, qayta ishlash sanoatini rivojlantirish va qo‘shimcha qiymat yaratishga qaratilgan loyihalarga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Pokiston delegatsiyasi rahbari “Go Group” faoliyati va O‘zbekistonda amalga oshirish rejalashtirilayotgan loyihalar haqida to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, kompaniya O‘zbekistonda naslchilik, boqish, yem ishlab chiqarish, so‘yish va qayta ishlash bosqichlarini o‘z ichiga olgan to‘liq siklli chorvachilik kompleksini tashkil etishni rejalashtirmoqda.
– Loyiha doirasida dastlabki bosqichda 20–30 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan zamonaviy chorvachilik majmuasi, eksportga yo‘naltirilgan sovutish va muzlatish omborlari hamda mahsulotlarni qadoqlash infratuzilmasini yaratish ko‘zda tutilgan, – dedi Dur Muhammad Ayub. – Kompaniyamiz O‘zbekistonni Fors ko‘rfazi mamlakatlari, MDH davlatlari va Xitoy bozorlariga mahsulot yetkazib berish uchun muhim logistika markazi sifatida baholamoqda.
Shuningdek, muloqot chog‘ida kartoshka va sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash, urug‘chilik hamda ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlik qilish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish, investitsiyaviy loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va qishloq xo‘jaligi sohasida uzoq muddatli sheriklikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishib oldi.
Safar dasturi doirasida kompaniya vakillari Yangiyo‘l, Qibray, Yuqori Chirchiq va Bo‘stonliq tumanlarida bo‘lib, hududlardagi chorvachilik xo‘jaliklari, agroklasterlar va investitsiyaviy maydonlar faoliyati bilan tanishdi.
O'xshash yangiliklar
Islomobodda «Oʼzbekiston–Pokiston biznes almashinuvi – 2027» tashabbusi taqdimot qilindi
Pokiston poytaxti Islomobod shahrida oʼtkazilgan «4th SES Diplomatic Network–2026» tadbirida Oʼzbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati va «Oʼzbekiston–Pokiston biznes almashinuvi–2027» (Pakistan–Uzbekistan Business Exchange – 2027) tashabbusi taqdim etildi.
O‘zbekiston–Pokiston tadbirkor ayollari forumi tashkil etiladi
O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev ushbu davlatda xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi Gulnora Mahmudova boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik, savdo va investitsiya aloqalari yangi bosqichga olib chiqiladi
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Bosh vazirining maslahatchisi – sanoat va ishlab chiqarish vaziri Harun Axtar Xon bilan uchrashdi.