“O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonini ta’sis etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Vatanimiz istiqlolining milliy davlatchiligimizdagi roli va Yangi O‘zbekistonimizning bugungi va kelgusi taraqqiyotidagi ahamiyatini chuqur anglagan holda, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligini mamlakatimizning ulkan salohiyati va jahon maydonidagi yuksak nufuziga munosib tarzda nishonlash uchun har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Mustaqillik – mard va olijanob xalqimizning qat’iy irodasi, istiqlol yo‘lida kurash olib borgan fidoyi ajdodlarimizning jasorati va matonati bilan qo‘lga kiritilgan, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu ishlarimizning asosi, kelajak avlodlarimiz uchun bezavol yetkazishimiz shart bo‘lgan buyuk va muqaddas qadriyatdir.
Aynan istiqlol tufayli yangilangan konstitutsiyamiz hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosidagi taraqqiyot yo‘limiz yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, inson qadr-qimmatini ulug‘lash, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, buyuk tariximiz hamda milliy urf-odat va an’analarimizni asrab-avaylash, mintaqamizda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qaror toptirish, mamlakatimizning xalqaro obro‘-e’tiborini yuksaltirishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shuning uchun ham amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida yurtimiz qiyofasi tubdan o‘zgarib, odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi ortmoqda, ongu tafakkuri va dunyoqarashi yangilanmoqda.
Bu boradagi ishlarimizni izchil davom ettirish va yangi bosqichga ko‘tarish, shuningdek, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy qudrati va salohiyati, jahon maydonidagi nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan, o‘zining ko‘p yillik fidokorona mehnati, yuksak kasbiy mahorati va ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki bilan el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan vatandoshlarimizni munosib taqdirlash maqsadida:
1. “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni ta’sis etilsin.
2. “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonining Nizomi va tavsifi 1- va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonlari hamda ularning guvohnomalari belgilangan tartibda tayyorlanishini ta’minlasin.
4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.Sh. Mirziyoyeva zimmasiga yuklansin.
O'xshash yangiliklar
Yaylovlarni tiklash va ulardan foydalanishning yangi tartibi koʻrib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yaylovlar degradatsiyasining oldini olish, suv taʼminotini yaxshilash hamda ulardan samarali foydalanish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari OHIChK sammitida ishtirok etadi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 14-15-oktabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi.
Issiqxona xo‘jaligiga “yashil” texnologiyalarni joriy qilish masalalari ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev issiqxonalar faoliyatiga “yashil” texnologiyalarni joriy qilish va ularning ekologik xavfsiz faoliyat yuritishini ta’minlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.