Islomobodda Oʼzbekiston va Pokiston oʼrtasida tibbiyot sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Oʼzbekiston elchisi Аlisher Toʼxtaev Pokistonning «Maroof International Hospital» tashkiloti rahbari Nosir Аhmad bilan uchrashuv oʼtkazdi.
Oʼzbekiston elchisi Аlisher Toʼxtaev Pokistonning «Maroof International Hospital» tashkiloti rahbari Nosir Аhmad bilan uchrashuv oʼtkazdi.
Muloqot davomida Oʼzbekiston va Pokiston oʼrtasida sogʼliqni saqlash, tibbiy taʼlim va tibbiy turizm sohalarida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
«Maroof International Hospital» ishtirokida Oʼzbekistonda zamonaviy diagnostika markazi yoki ixtisoslashtirilgan tibbiy klinika tashkil etish, istiqbolda esa «Maroof International Hospital» brendi ostida toʼlaqonli tibbiyot muassasasini ishga tushirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Pokiston tomoni mazkur yoʼnalishlarda Oʼzbekistonda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Hamkorlikning dastlabki bosqichida Oʼzbekistondagi tibbiyot texnikumlari bilan hamkorlikda 3-6 oylik qisqa muddatli oʼquv dasturlarini ishlab chiqish taklif etildi. Mazkur dasturlar doirasida hamshiralar, laboratoriya mutaxassislari, shoshilinch tibbiy yordam xodimlari hamda boshqa oʼrta tibbiyot boʼgʼini kadrlarini zamonaviy usullar asosida tayyorlash va ularning malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratish rejalashtirildi.
«Maroof International Hospital»ning malakali mutaxassislari ishtirokida onlayn darslar, master-klasslar va amaliy treninglar oʼtkazish, tibbiyot taʼlim muassasalari talabalari uchun qisqa muddatli stajirovka va amaliyot dasturlarini tashkil etish, hamda tajriba almashinuvini yoʼlga qoʼyish boʼyicha fikr almashildi.
Uchrashuvda tibbiy texnologiyalar va farmatsevtika yoʼnalishidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, Pokiston vakili Buxoro viloyatida Janubiy Koreya texnologiyalari asosida ishlab chiqarilayotgan koronar stentlarni Pokiston bozoriga eksport qilishga qiziqish bildirdi.
Muzokaralar chogʼida tibbiy turizm sohasida Oʼzbekiston va Pokiston oʼrtasida bemorlar almashinuvini yoʼlga qoʼyish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, Pokiston fuqarolari uchun Oʼzbekistonda zamonaviy tibbiy diagnostika, davolanish va sogʼlomlashtirish xizmatlarini turizm dasturlari bilan uygʼunlashtirish, shuningdek, «Maroof International Hospital» klinikalarida oʼzbekistonlik bemorlarga tibbiy xizmat koʼrsatish imkoniyatlarini kengaytirish takliflari qoʼllab-quvvatlandi.
Tomonlar sogʼliqni saqlash va tibbiy taʼlim sohalaridagi hamkorlikni amaliy loyihalar bilan boyitish ikki davlat oʼrtasidagi koʼp qirrali sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladilar.
«Maroof International Hospital» 2009 yilda tashkil etilgan. Klinika hozirgi kunda 220 oʼringa ega koʼp tarmoqli xususiy tibbiyot muassasasi sifatida faoliyat yuritmoqda. Shifoxonada kardioxirurgiya, bolalar kardioxirurgiyasi, neyroxirurgiya, minimal invaziv jarrohlik, ginekologiya, pediatriya, reanimatsiya va shoshilinch tibbiy yordam kabi yoʼnalishlar mavjud.
O'xshash yangiliklar
O‘zbekiston hududlaridagi olti texnikumga Pokistondan yangi jihozlar to‘plami topshirildi
Mamlakatimizning Pokistondagi elchixonasi O‘zbekistonning oltita ta’lim muassasasidagi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida beg‘araz grant yordami ko‘rsatdi.
O‘zbekiston va Pokiston kompaniyasi po‘lat ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirmoqchi
O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev “Pak Steel” kompaniyasi direktori Hassan Farid bilan uchrashdi.
Pokiston kompaniyasi Xivada «aqlli shahar» loyihasini amalga oshirishni boshladi
Pokistonning yirik qurilish va infratuzilma kompaniyalaridan biri — «Habib Rafiq Engineering (Pvt.) Ltd.» Xorazm viloyatining Xiva shahrida «aqlli shahar» barpo etish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlarini boshladi.