Oʻzbekiston va Turkmaniston yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Prezidentimiz Gurbanguli Berdimuhamedovni Turkmaniston tomonidan Avazada boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi, MDH sammiti va Kaspiy ekologik forumiga samarali raislik qilingani hamda ularni muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan samimiy tabrikladi.
Turkmanistonning mintaqaviy muloqot va koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim rolini yana bir bor namoyon etgan mazkur tadbirlar alohida ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Erishilgan kelishuvlar mintaqada izchil taraqqiyot va osoyishtalikni taʼminlashga qaratilgan sheriklikning yangi istiqbollarini ochmoqda.
Suhbat davomida izchil rivojlanib, amaliy mazmun bilan boyib borayotgan Oʻzbekiston – Turkmaniston strategik sherikligining barqaror ijobiy surʼati mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tomonlar oʻzaro savdo hajmini yanada oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, energetika, transport va qishloq xoʻjaligi sohalarida loyihalarni amalga oshirish, transport-logistika sohasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash hamda madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish muhimligini taʼkidladilar.
Avazada Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tashkil etish toʻgʻrisida tarixiy shartnoma imzolanganiga alohida eʼtibor qaratildi.
Ushbu mexanizmni ishga tushirish ikki tomonlama kun tartibining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha saʼy-harakatlarni tizimli muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
Yetakchilar oliy darajadagi boʻlajak tadbirlar rejasini ham muhokama qildilar.
Yakunda koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari, mushtarak tarix va madaniy anʼanalarga asoslangan Oʻzbekiston – Turkmaniston hamkorligini izchil rivojlantirish hamda Markaziy Osiyoda tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni yanada mustahkamlashga oʻzaro intilish qatʼiy ekani taʼkidlandi.
O'xshash yangiliklar
Prezidentimiz yoʻl xoʻjaligi sohasidagi yangi ilmiy-amaliyot markazini koʻzdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining ilmiy-amaliyot markaziga tashrif buyurib, muassasa faoliyati va bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Qoʻriqlash xizmatlari sifatini oshirish va qamrovini kengaytirish choralari koʻrib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qoʻriqlash xizmatlari sifati va qamrovi darajasini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Oʻmon, Iordaniya va Turkiya bilan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish choralari koʻrib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy tashriflar yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, 2027-yilda mamlakatimizda yirik xalqaro tadbirlarni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.