Muhandislarning yangi avlodini yetishtiradigan innovatsion maskan
Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumaniga tashrif chogʻida “ToshTech” texnika universiteti faoliyati bilan ham tanishdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumaniga tashrif chogʻida “ToshTech” texnika universiteti faoliyati bilan ham tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 8-sentabrdagi tegishli qarori asosida tashkil etilgan universitet oliy muhandislik taʼlimini transformatsiya qilishda muhim qadam boʻldi. Loyihaning umumiy qiymati 69,5 milliard soʻmni tashkil etadi.
Mazkur mablagʻlar evaziga Toshkent davlat texnika universitetining 7 qavatli oʻquv binosi toʻliq rekonstruksiya qilindi hamda eng zamonaviy laboratoriya va oʻquv jihozlari bilan taʼminlandi.
Ushbu oliygoh akademik, moliyaviy hamda tashkiliy-boshqaruv jihatdan mustaqil davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Belgilangan dasturga koʻra, 2030-yilga qadar Toshkent davlat texnika universitetining tegishli fakultet va kafedralari bosqichma-bosqich ushbu yangi innovatsion ekotizimga transformatsiya qilinadi.
Yangi universitetga yoshlarning qiziqishi juda yuqori boʻldi. 2026/2027-oʻquv yili uchun jami 1654 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Eng bilimli va iqtidorli deb topilgan 400 nafar talaba saralanib, oʻqishga qabul qilindi. Qabul qilingan ilk talabalarning barchasi 100 foiz davlat granti asosida taʼlim olmoqda. Mazkur imtiyoz saqlanib qoladi va 2029/2030-oʻquv yiligacha qabul qilinadigan talabalar ham toʻliq grant bilan qamrab olinadi.
Universitetda oʻquv jarayoni toʻliq ingliz tilida boʻlib, darslar mahalliy olimlar bilan bir qatorda yuqori malakali xorijlik mutaxassislar tomonidan olib boriladi.
Talabalar sanoat muhandisligi va menejment, elektr muhandisligi, energetika muhandisligi, materialshunoslik va nanotexnologiyalar kabi toʻrtta yoʻnalishda taʼlim oladi.
“ToshTech” xalqaro maydonda tan olingan taʼlim brendlari bilan integratsiyalashgan. Universitet dunyoning eng nufuzli oliygohlari, jumladan, Shanxay Szyao Tong (Xitoy), Milan politexnika universiteti (Italiya), Bremen konstruktor universiteti (Germaniya) hamda dunyoga mashhur “Boston Consulting Group” konsalting kompaniyasi bilan yaqin hamkorlikda tashkil etildi.
Universitetning bosh maqsadi quruq nazariyadan voz kechib, talabalarni dastlabki kurslardanoq real sanoat loyihalari va murakkab muhandislik muammolari ustida ishlashga oʻrgatishdir. Shu sababli talabalar oʻqish davridayoq amaliyot oʻtashi va kelajakda kafolatlangan ish oʻrniga ega boʻlishi uchun mamlakatimiz va dunyo sanoati gigantlari bilan yaqin hamkorlik oʻrnatilgan. Ular qatorida “ACWA”, “UzAuto Motors”, “Issiqlik elektr stansiyalari” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” kabi yirik kompaniyalar mavjud.
Davlatimiz rahbariga universitetning kelgusi rejalari haqida maʼlumot berildi.
Oʻqituvchi va talabalar bilan muloqotda “ToshTech” texnika universiteti yurtimiz sanoat salohiyatini yangi bosqichga olib chiquvchi muhandislarning yangi avlodini yetishtirib beradigan innovatsion maskanga aylanishi zarurligi taʼkidlandi.
– Yana bir bor takrorlayman, insonning mol-mulki, mavqeyi yoki boshqa moddiy boyliklari vaqtinchalik boʻlishi yoki yoʻqolishi mumkin, ammo uning ongidagi, qalbidagi bilim va tajribani hech kim va hech qanday kuch tortib ololmaydi. Bilim insonning eng xavfsiz va eng foydali sarmoyasidir, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Prezidentimiz universitet talabalari bilan suratga tushdi.
O'xshash yangiliklar
Shvetsiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi akkreditatsiyadan o‘tdi
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Shvetsiyaning mamlakatimizdagi yangi tayinlangan elchisi Martin Rozenni qabul qildi.
Chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalarining borishi koʻrib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, ularni qayta ishlash va elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
TIV rahbarining Turkiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuvi to‘g‘risida
10-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ayshe Berris Ekinjini qabul qildi.