OHIChBK moliyaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochadi
Bugun Osiyo mintaqasi yirik ishlab chiqarish quvvatlari, tez oʼsib borayotgan isteʼmol bozorlari, texnologik va moliyaviy markazlarni birlashtirib, global iqtisodiy jarayonlarda hal qiluvchi oʼrin egallamoqda.
Bugun Osiyo mintaqasi yirik ishlab chiqarish quvvatlari, tez oʼsib borayotgan isteʼmol bozorlari, texnologik va moliyaviy markazlarni birlashtirib, global iqtisodiy jarayonlarda hal qiluvchi oʼrin egallamoqda. Shu bilan birga, geosiyosiy vaziyat, global savdo va logistika zanjirlaridagi oʼzgarishlar, iqlim xatarlari hamda investitsiya resurslari uchun raqobatning kuchayishi Osiyo davlatlari oʼrtasidagi muloqot va amaliy hamkorlikning ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Bunday sharoitda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʼyicha kengash — OHIChBK doirasidagi iqtisodiy hamkorlikning ahamiyati ham ortib bormoqda. Bugungi kunda Kengash 28 ta davlatni birlashtirib, Osiyo hududining qariyb 90 foizini va jahon aholisining yarmidan koʼpini qamrab olmoqda. OHIChBK davlatlari hissasiga jahon yalpi ichki mahsulotining 50 foizdan ortigʼi va global iqtisodiy oʼsishning qariyb uchdan ikki qismi toʼgʼri keladi. Bu esa mazkur makonda iqtisodiy va moliyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligini koʼrsatadi.
Oʼzbekiston OHIChBK doirasidagi hamkorlikni Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash bilan bir qatorda, iqtisodiy taraqqiyot va farovonlik uchun amaliy sheriklikni kengaytirishning muhim vositasi sifatida koʼrib kelmoqda.
Oʼzbekiston uchun yangi imkoniyatlar
Bugungi kunda Oʼzbekistonda kuzatilayotgan jadal iqtisodiy oʼsish va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish jarayonlari, oʼz navbatida, uzoq muddatli investitsiyalar, xususiy kapital va zamonaviy moliyaviy instrumentlarga boʼlgan talabni ham oshirmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev davlat mustaqilligining oʼttiz besh yilligiga bagʼishlangan tantanali marosimda qayd etganidek, kelgusi oʼn yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, iqtisodiyotda yuqori oʼsish surʼatini saqlagan holda, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Mazkur maqsadlarga erishish borasidagi asosiy vazifalardan biri investitsiyalar hajmini koʼpaytirish bilan bir qatorda, ularning manbalarini diversifikatsiya qilish, xususiy va institutsional investorlar, kapital bozorlari, davlat-xususiy sheriklik va boshqa zamonaviy moliyaviy mexanizmlardan kengroq foydalanishdan iborat.
Bu jarayon global tendentsiyalar bilan hamohang kechmoqda. BMT hisob-kitoblariga koʼra, rivojlanayotgan davlatlarda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun yillik moliyalashtirish taqchilligi 4 trln dollardan ziyod baholanmoqda. Demak, iqtisodiy oʼsishni faqat anʼanaviy moliyalashtirish manbalari hisobiga taʼminlash tobora murakkablashib, davlatlar oʼrtasida investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikning yangi shakllariga ehtiyoj ortib bormoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2022-yil 13-oktyabrda Ostona shahrida boʼlib oʼtgan OHIChBKning VI sammitida Osiyo qitʼasida oʼzaro bogʼliqlikni birinchi galda ishlab chiqarish-logistika zanjirini, Markaziy Osiyoni Janubiy va Sharqiy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq bilan samarali bogʼlaydigan transport yoʼlaklarini yaratish hisobidan kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Bu masala Oʼzbekiston uchun nafaqat strategik, balki aniq iqtisodiy ahamiyatga ham ega. 2025-yilda mamlakat tashqi savdo aylanmasi 81,2 mlrd dollarga yetib, 2024-yilga nisbatan 20,7 foizga oʼsdi.
Shu bilan birga, Oʼzbekistonning asosiy savdo hamkorlarining aksariyati OHIChBK makonida joylashgan. 2025- yilda mamlakat tashqi savdo aylanmasida Xitoyning ulushi 21,2 foizni, Rossiyaning — 16 foizni, Qozogʼistonning — 6,1 foizni, Turkiyaning — 3,7 foizni va Koreya Respublikasining — 2,1 foizni tashkil etdi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti OHIChBK doirasida bilimlar iqtisodiyotini rivojlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratib, innovatsiyalar transferi salohiyatidan toʼliqroq foydalanish, raqamlashtirishni ragʼbatlantirish, “bulutli” texnologiyalar, sunʼiy intellekt va “buyumlar Interneti”ni rivojlantirish boʼyicha Osiyo mamlakatlarining saʼy-harakatlarini birlashtirish zarurligini qayd etdi.
Mazkur yoʼnalish bugungi kunda OHIChBKning shakllanayotgan moliyaviy kun tartibi bilan yanada uygʼun ahamiyat kasb etmoqda. Raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi zamonaviy toʼlov tizimlari, fintex yechimlari, raqamli moliyaviy xizmatlar va transchegaraviy moliyaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Yana bir muhim yoʼnalish — “Yashil Osiyo” kontseptual dasturi doirasida mamlakatlarni jadal koʼkalamzorlashtirish va ekotizimlar oʼzaro bogʼliqligini taʼminlash masalalari boʼyicha doimiy ekspert maslahatlashuvlarini yoʼlga qoʼyish tashabbusidir. Ushbu tashabbus “yashil” va barqaror moliyalashtirish vositalarini kengaytirish, iqlim va energetik transformatsiya loyihalariga xususiy kapitalni jalb qilish masalalari bilan bevosita uygʼunlashadi.
Moliyaviy hamkorlikning yangi bosqichi
Moliyaviy hamkorlik OHIChBK doirasida oʼzaro bogʼliqlikning muhim tarkibiy qismlaridan biriga aylanmoqda.
Bu boradagi muhim qadamlardan biri OHIChBK Moliyaviy sammitining tashkil etilishi boʼldi. Yangi maslahatlashuv organi toʼgʼrisidagi Nizom 2025-yilda qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, uning faoliyati moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, barqaror iqtisodiy rivojlanishga koʼmaklashish va OHIChBK mintaqasi farovonligini oshirish maqsadida aʼzo davlatlar oʼrtasida moliya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Yangi mexanizmning amaliy faoliyati joriy yilda boshlandi. 2026-yil 8-sentyabrda Ostona shahrida OHIChBK Moliyaviy sammitining birinchi yigʼilishi boʼlib oʼtdi. Unda davlat organlari, milliy moliya institutlari, bank sektori, biznes, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etdi.
Аlohida moliyaviy muloqot maydonining paydo boʼlishi Osiyodagi iqtisodiy hamkorlik xususiyati oʼzgarib borayotganini koʼrsatadi.
Bugungi kunda moliyaviy oʼzaro bogʼliqlik transport yoki savdo sohasidagi bogʼliqlikdan kam boʼlmagan ahamiyat kasb etmoqda. Yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uzoq muddatli kapitalni, transchegaraviy savdoni rivojlantirish samarali hisob-kitob va moliyaviy mexanizmlarni, “yashil” transformatsiya yangi investitsiya vositalarini, texnologiyalarning jadal rivojlanishi esa moliyaviy tartibga soluvchilar va bozor ishtirokchilari oʼrtasida yanada yaqin hamkorlikni talab qilmoqda.
Аynan shu yoʼnalishlar OHIChBKning yangi moliyaviy mexanizmi mazmun-mohiyatini belgilab bermoqda.
Birinchi yigʼilish kun tartibi ham ushbu hamkorlikning keng qamrovli ekanini koʼrsatdi. Unda moliyaviy oʼzaro bogʼliqlik, taraqqiyotni moliyalashtirish, barqaror va inklyuziv moliya, raqamli moliya hamda moliyaviy texnologiyalar masalalari asosiy eʼtibor markazida boʼldi.
Shunday qilib, gap yana bir moliya instituti yoki taraqqiyot bankini tashkil etish haqida emas. Аksincha, OHIChBK davlatlarining amaldagi milliy moliya institutlari, tartibga soluvchi organlari, banklari, fond birjalari va taraqqiyot institutlari oʼrtasida hamkorlik maydoni shakllanmoqda.
Shu maʼnoda, OHIChBK doirasida shakllanayotgan yangi moliyaviy mexanizmlar Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan oʼzaro bogʼliqlik, raqamli taraqqiyot va “yashil” oʼsish tashabbuslarini amaliy investitsiya loyihalari bilan uygʼunlashtirish, shuningdek, mamlakatni Osiyodagi yangi moliyaviy aloqalarning faol ishtirokchisi sifatida mustahkamlash uchun qoʼshimcha imkoniyat yaratadi.
O'xshash yangiliklar
Oʼzbekiston turkiy davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni amaliy bosqichga oʼtkazdi
Turkiy davlatlar tashkilotining Аnqarada oʼtkazilishi rejalashtirilgan 13-sammiti arafasida tashkilot doirasidagi iqtisodiy hamkorlik yangi mazmun kasb etmoqda.
Turkiy dunyoda suv xavfsizligi: mushtarak manfaatlar va umumiy yechimlar
Suv — millat va davlat chegaralarini tan olmaydigan, xalqlarni oʼzaro bogʼlaydigan ulugʼ neʼmat. Iqlim oʼzgarishi, aholi va iqtisodiyotning oʼsishi, qurgʼoqchilik davrlarining uzayishi, muzliklarning qisqarishi, suv manbalarining ifloslanishi va suvga boʼlgan talabning ortishi mamlakatlardan bu hayotiy resursga munosabatni tubdan qayta koʼrib chiqishni talab etmoqda.
Markaziy Osiyoda siyosiy oʼzaro ishonch iqtisodiy kapitalga aylanmoqda
Markaziy Osiyoda soʼnggi yillarda roʼy berayotgan oʼzgarishlarni oddiy diplomatik yaqinlashuv deb baholash qiyin. Bu jarayon mintaqaning iqtisodiy manzarasini ham oʼzgartirmoqda.