Ozarbayjonlik mehmonlar qadimiy Buxoroni ziyorat qildilar
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqalari hamrohligida Buxoroning jahonga mashhur tarixiy obidalari – Somoniylar maqbarasi, Ark qo‘rg‘oni, Poyi Kalon va Labi Hovuz majmualari, Ko‘kaldosh madrasasini ziyorat qildilar.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqalari hamrohligida Buxoroning jahonga mashhur tarixiy obidalari – Somoniylar maqbarasi, Ark qo‘rg‘oni, Poyi Kalon va Labi Hovuz majmualari, Ko‘kaldosh madrasasini ziyorat qildilar.
Oliy martabali mehmonlarga ushbu noyob obidalarning tarixi, me’moriy xususiyatlari hamda Sharqda ilm-fan, madaniyat va shaharsozlik rivojidagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tashrif Ismoil Somoniy tomonidan barpo etilgan Somoniylar maqbarasidan boshlandi. Ushbu obida 1993-yilda YUNЕSKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Shundan so‘ng yetakchilar ko‘p asrlar davomida Buxoroning siyosiy va ma’muriy markazi bo‘lib kelgan qadimiy Ark qal’asiga tashrif buyurdilar. Arxeologik va tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, qal’a uzoq davr mobaynida shakllanib kelgan va yaqin o‘tmishdan boshlab Buxoro hukmdorlarining qarorgohi vazifasini bajargan. Bugungi kunda Ark shaharning eng mashhur obidalaridan biri va Buxoro tarixiy markazining muhim qismi hisoblanadi.
Poyi Kalon majmuasi – Markaziy Osiyoning eng salobatli me’moriy majmualaridan biri. 1127-yilda bunyod etilgan mashhur Kalon minorasi majmuaning eng e’tiborli inshooti bo‘lib, asrlar davomida nafaqat Buxoro me’morchiligi namunasi, balki shaharning haqiqiy “tashrif qog‘ozi” bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.
Ansambl tarkibiga XVI asr boshlariga oid Kalon masjidi va Mir Arab madrasasi ham kiradi. Ushbu majmua haqli ravishda Shayboniylar davridagi tarixiy Buxoroning durdonalaridan biri hisoblanadi.
Oliy martabali mehmonlarda Labi Hovuz majmuasi ham katta taassurot qoldirdi. U qadimiy hovuz atrofida qurilgan va eski Buxorodagi eng mashhur jamoat maskanlaridan biri hisoblanadi.
Bu yerda Ko‘kaldosh madrasasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqohi joylashgan. Shaharning ushbu go‘shasi asrlar davomida aholi, sayyohlar va ilm ahlini o‘ziga jalb qiluvchi maskan bo‘lib kelgan hamda o‘rta asrlardagi Buxoroning betakror muhitini bugungi kungacha saqlab qolgan.
Tashrif davomida xalq hunarmandchiligi namunalari hamda tarixiy obidalarga tushirilgan badiiy bezaklarning xususiyatlari ham namoyish etildi.
Ozarbayjonlik mehmonlarga Buxoroning Buyuk Ipak yo‘lidagi islom sivilizatsiyasining eng yirik ilm-fan, ta’lim va savdo markazlaridan biri sifatidagi ko‘p asrlik tarixi haqida so‘zlab berildi.
O'xshash yangiliklar
Oʻzbekiston – Ozarbayjon sammiti yakunlandi
Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunlandi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarining muloqoti Buxoroda davom etadi
Mamlakatimizda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqasi bilan birga Buxoro shahriga keldi.
Bahouddin Naqshband maqbarasi ziyorat qilindi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston – Ozarbayjon sammitining ikkinchi kuni tadbirlarida ishtirok etish uchun Buxoro shahriga keldi.