O‘zbekiston va Pokiston banklari xalqaro moliyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildi
O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida “O‘zsanoatqurilishbank” va Pokistonning “Sind” banki mutasaddilari o‘rtasida onlayn formatda muzokaralar tashkil etildi.
O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida “O‘zsanoatqurilishbank” va Pokistonning “Sind” banki mutasaddilari o‘rtasida onlayn formatda muzokaralar tashkil etildi.
Muloqot avvalida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda bank-moliya tizimini qo‘llab-quvvatlash va modernizatsiya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Xususan, banklarning kapitallashuv darajasini oshirish, xususiy sektor ulushini kengaytirish, raqamli bank xizmatlarini joriy etish hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Bu islohotlar O‘zbekistonda bank tizimining barqarorligini oshirish, investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotning barqaror o‘sishini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Pokiston tomoniga “O‘zsanoatqurilishbank”ning faoliyati, uning moliyaviy ko‘rsatkichlari va bozordagi o‘rni haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi. Taʼkidlanganidek, mazkur bank aktivlar hajmi va kredit portfeli bo‘yicha qariyb 11 foiz ulushga ega bo‘lgan, O‘zbekistonning yetakchi moliya institutlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, bankning xalqaro moliya bozorlarida faol ishtirok etayotgani, nufuzli xalqaro reyting agentliklaridan kredit reytinglarini olgani hamda yevroobligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirish tajribasiga ega ekani alohida qayd etildi.
O‘z navbatida, Pokiston vakillari “Sind” bankining tashkiliy tuzilmasi va asosiy faoliyat yo‘nalishlari haqida atroflicha maʼlumot berdilar. Qayd etilishicha, mazkur bank davlat ulushiga ega bo‘lib, mamlakat bo‘ylab keng qamrovli filiallar tarmog‘iga egaligi bilan ajralib turadi. Bank savdo moliyalashtirish, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash, g‘aznachilik operatsiyalari hamda korporativ banking sohalarida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Muzokaralarning asosiy mavzusi banklar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish masalasi bo‘ldi. Tomonlar Pokiston rupiyasida vakillik hisobvaraqlarini ochish imkoniyatlariga katta qiziqish bildirdi. Shu bilan birga, tegishli talablarga rioya etgan holda kelgusida moliviy operatsiyalarni O‘zbekiston so‘mi hamda boshqa xorijiy valyutalarda amalga oshirishni kengaytirish istiqbollari xususida fikr almashildi.
Ikki mamlakat moliya institutlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lgan mazkur uchrashuv yakunida tomonlar banklararo aloqalarni izchil rivojlantirish maqsadida diplomatik kanallar orqali muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
O'xshash yangiliklar
Islomobodda «Oʼzbekiston–Pokiston biznes almashinuvi – 2027» tashabbusi taqdimot qilindi
Pokiston poytaxti Islomobod shahrida oʼtkazilgan «4th SES Diplomatic Network–2026» tadbirida Oʼzbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati va «Oʼzbekiston–Pokiston biznes almashinuvi–2027» (Pakistan–Uzbekistan Business Exchange – 2027) tashabbusi taqdim etildi.
O‘zbekiston–Pokiston tadbirkor ayollari forumi tashkil etiladi
O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev ushbu davlatda xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi Gulnora Mahmudova boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik, savdo va investitsiya aloqalari yangi bosqichga olib chiqiladi
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Bosh vazirining maslahatchisi – sanoat va ishlab chiqarish vaziri Harun Axtar Xon bilan uchrashdi.