Islomobodda oliy taʼlim sohasida Oʼzbekiston-Pokiston hamkorligini yanada jadallashtirish istiqbollari belgilab olindi
Oʼzbekiston elchisi Аlisher Toʼxtaev Pokiston federal taʼlim va kasbiy tayyorgarlik boʼyicha davlat vaziri Vajiha Qamar bilan uchrashuv oʼtkazdi.
Oʼzbekiston elchisi Аlisher Toʼxtaev Pokiston federal taʼlim va kasbiy tayyorgarlik boʼyicha davlat vaziri Vajiha Qamar bilan uchrashuv oʼtkazdi.
Muloqot davomida Oʼzbekiston va Pokiston oʼrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ayniqsa oliy taʼlim tizimidagi aloqalarni mustahkamlash, professional kadrlar tayyorlash boʼyicha tajriba almashish va ikki mamlakatning oliy taʼlim muassasalari oʼrtasidagi akademik hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Davlat vaziri Vajiha Qamar Oʼzbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakatimizda taʼlim sohasini modernizatsiya qilish, xususan oliy taʼlim tizimini zamon talablari asosida takomillashtirish, ilm-fan va innovatsiyalarni qoʼllab-quvvatlash, yoshlarni zamonaviy bilim va amaliy koʼnikmalar bilan taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlarni yuksak baholadi.
«Oʼtgan yili UNESKO Bosh konferentsiyasining 43-sessiyasida ishtirok etish maqsadida Oʼzbekistonga amalga oshirgan tashrifim davomida mamlakatingizdagi keng koʼlamli oʼzgarishlarga shaxsan guvoh boʼlganman, – dedi Vajiha Qamar. – Ushbu tashrif doirasida Oʼzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Kambagʼallikni qisqartirish va bandlik vazirligi rahbariyati bilan oʼtkazilgan uchrashuvlar chogʼida mamlakatlarimiz oʼrtasida taʼlim sohasida hali toʼliq ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligiga yana bir bor ishonch hosil qildim».
Uchrashuv davomida Oʼzbekiston mehnat bozori ehtiyojlarini qondirish maqsadida pokistonlik malakali mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, Pokiston tomoni Oʼzbekiston iqtisodiyoti, ayniqsa toʼqimachilik sanoati uchun malakali kadrlar tayyorlash va ularni yetkazib berish, kasbiy taʼlim sohasida oʼzaro manfaatli asosda mutaxassislar tayyorlash tizimini yoʼlga qoʼyish boʼyicha takliflar bildirdi. Shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Islomoboddagi Zamonaviy tillar milliy universiteti oʼrtasida akademik hamkorlik oʼrnatish, xorijiy tillar boʼyicha mutaxassislar tayyorlash sohasida qoʼshma dasturlarni amalga oshirish tashabbuslari ilgari surildi.
Muzokaralar chogʼida tomonlar oʼrtasida ayni paytda muhokama qilinayotgan bir qator muhim loyihalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Jumladan, Pokistonda Toshkent tibbiyot universitetining filialini tashkil etish yoki qoʼshma taʼlim dasturlarini yoʼlga qoʼyish, Pokiston Fan va texnologiyalar milliy universitetida Oʼzbekiston kafedrasini ochish, shuningdek, Oʼzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Pokiston Federal taʼlim va kasbiy tayyorgarlik vazirligi oʼrtasida oliy taʼlim sohasida hamkorlik toʼgʼrisidagi bitim loyihasini ishlab chiqish jarayonini jadallashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida taʼlim sohasidagi hamkorlikning istiqbolli va oʼzaro manfaatli yoʼnalishlarini aniqlash, aniq amaliy loyihalarni ishlab chiqish va ularni hayotga tatbiq etish boʼyicha muzokaralarni davom ettirish maqsadida Pokiston Federal taʼlim va kasbiy tayyorgarlik boʼyicha davlat vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning Oʼzbekistonga tashrifini tashkil etish toʼgʼrisida kelishuvga erishildi.
O'xshash yangiliklar
Oʼzbekiston elchisi Pokiston TIV rahbarining oʼrinbosari bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yoʼnalishlarini muhokama qildi
Oʼzbekiston elchisi Аlisher Toʼxtaev Pokiston tashqi ishlar vazirining oʼrinbosari Bilol Haye bilan uchrashdi.
Islomobodda Oʼzbekiston sayyohlik salohiyatiga bagʼishlangan roud-shou va «Oʼzbekiston turizm mukofoti – 2026» taqdirlash marosimi oʼtkazildi
Oʼzbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Pokistonda oʼtkazilayotgan «Oʼzbekiston turizm kunlari» doirasida Islomobodda «Oʼzbekiston: tarix va kelajak uchrashgan zamin» mavzusida turistik roud-shou hamda «Oʼzbekiston turizm mukofoti – 2026» taqdirlash marosimi boʼlib oʼtdi.
Islomobod shahrida «Oʼzbekiston–Pokiston: doʼstlik va birodarlik navolari» nomli kontsert dasturi boʼlib oʼtdi
Pokiston Milliy sanʼat galereyasida Oʼzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan Islomobod shahrida oʼtkazilayotgan «Oʼzbekiston turizm kunlari» doirasida «Oʼzbekiston–Pokiston: doʼstlik va birodarlik navolari» nomli kontsert dasturi boʼlib oʼtdi.