Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlat rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi
Hurmatli Serdar Gurbanguliyevich! Hurmatli hamkasblar!
Hurmatli Serdar Gurbanguliyevich!
Hurmatli hamkasblar!
Avvalo, samimiy qabul va sammitni aʼlo darajada tashkil etgani uchun Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga chin dildan minnatdorlik bildiraman.
“Avaza” milliy sayyohlik zonasining goʻzal qiyofasi Turkmaniston jadal surʼatlar bilan rivojlanayotganini har safar yaqqol namoyish etadi.
Ashxobodning MDHda sermahsul kechgan muvaffaqiyatli raisligi alohida eʼtirofga sazovordir.
Barchangizni qutlugʻ sana – Hamdoʻstlikning 35 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Ana shu davrda mamlakatlarimizda ham, dunyoda ham koʻp narsalar oʻzgardi. Ammo eng asosiy masala boʻlgan holat oʻzgarmasdan qoldi: bizni yaqin insoniy munosabatlar, umumiy tarix va hamkorlikning ulkan salohiyati bogʻlab kelmoqda. Bugun ulardan xalqlarimizning manfaatlari yoʻlida foydalanish muhimdir.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Bugungi kunda dunyo tubdan oʻzgarmoqda. Ziddiyatlar ortib, odatiy iqtisodiy aloqalar qayta qurilmoqda.
Bunday vaziyatda ishonchni mustahkamlash, pozitsiyalarni tez-tez uygʻunlashtirib borish va kelishuvlarimizning real natija berishiga erishish ayniqsa muhimdir.
Mamlakatlarimiz tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, iqtisodiy integratsiya va ishlab chiqarish kooperatsiyasi barqarorlik hamda taraqqiyotning asosiy poydevorlaridan biri boʻlib qolmoqda.
Shu bois, biz davlatlarimizning umumiy salohiyatidan toʻliq foydalanish va savdo-investitsiya sohasidagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishni zarur deb hisoblaymiz.
Oddiy tovar ayirboshlashdan qoʻshilgan qiymatning toʻliq zanjirlarini birgalikda yaratishga bosqichma-bosqich oʻtishni maqsadga muvofiq deb bilamiz. Bu shuni anglatadiki, biz birgalikda ishlab chiqarishimiz, investitsiya kiritishimiz va mahsulotlarimizni tashqi bozorlarga olib chiqishimiz zarur.
Aynan shunday kooperatsiya eng katta natijani beradi – yangi korxonalar, yangi ish oʻrinlari va fuqarolarning daromadlari oʻsishini taʼminlaydi.
Birgalikdagi saʼy-harakatlarimizni qaratishimiz kerak boʻlgan bir qator ustuvor yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtmoqchiman.
Avvalo, Erkin savdo zonasining cheklovlarsiz toʻliq faoliyat yuritishini taʼminlash zarur.
Biz uchun texnik toʻsiqlarni bartaraf etish, muvofiqlik sertifikatlari oʻzaro tan olinishini taʼminlash va davlat xaridlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish gʻoyatda muhim.
Mamlakatlarimiz iqtisodiyotining barqarorligi va xalqlarimiz farovonligiga bevosita taʼsir qiladigan yana bir masala bu – oziq-ovqat xavfsizligidir.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari boʻyicha davlat xaridlari sohasida oʻzaro bozor ochishni kengaytirish toʻgʻrisidagi bitim, shuningdek, Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik dasturi tez fursatlarda kelishib olinishi va tasdiqlanishiga umid qilamiz.
Shuningdek, bozorlarimizdagi vaziyatni oldindan prognoz qilishni muhim deb hisoblayman. Buning uchun oziq-ovqat va oʻgʻitlar eksportiga cheklovlar kiritishdan oldin oʻzaro xabardor qilish va maslahatlashish mexanizmini joriy etishni taklif qilamiz. Bu ehtimoliy xatarlarni oldindan tushunish hamda bir mamlakatning qarori boshqa davlatlar bozorlariga kutilmaganda taʼsir koʻrsatishi bilan bogʻliq vaziyatlarning oldini olish imkonini beradi.
Navbatdagi muhim yoʻnalish sanoat sohasidagi imkoniyatlarimizni birlashtirish va oʻzaro investitsiyalarni kengaytirishni nazarda tutadi.
Toshkentda oʻtkazilgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” koʻrgazmasi va beshinchi Xalqaro investitsiya forumi biznes vakillari birgalikda ishlashga yuqori darajada qiziqayotganini yana bir bor namoyish etdi. Bu qiziqishni yangi imkoniyatlar yaratish bilan qoʻllab-quvvatlash zarur.
Maxsus iqtisodiy zonalarga alohida eʼtibor qaratishni taklif qilamiz. Bizning maqsadimiz Hamdoʻstlik davlatlarining faoliyat koʻrsatib turgan maxsus iqtisodiy zonalari va sanoat parklarini yagona tarmoqqa bogʻlashdan iborat. Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” tez fursatda kelishib olinishiga umid qilamiz.
Mamlakatlarimizning transport jihatdan bogʻliqligi masalasiga alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman.
Integratsiyalashgan logistika markazlarini tashkil etish, tranzit xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish, yuk tashish qoidalarini birxillashtirish hamda MDHda yagona transport axborot tizimini shakllantirish tarafdorimiz.
Turkman doʻstlarimizning 2029-yilni Hamdoʻstlikning transport bogʻliqligi yili deb eʼlon qilish haqidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatlaymiz.
Energetika xavfsizligi ham juda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun bizga mintaqaning energetik jihatdan bogʻliqligini yaqin oʻn yilliklarda rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatli prognoz zarur. Bu esa energiyaning mavsumiy ortiqchaligi va taqchilligi qayerda va qachon yuzaga kelishi, qaysi tarmoqlarni rivojlantirish zarurligi hamda gidroenergetika, issiqlik generatsiyasi va qayta tiklanuvchi manbalarni qanday qilib eng samarali tarzda uygʻunlashtirish mumkinligi haqida aniq tasavvur hosil qilish imkonini berishi lozim.
Ushbu vazifalarni hisobga olgan holda, biz MDH energetika sektorini innovatsion rivojlantirish dasturi hamda uni amalga oshirish boʻyicha Harakatlar rejasini ishlab chiqdik.
Barchamiz uchun umumiy boʻlgan yana bir xavf-xatar iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq.
Bu borada muvofiqlashtirilgan va amaliy qarorlar zarur. Biz kam uglerodli texnologiyalarni jadal joriy etish va yopiq sikldagi ishlab chiqarishlarni rivojlantirish tarafdorimiz.
Saʼy-harakatlarimizni birlashtirish uchun MDHning resurslardan samarali foydalanish va aylanma iqtisodiyot sohasida hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etamiz.
Hurmatli hamkasblar!
Madaniy-gumanitar aloqalar xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv va ishonchni mustahkamlashning kuchli poydevori boʻlib xizmat qiladi.
Biz Davlatlararo gumanitar hamkorlik jamgʻarmasi formatini kengaytirish orqali mazkur yoʻnalishni yanada rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyatlarni koʻrmoqdamiz.
Bugungi kunda yangi texnologiyalar taʼsirida tez oʻzgarib, zamonaviy iqtisodiyotning mustaqil hamda sezilarli qismiga aylanib borayotgan ijodiy industriyalarga alohida eʼtibor qaratishni taklif qilamiz.
Shu munosabat bilan “Madaniy siyosat va kreativ industriyalar” forumini tashkil etishni taklif etamiz.
Shu kunlarda qadimiy Xiva shahri MDH Yoshlar forumini qabul qilishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Ishonchim komil, ushbu anjuman yoshlarning oʻz ijodiy va intellektual salohiyatini toʻliq namoyon etishi uchun maydon boʻlib xizmat qiladi.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Zamonaviy xavf-xatarlar haqida soʻz ketganda, butun dunyoda koʻlami jadal oʻsib borayotgan muammo – kiberjinoyatchilik borasida alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman.
Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan firibgarlik allaqachon fuqarolar va biznesga jiddiy zarar yetkazib, mamlakatlarimiz moliya tizimlarining barqaror ishlashiga xavf tugʻdirmoqda.
Shu bois, Ichki ishlar vazirlari kengashiga qisqa muddatda transchegaraviy kiberjinoyatlar va firibgarlik sxemalariga tezkor javob berish uchun MDH Qoʻshma aloqa markazini tashkil etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqishni topshirishni taklif etamiz.
Hurmatli hamkasblar!
Kelgusi yilda Oʻzbekiston MDHga raislikni qabul qiladi.
Hamdoʻstlikni yanada mustahkamlash va fuqarolarimiz his etadigan aniq natijalarga erishish uchun yaqin hamkorlik qilishga bel bogʻlaganmiz.
Sizlarni Kengashning kelgusi yili Buxoroda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan navbatdagi majlisiga taklif etaman.
Soʻzimning yakunida Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga mehmondoʻstlik hamda sammitni yuqori darajada tashkil etgani uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman.
Bugun erishilgan kelishuvlar oʻzining amaliy tasdigʻini topadi, hamkorligimiz esa bundan buyon ham mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladi deb ishonaman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.
O'xshash yangiliklar
Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili bilan uchrashuv toʻgʻrisida
2026-yil 8-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Muzaffar Madrahimov Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Eduards Stiprays bilan uchrashdi.
Oʻmon Sultonligi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari bilan uchrashuvga oid
2026-yil 8-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Bahromjon Aʼloyev Oʻmon Sultonligi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Shayx Holid al-Maslahiy bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Iordaniya bilan o‘tkazilgan siyosiy maslahatlashuvlarning 3-davrasiga oid
2026-yil 7-oktabr kuni O‘zbekiston va Iordaniya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi 3-davrasi boshqarma boshliqlari darajasida bo‘lib o‘tdi.