2026-yilgi Prezident Olimpiadasi start oldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-oktabr kuni Olimpiya shaharchasida Prezident Olimpiadasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-oktabr kuni Olimpiya shaharchasida Prezident Olimpiadasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
Stadionda hududiy terma jamoalar, shuningdek, 2026-yilgi Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari gʻoliblari saf tortdi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida ishtirokchilarni ikkinchi bor oʻtkazilayotgan Prezident Olimpiadasi bilan tabrikladi.
Joriy yilgi bellashuvlarda 3,5 mingdan ziyod yosh sportchi olimpiya va paralimpiya yoʻnalishidagi 26 ta sport turi boʻyicha kuch sinashadi. Ularga 1,5 ming nafar murabbiy hamrohlik qilmoqda.
Prezidentimiz mamlakatimizda ommaviy sportdan professional sportgacha, iqtidorlarni saralashdan xalqaro musobaqalarga tayyorlashgacha boʻlgan yaxlit tizim yaratilganini taʼkidladi. Oʻtgan oʻn yilda oʻzbekistonlik sportchilar yirik xalqaro musobaqalarda 5 ming 518 ta, jumladan, 1 ming 675 ta oltin medalni qoʻlga kiritdi. Bu avvalgi oʻn yillikka nisbatan uch baravar koʻp. Medallarning uchdan biri sportchi qizlarimiz hissasiga toʻgʻri keladi.
Yaqinda Samarqandda oʻtkazilgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida yigitlarimiz ikkinchi bor gʻolib boʻlgani qayd etildi. Yaponiyadagi XX yozgi Osiyo oʻyinlarida esa Oʻzbekiston terma jamoasi 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida beshinchi oʻrinni egalladi.
Parasportchilarimizning matonati va mahorati ham yuqori baholandi. Ular Paraosiyo oʻyinlarida 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza — jami 145 ta medalni qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida uchinchi oʻrinni egalladi.
Davlatimiz rahbari sportchilar, ularning ustoz va murabbiylari hamda farzandlarining orzusini qoʻllab-quvvatlab kelayotgan ota-onalarga minnatdorlik bildirdi.
Oʻzbekiston yirik xalqaro musobaqalar oʻtkaziladigan sport markaziga aylanib borayotgani taʼkidlandi. Soʻnggi toʻrt yilda mamlakatimizda jahon va Osiyo miqyosidagi 20 ga yaqin musobaqa tashkil etildi. Kelgusi yil sentabr-oktabr oylarida Oʻzbekiston Ozarbayjon bilan birgalikda 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionatiga ilk bor mezbonlik qiladi.
Prezidentimiz yosh sportchilarga murojaat qilib, yuksak natijaga kuchli iroda, intizom va tinimsiz mehnat bilan erishilishini qayd etdi.
– Oʻzingga ishon! Oʻz ustingda ishla! Oʻz yurtingga munosib boʻl! Bu soʻzlar har biringizning hayotiy shioringizga aylansin, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezident Olimpiadasi ishtirokchilari uchun yangi imkoniyat va ragʻbatlar eʼlon qilindi. Kelasi yildan gʻolib va sovrindorlarning pul mukofotlari 2,5 baravar oshiriladi: birinchi oʻrin uchun 25 million soʻm, ikkinchi oʻrin uchun 12 million soʻm, uchinchi oʻrin uchun 6 million soʻm beriladi.
Musobaqada gʻolib boʻlib, Oʻzbekiston rekordini yangilagan maktab bitiruvchilari oliy taʼlim muassasalarining sport yoʻnalishlariga imtihonsiz, davlat granti asosida qabul qilinadi. Kelgusida sport turlari 35 taga yetkazilib, unda 14 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan oʻquvchilar qatnashadi.
Har yili Olimpiada gʻoliblaridan 50 nafari xorijdagi xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinlariga yuboriladi. Kelasi yildan gʻoliblarga bir yillik stipendiya tayinlanadi. Oʻz yoʻnalishida eng yaxshi natijaga erishgan sport maktablari zarur jihozlar bilan taʼminlanadi.
Shuningdek, poytaxtdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyi Olimpiya shaharchasiga koʻchirilishi maʼlum qilindi. Bu yosh sportchilarga chempionlarimiz tarixi va yutuqlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Prezidentimiz yoshlarni ochilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga, halol bellashishga, ota-ona va ustozlarini qadrlashga daʼvat etdi.
– Musobaqa maydonida munosib raqib, hayotda esa yaxshi doʻst boʻling, – dedi davlatimiz rahbari.
Shundan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yilgi Prezident Olimpiadasini ochiq deb eʼlon qildi. Davlat madhiyasi yangradi.
Marosim konsert dasturi bilan davom etdi. Tadbir yakunida Prezident Olimpiadasining mashʼalasi yoqildi.
O'xshash yangiliklar
Tibbiyotda yangi standartlar joriy etiladi, shifokorlarni qoʻllab-quvvatlash kuchaytiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Koʻksaroy qarorgohida tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Tibbiyotda infratuzilmani rivojlantirish va sohada xususiy sektor ishtirokini kengaytirish choralari ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiy infratuzilmani yagona master-reja asosida rivojlantirish hamda sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Prezidentimiz Ibn Sinoning bolaligi haqidagi film suratga olinayotgan maydonni koʻzdan kechirdi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Abu Ali ibn Sinoning bolaligiga bagʻishlangan “Husayn” tarixiy-badiiy filmining suratga olish maydoni bilan tanishdi.