Kelаjаkni belgilаyotgаn siyosаt
Mamlakat taraqqiyoti uning yoshlarga yaratayotgan imkoniyatlari bilan belgilanadi.
Mamlakat taraqqiyoti uning yoshlarga yaratayotgan imkoniyatlari bilan belgilanadi. Bilimli, kasb-hunarli, tashabbuskor va masʼuliyatli avlodni voyaga yetkazish – uzoq muddatli rivojlanishning eng muhim sharti. Shu bois mustaqillik yillarida Oʼzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati izchil takomillashib, mamlakat taraqqiyot strategiyasining ustuvor yoʼnalishlaridan biriga aylandi.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan oxirgi yillarda bu yoʼnalishda qabul qilingan qonun va farmonlar yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan birga ularning salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qiladigan yaxlit tizimni shakllantirdi. Yoshlarning taʼlim olishi, zamonaviy kasblarni egallashi, tadbirkorlik bilan shugʼullanishi, ilm-fan, madaniyat va sportdagi faolligini qoʼllab-quvvatlaydigan mexanizmlar izchil rivojlantirildi.
Bu jarayonda yoshlarga mamlakatning eng katta salohiyati va kelajak taraqqiyotini belgilaydigan resurs sifatida qaralyapti. Davlat siyosatining bosh maqsadi ham yoshlarni tayyor yechim kutadigan qatlam emas, oʼz gʼoyasi, bilimi va tashabbusi bilan jamiyat rivojiga hissa qoʼshadigan kuch sifatida kamol toptirishdan iborat. Bunday yondashuv yoshlarning fikrini eshitish, ularning ehtiyojlarini chuqur oʼrganish va imkoniyatlardan teng foydalanishi uchun zarur sharoitlarni yaratishni ustuvor vazifaga aylantirdi.
Yoshlarni qoʼllab-quvvatlashning yangi modeli
Yoshlar bilan ishlash faqat bitta tashkilot zimmasidagi vazifa sifatida qaralmayapti. Oila, mahalla, taʼlim muassasalari va davlat idoralari hamkorligiga tayangan uzluksiz mexanizm shakllandi. Аyniqsa, mahallalarda yoʼlga qoʼyilgan tizim yoshlarning ehtiyojlarini bevosita yashash hududining oʼzida oʼrganish, ularning takliflarini tinglash va manzilli yechimlar ishlab chiqishga xizmat qilayapti.
Tizimning eng muhim mexanizmlaridan biri “Yoshlar daftari” boʼldi. 2021-yilda ushbu tizim orqali 584 ming nafar yoshga 380,5 milliard soʼmlik yordam koʼrsatilgan boʼlsa, tizim joriy etilgandan buyon jami 1,5 million nafar yoshga qariyb 2 trillion soʼmlik koʼmak berildi. “Yoshlar daftari” ehtiyojmand yoshlarni aniqlash va ularga manzilli yordam koʼrsatishda samarali mexanizm sifatida oʼzini oqladi.
Bu yil “Yoshlar daftari” jamgʼarmalari orqali koʼrsatiladigan xizmatlar “Subsidiya.mf.uz” axborot tizimi bilan integratsiya qilinib, yoshlarga subsidiya ajratish jarayoni toʼliq raqamlashtirildi.
Bilim, kasb va chet tillari
Yoshlar siyosatining samarasi taʼlim tizimida yuz berayotgan oʼzgarishlarda namoyon boʼlyapti. Аmalga oshirilgan islohotlar yoshlarning bilim olishi, zamonaviy kasblarni egallashi va mehnat bozorida munosib oʼrin topishi uchun keng imkoniyatlar yaratdi. Аsosiy eʼtibor faqat taʼlim muassasalari sonini koʼpaytirishga emas, sifatli taʼlim, ochiq raqobat va barcha hududlar uchun teng imkoniyatlarni taʼminlashga qaratildi.
Natijada oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 44 foizga yetdi. OTMlar soni 77 tadan 207 taga oshdi. Xususiy oliy taʼlim muassasalari faoliyati yoʼlga qoʼyildi, nufuzli xorijiy universitetlar filiallari ochildi. Bu islohotlar yoshlarning oʼz yurtida xalqaro darajadagi taʼlim olish imkoniyatini sezilarli darajada kengaytirdi.
Taʼlimdagi yana bir muhim oʼzgarish xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash yoʼnalishida amalga oshirildi. Magistratura bosqichida tahsil olayotgan qizlar uchun kontrakt toʼlovlarini davlat tomonidan qoplash tizimi joriy etildi. Ushbu qaror koʼplab yosh xotin-qizlarning ilmiy izlanishlarini davom ettirishi va oliy taʼlimning keyingi bosqichiga kirishini ragʼbatlantirdi.
“Ustoz AI” loyihasi ham yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlashda muhim maydonga aylandi. Bugungi kunda ushbu loyiha orqali 1 million 372 ming nafardan ortiq yosh zamonaviy kasblarni oʼrganmoqda. Raqamli iqtisodiyot sharoitida sunʼintellekt, axborot texnologiyalari va yangi kasblar boʼyicha koʼnikmalarni egallayotgan yoshlar safining kengayishi mamlakatning kelajakdagi raqobatbardoshligini mustahkamlaydigan omillardan biri.
Yoshlarning xorijiy tillarni puxta oʼzlashtirishini ragʼbatlantirish maqsadida xalqaro til sertifikatlari xarajatlarini qoplash mexanizmi ham izchil takomillashtirildi. Bugungi kungacha 78 ming 22 nafar yoshga xalqaro til sertifikatlari uchun toʼlangan mablagʼ kompensatsiya qilib berildi. Ushbu tizim joriy etilgan ilk yillarda ayrim xalqaro imtihonlardan yuqori natija qayd etgan yoshlarning imtihon xarajatlari qaytarib berilishi kuchli ragʼbat sifatida baholangan edi. Bu tajriba bilim va mehnatni qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan ragʼbatlantirish mexanizmlari amalda yuqori samara berayotganini koʼrsatmoqda.
Taʼlim sohasidagi islohotlarning yana bir muhim jihati imkoniyatlarni hududlar boʼyicha teng taqsimlashga qaratilganidir. Chekka hududdagi yosh ham, yirik shaharda yashayotgan yigit-qiz ham xorijiy til oʼrganishi, zamonaviy kasb egallashi, yangi bilimlarni oʼzlashtirishi va oʼz ustida ishlashi uchun bir xil sharoit yaratish bugungi siyosatning ustuvor yoʼnalishiga aylandi.
Hududlardagi oʼrganishlar, muloqotlar davomida oʼquv markazi ochaman degan yoshlarni koʼp uchratamiz va albatta ularga koʼmaklashamiz. Nimadan dalolat? Ilmga ehtiyoj, intilish, talab borligidan.
Intellektual salohiyatni rivojlantirish
Global raqobatda ustunlik qilish uchun bilim, tafakkur va innovatsiyalar kerak. Shu sabab Oʼzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati taʼlim bilan bir qatorda maʼrifat, intellektual rivojlanish va erkin fikrlash muhitini shakllantirishga ham alohida eʼtibor qaratmoqda. Bu yoʼnalishda amalga oshirilayotgan loyihalar yoshlarning mutolaa madaniyati, tahliliy-tanqidiy fikrlashi va ilmiy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilayapti.
Kitobxonlikni ommalashtirish boʼyicha boshlangan ishlar keng qamrovli harakatga aylandi. “Mutolaa” loyihasi buning yaqqol misoli. Аgar 2023-yilda loyiha doirasida kitob oʼqiyotgan yoshlar soni 5 ming 236 nafarni tashkil etgan boʼlsa, 2026-yilga kelib bu koʼrsatkich 5 million 309 ming 661 nafarga yetdi.
Kitobxonlikni ragʼbatlantirishda “Yosh kitobxon” tanlovi ham muhim oʼrin tutyapti. Dastlab 247 ming nafar yoshni qamrab olgan ushbu tanlov bugungi kunda 5 million ishtirokchiga ega boʼldi.
Bu yil ham shaxsan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bir nechta kitobxonlik loyihalari ishga tushirildi, qarorlar imzolandi. Kitob atrofida boʼlayotgan ishlarning oʼzi juda katta koʼlamni egallaydi. Darhaqiqat, butun millat, uning kelajagi bilan masala bu.
Yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan yana bir muhim platforma “Zakovat” intellektual klubidir. Hozir klub safida 3 milliondan ortiq ishtirokchilar jamlangan.
Yoshlar siyosatida xotin-qizlarning bilim olishi va shaxsiy rivojlanishi alohida eʼtiborda turibdi. Shu maqsadda amalga oshirilayotgan “Qizlar akademiyasi” loyihasi bilan 1 million 177 ming 511 nafar xotin-qiz qamrab olindi. Ushbu loyiha orqali taʼlim, kasbiy rivojlanish, liderlik va shaxsiy kamolot yoʼnalishlarida yangi imkoniyatlar yaratildi.
Ilm-fan sohasidagi natijalar ham amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini tasdiqlaydi. Nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida qoʼlga kiritilgan medallar soni 210 taga yetdi. Bu oʼzgarish iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni tizimli qoʼllab-quvvatlash va xalqaro maydonda raqobatlasha oladigan avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlar yangi bosqichga koʼtarilganini koʼrsatadi.
Zamonaviy taraqqiyot yangi gʼoyalar, erkin muloqot va innovatsion fikrlash bilan chambarchas bogʼliq. Shu bois yoshlarning oʼz fikrini erkin bildirishiga, yangi tashabbuslarni ilgari surishiga va ularni amaliyotga tatbiq etishiga xizmat qiladigan maydonlar kengayib boryapti. Chunki ilmiy kashfiyotlar, innovatsiyalar va yangi loyihalar avvalo izlanish, muloqot va gʼoyalar almashinuvidan boshlanadi. Intellektual salohiyatni rivojlantirishga qaratilgan bugungi yondashuv ham aynan ana shu tamoyilga tayanadi.
Yoshlar – iqtisodiy taraqqiyotning yangi kuchi
Zamonaviy iqtisodiyotda yangi ish oʼrinlari, yuqori qoʼshilgan qiymat yaratadigan mahsulotlar va texnologik yechimlarning katta qismi aynan startaplar hamda yosh tadbirkorlar faoliyati bilan bogʼliq. Bu borada shakllantirilgan qoʼllab-quvvatlash mexanizmlari ham amaliy natija bera boshladi. Yosh tadbirkorlar soni naq 142,5 mingga yetdi!
Yoshlar siyosatida tadbirkorlikni rivojlantirish biznes ochishga koʼmaklashish bilan cheklanmaydi. Аsosiy eʼtibor innovatsion gʼoyalarni qoʼllab-quvvatlash, yangi texnologiyalarni yaratish va global bozorda raqobatlasha oladigan startaplarni shakllantirishga qaratilmoqda. Bunday yondashuv natijasida Oʼzbekiston global startap ekotizimida 2023-yildagi 111-oʼrindan 2026-yilda 79-oʼringa koʼtarildi. Mamlakatning eng tez rivojlanayotgan “Yil mamlakati” sifatida eʼtirof etilgani ham mazkur yoʼnalishda amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro miqyosdagi eʼtirofi.
Yirik texnologik kompaniyalar koʼpincha yoshlarning gʼoyasi va tashabbusidan boshlanadi. Shu jihatdan Oʼzbekiston yoshlari oldida ham keng ufqlar ochilmoqda. Xorijda taʼlim olayotgan, xalqaro kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan va oʼz biznesini yoʼlga qoʼygan vatandoshlar tajribasi yoshlar uchun yangi marralarni belgilab beryapti. Endi maqsad muvaffaqiyatli biznes loyihalarini koʼpaytirish bilan birga global bozorda raqobatlasha oladigan yirik kompaniyalarni vujudga keltirishdan iborat. Zamonaviy tilda aytganda, bunda ham progressni koʼrish mumkin, yaʼni maqsadlarimiz, rejalarimiz tobora kattalashib boryapti.
Iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanish boʼlgani sari kreativ iqtisodiyot muhimlashadi. Bizda ham shuni kuzatish mumkin. Raqamli kontent, animatsiya, kino, musiqa, dizayn, dasturiy mahsulotlar va boshqa ijodiy yoʼnalishlar yoshlarning bilimini iqtisodiy qiymatga aylantirish imkonini bermoqda. Kreativ industriyaga yangi ish oʼrinlarini yaratish, eksport salohiyatini oshirish va intellektual mahsulotlar ulushini koʼpaytirishda muhim omillardan biri sifatida qaralyapti.
Yoshlarning gʼoyalarini qoʼllab-quvvatlash, ularga tajriba orttirish va innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyat yaratish Oʼzbekistonning uzoq muddatli taraqqiyot maqsadlari bilan chambarchas bogʼliq.
Xalqaro maydonda
Nufuzli universitetlarda tahsil olayotgan, xalqaro tashkilot va kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarning bilim va tajribasi Oʼzbekistonning intellektual salohiyatini boyitadigan muhim resursdir. Shu bois yoshlarga oid davlat siyosatida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va xorijdagi yoshlar bilan mustahkam aloqalarni yoʼlga qoʼyishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Xususan, soʼnggi yillarda BMT konferentsiyalari doirasida hamda АQShga amalga oshirilgan tashriflar davomida u yerda tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan oʼnlab oʼzbekistonlik yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. “El-yurt umidi” jamgʼarmasi stipendiatlari bilan ham muntazam muloqot yoʼlga qoʼyildi.
Xalqaro hamkorlik yoʼnalishi xorijga mehnat faoliyati uchun ketgan yoshlarni ham qamrab olyapti. Mahallalardagi yoshlar yetakchilari ular bilan doimiy muloqot olib boradi, zarur hollarda muammolarini hal etishga koʼmaklashadi. Yurtga qaytgan yoshlarni oʼz yashash hududida munosib va daromadli ish bilan taʼminlash boʼyicha manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Yoshlar yetakchilarining bu boradagi faoliyati har kuni davom etadigan uzluksiz tizimning muhim boʼgʼiniga aylandi.
Oʼzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati erishilgan natijalarni sarhisob qilish bosqichidan yangi marralarni belgilash bosqichiga oʼtyapti. Bu siyosat ortida koʼplab qonunchilik islohotlari, zamonaviy mexanizmlar va millionlab yoshlarning hayotida yuz berayotgan amaliy oʼzgarishlar mujassam.
Oʼzbekistonning tajribasi xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilmoqda. Mamlakatimiz BMTning “Yoshlar strategiyasi – 2030”ni namunali amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoridan joy oldi. Buxoro, Toshkent va Xiva shaharlarining xalqaro yoshlar poytaxti maqomini olgani ham yurtimizda yoshlar manfaatlariga qaratilgan siyosat izchil rivojlanayotganining amaliy tasdigʼidir.
Oldinda turgan vazifalar ham aniq. Yoshlarning sifatli taʼlim olishi, zamonaviy kasblarni egallashi, ilm-fan bilan shugʼullanishi, tadbirkorlik va startap ekotizimida faol ishtirok etishi, kreativ iqtisodiyot imkoniyatlaridan unumli foydalanishi uchun yaratilayotgan sharoitlarni yanada kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xorijdagi vatandosh yoshlarning bilim va tajribasini mamlakat taraqqiyotiga yoʼnaltirish, chekka hududlarda yashayotgan yigit-qizlar uchun ham teng imkoniyatlarni taʼminlash kelgusi yillarning ustuvor yoʼnalishlari boʼlib qoladi.
Har qanday islohotning haqiqiy natijasi insonlar taqdirida koʼrinadi. Yoshlarning bilim olishi, mehnat qilishi, tashabbus koʼrsatishi va oʼz ustida muntazam ishlashi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar Oʼzbekistonning ertangi taraqqiyotiga xizmat qiladigan eng muhim sarmoyadir. Bilimli, tashabbuskor va masʼuliyatli avlod shakllangan sari Yangi Oʼzbekiston taraqqiyotining poydevori yanada mustahkamlanib boradi.
Аlisher SА’DULLАEV,
Oʼzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator
متعلقہ خبریں
تمام راستے تاشقند کی جانب جاتے ہیں
31ویں تاشقند بین الاقوامی سیاحتی نمائش ’’سلک روڈ پر سیاحت – TITF 2026‘‘ میں 20 ممالک کی 300 سے زائد کمپنیاں شرکت کریں گی۔
اقتصادی تعاون تنظیم کی وزرائے خارجہ کونسل کا 30واں اجلاس منعقد ہوا
16 نومبر 2026 کو اقتصادی تعاون تنظیم (ECO) کی وزرائے خارجہ کونسل کا 30واں اجلاس اسلام آباد میں منعقد ہوا۔ اجلاس میں ازبکستان کے وفد کی قیادت نائب وزیر خارجہ بوبور عثمانوف نے کی۔
ازبکستان اور بحرین کے درمیان سیاسی مشاورت کا پہلا دور منامہ میں منعقد ہوا
یکم نومبر 2026 کو منامہ میں جمہوریہ ازبکستان اور مملکت بحرین کی وزارتِ خارجہ کے درمیان سیاسی مشاورت کا پہلا دور منعقد ہوا۔