Oʼzbekiston Prezidentining Serbiyaga tashrifi: Markaziy Osiyo va Bolqon oʼrtasidagi iqtisodiy sheriklikning yangi bosqichi
Iqtisodiyotdagi bugungi globalashuv, jahonda yuz berayotgan geosiyosiy va geoiqtisodiy vaziyat hozirgi kunda davlatlar oʼrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni nafaqat geografik yaqinlik, balki oʼzaro manfaatlar uygʼunligi asosida rivojlantirmoqda.
Iqtisodiyotdagi bugungi globalashuv, jahonda yuz berayotgan geosiyosiy va geoiqtisodiy vaziyat hozirgi kunda davlatlar oʼrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni nafaqat geografik yaqinlik, balki oʼzaro manfaatlar uygʼunligi asosida rivojlantirmoqda.
Hozirgi kunda Oʼzbekistonning mustaqil va muvozanatli tashqi siyosat olib borayotganligi oʼz navbatida mamlakatimiz bilan hamkor davlatlar sonining yildan-yilga ortib borishiga taʼsir koʼrsatmoqda. Koʼp qirrali tashqi siyosat eng avvalo yaqin qoʼshnilarimiz bilan oʼzaro hamkorlikni saqlagan holda dunyoning turli mintaqalaridagi davlatlar bilan har tomonlama manfaatli aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Xususan, Oʼzbekistonning Bolqon mintaqasi davlatlari bilan aloqalari soʼnggi yillarda turli sohalarda rivojlanib borayapti. Bu borada Serbiya bilan hamkorlikni alohida taʼkidlab oʼtish joiz.
Oʼzbekiston va Serbiya oʼrtasidagi diplomatik munosabatlar 1995 yil 18-yanvarda oʼrnatilgan. Oʼshandan buyon ikki davlat oʼrtasidagi hamkorlik turli darajalarda barqaror rivojlanib bormoqda. Аyrim yillarda ikki davlat oʼrtasidagi oʼzaro hamkorlikning rivojlanish dinamikasi nisbatan past boʼlgan esada, soʼnggi yillarda Oʼzbekistonning tobora faollashib borayotgan tashqi siyosati va xalqaro aloqalarni diversifikatsiya qilish borasidagi islohotlari Oʼzbekiston-Serbiya munosabatlarini sezilarli darajada mustahkamladi.
Soʼnggi 3-4 yil ichida rasmiy Toshkent va Belgrad oʼrtasidagi oʼzaro manfaatli hamkorlik, siyosiy-iqtisodiy sohadagi muloqatlar sifat jihatidan yangi darajaga koʼtarilmoqda. Natijada davlat rahbarlarining oʼzaro muloqotlari ikki tomonlama munosabatlarda muhim qadamlarga aylandi. Jumladan, 2023 yil 20-avgustda Budapeshtda boʼlib oʼtgan Yengil atletika boʼyicha jahon chempionati doirasida Oʼzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoev va Serbiya Prezidenti А.Vuchich oʼrtasida oʼtkazilgan uchrashuv ikki mamlakat oʼrtasidagi oʼzaro hamkorlikning rivojlanishiga turtki berdi. Bu ikki davlat rahbarlari oʼrtasidagi navbatdagi uchrashuv 2025 yil 3-sentyabrь kuni Pekinda boʼlib oʼtdi. Ushbu uchrashuvlar tomonlarning oʼzaro hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan, savdo, investitsiya, sanoat, mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xoʼjaligi, axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt, turizm, taʼlim, transport va davlatlararo muloqotni faollashtirishdan manfaatdor ekanligini yana bir bor tasdiqladi.
Oʼzbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari, birinchi navbatda xalqaro huquq va BMT Xartiyasiga rioya qilish, davlat suvereniteti va chegaralarining daxlsizligi, doʼstlik va manfaatli hamkorlik, ichki ishlarga aralashmaslik, xalqaro nizolarni tinch yoʼllar bilan hal etish va shunga oʼxshash yoʼnalishlarni tashkil etadi. Shu nuqtayi nazardan, ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari oʼrtasida ham oʼzaro teng huquqli maslahatlashuvlar, oʼzaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2017 yil avgust oyida Serbiya TIV siyosiy direktori va Prezidentning Kosovo boʼyicha maxsus vakili Z.Vuyich Toshkentga tashrif buyurdi. Tashrif mobaynida Z.Vuyich ishtirokida BMT, YeXHT va YuNESKO kabi xalqaro tashkilotlar bilan siyosiy muloqot va hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
2021 yilda Toshkentda Serbiya TIV davlat kotibi N.Starovich ishtirokida siyosiy maslahatlashuvlar boʼlib oʼtdi. 2025 yil 9 oktyabr kuni Oʼzbekiston va Serbiya Tashqi ishlar vazirliklari oʼrtasida videokonferentsiya shaklida siyosiy maslahatlashuvlarning ikkinchi davrasi tashkil etildi.
2022 yilda ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari oʼrtasida Hamkorlik va idoralararo maslahatlashuvlar toʼgʼrisidagi protokolning imzolanishi Oʼzbekiston-Serbiya munosabatlarida yangi davrni boshlab berdi. Mazkur hujjat ikki davlat oʼrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida tomonlarning muntazam maslahatlashuvlar oʼtkazish, madaniy va gumanitar muloqotni kengaytirish va siyosiy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi strategik rejalariga huquqiy asos boʼldi.
2025 yil sentyabr oyida АQShning Nьyu-York shahrida BMT Bosh Аssambleyasi doirasida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi boʼlib oʼtdi. Ushbu muloqotlar Toshkent va Belgrad oʼrtasidagi turli darajadagi muloqotlarning yangi arxitekturasini shakllantirishda muhim bosqich boʼlib xizmat qildi. Olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida 2025 yilda Oʼzbekistonning Serbiyadagi birinchi elchisi tayinlandi. Bu ikki tomonlama munosabatlarning yanada rivojlanishida muhim qadamga aylandi.
Oʼzbekiston va Serbiya oʼrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik hozirda kamtarona koʼrsatkichlarga ega boʼlsada, biroq, bu sohada katta istiqbollar mavjud ekanligini alohida taʼkidlash lozim. Chunki, aynan Oʼzbekiston Serbiya orqali Bolqon mintaqasidagi boshqa davlatlar, xususan, Xorvatiya, Аlbaniya, Shimoliy Makedoniya, Chernogoriya hamda Sloveniya kabi davlatlar bilan ham aloqalarni kengaytirib borish salohiyatiga ega.
Kelgusida Oʼzbekistonning Bolqon mintaqasidagi davlatlar bilan tovar ayirboshlashini koʼpaytirish, mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xoʼjaligi, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, agrosanoat majmui, turizm hamda koʼplab boshqa muhim tarmoqlarda keng koʼlamli kooperatsiya dasturlarini tayyorlash borasida bir qancha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
Soʼnggi yillarda dunyoda yuz berayotgan geosiyosiy hamda geoiqtisodiy beqaror vaziyat Oʼzbekistonda ham xalqaro transport yoʼlaklarini yanada rivojlantirishga sabab boʼlmoqda. Chunki Markaziy Osiyoning barcha davlatlariga toʼgʼridan-toʼgʼri chiqish imkoniyatiga ega Oʼzbekiston Xitoy, Hindiston, Yevropa va boshqa davlatlar oʼrtasidagi aloqalarni kengaytirish uchun qulay geografik yerda joylashgan davlat sifatida eʼtirof etiladi. Mamlakatimiz shu imkoniyatlardan foydalanish maqsadida “Markaziy Osiyo – Bolqon” yoʼnalishida yangi transport yoʼlaklarini ochishga harakat qilmoqda. Chunki, Oʼzbekiston uchun Transkaspiy yoʼlagi doirasida Bolqon davlatlari bilan har tomonlama savdo-iqtisodiy rivojlantirish strategik ahamiyatga ega.
Hozirgi paytda Oʼzbekistonda Serbiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni oʼnga yaqin boʼlib, shundan ikkitasi qoʼshma korxona va qolganlari yakka tartibdagi tadbirkorlik subʼektlari sifatida faoliyat olib bormoqda. Ikki davlat oʼrtasidagi oʼzaro tovar aylanmasi yiliga 12 mln. АQSh dollari atrofida boʼlishiga qaramay, iqtisodiy, investitsiyaviy hamda savdoni rivojlantirish boʼyicha juda katta iqtisodiy salohiyat mavjud.
Аgar ikki mamlakat oʼrtasida 2023-2026 yillardagi rasmiy muzokaralar va biznes-forumda qayd etilgan ustuvor yoʼnalishlar, kelishuvlar hamda tuzilgan shartnomalar mohiyatiga qaraydigan boʼlsak, Oʼzbekiston uchun asosan sanoat uskunalari, mashina va mexanizmlarni Serbiyadan import qilish muhim hisoblanadi. Xususan, Oʼzbekistonga Serbiya texnologiyalarini olib kirish, qoʼshma korxonalarni tashkil etish, mamlakatda avtomobilsozlik uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼyish, ayrim ishlab chiqaruvchi sohalarni mahalliylashtirish hamda Oʼzbekistonni nafaqat Markaziy Osiyo bozori, balki Yevropa bozorlari uchun ishlab chiqarish bazasiga aylantirish muhim hisoblanadi.
Serbiya uchun Oʼzbekistondagi qishloq xoʼjaligi, oziq-ovqat sanoati, oziq-ovqatni qayta ishlash uskunalari, raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, farmatsevtika, toʼqimachilik va avtomobilsozlik sohalariga investitsiya loyihalari, xususan, Yevropa texnologiyalarini Oʼzbekistonga olib kirish, nou-xau va Yevropa tajribasini soha va tarmoqlarga joriy etish, hududlarni rivojlantirish muhim hisoblanadi. Bu esa ikki davlat oʼrtasida sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish, jumladan, hamkorlikda yengil sanoat, toʼqimachilik, farmatsevtika, avtomobilsozlik hamda qishloq xoʼjaligini rivojlantirish borasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi.
Xulosa sifatida shuni taʼkidlashimiz mumkinki, ikki davlat oʼrtasidagi siyosiy kelishuvlar muhim boʼlsa-da, ularni real iqtisodiy natijaga aylantiradigan birinchi muhim omil - transport yoʼlaklarini ishga tushirish boʼlsa, ikkinchi muhim omil - biznesga keng yoʼl ochish. Ulardan samarali foydalanish uchun quyidagilarni amalga oshirish lozim:
Birinchidan, ikki davlat oʼrtasida transport yoʼlagi shunchaki “yuk tashish yoʼli” emas, balki Oʼzbekistonning Bolqon orqali Yevropa global qiymat zanjirlariga kirish imkoniyatiga aylanishi darkor.
Ikkinchidan, oʼzaro savdo hajmini oshirish bilan birga savdo sifatiga ham jiddiy eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq. Chunki, xomashyo, yarim tayyor mahsulotlar yoki oddiy mahsulotlar eksportidan koʼra yuqori qoʼshilgan qiymatga ega tovarlar eksportiga eʼtibor qaratish lozim.
Uchinchidan, ikki davlat oʼrtasida investitsiyalarni ragʼbatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqarish zarur. Chunki, Serbiya kapitali va texnologiyalarini Oʼzbekiston iqtisodiyotiga jalb qilish, shu bilan birga, Oʼzbekiston biznesining Bolqon bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish ikki davlat iqtisodiyoti uchun katta samara keltiradi.
Toʼrtinchidan, ikki davlat oʼrtasida sanoat kooperatsiyasini yoʼlga qoʼygan holda hamkorlikda ishlab chiqarishni joriy etish zarur. Bunda mahsulotni bir mamlakatda ishlab chiqarib, ikkinchi mamlakat bozoriga eksport qilishdan koʼra, ikki davlat resurslari va imkoniyatlarini birlashtirgan holda uchinchi mamlakat bozoriga chiqish iqtisodiy jihatdan muhimroq hisoblanadi.
Beshinchidan, ikki davlat oʼrtasida transport-logistika integratsiyasini yoʼlga qoʼyish lozim. Bu integratsiya kelgusida transport xarajatlarini qisqartirish bilan birga yangi tranzit yoʼnalishlarini rivojlantirishga olib keladi. Natijada savdo imkoniyatlari kengayadi.
Oltinchidan, inson kapitalini rivojlantirish va texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish jarayonini yanada faollashtirish zarur. Bunda iqtisodiy hamkorlik faqat tovarlar almashinuvi emas, balki mutaxassislar, olimlar, muhandislar va tadbirkorlar oʼrtasidagi aloqalarning ham yanada mustahkamlanishiga olib keladi.
Xulosa qilib aytganda, Oʼzbekiston va Serbiya oʼrtasida yangi iqtisodiy koʼprik oʼz navbatida Markaziy Osiyo va Bolqon mintaqasidagi davlatlar uchun ham iqtisodiy oʼsishning muhim tayanch nuqtasi boʼlib xizmat qiladi. Natijada Oʼzbekistonda xalaqaro transport yoʼlaklarini rivojlantirish imkoni paydo boʼladi, transport-logistika jarayonlari samaradorligi oshadi, yuklarni yetkazib berish muddati ikki-uch barobar qisqaradi, quruqlik portini yaratish va xalqaro savdo va tranzit salohiyatini oshirishga erishiladi.
Nodirbek Rasulov,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor,
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari
متعلقہ خبریں
تاشقند اور کراچی کے درمیان براہِ راست فضائی پروازیں شروع کر دی گئیں
3 ستمبر سے Centrum Air ایئرلائن کے ذریعے تاشقند اور کراچی کے درمیان براہِ راست فضائی پروازیں شروع کر دی گئی ہیں۔
قراقل پاکستا ن اور خورزم کی سیاحت کے امکانات پر تبادلہ خیال کیا گیا۔
25 اگست 2026 کو جمہوریہ ازبکستان کی وزارت خارجہ نے ایک گول میز کی میزبانی کی جس کی صدارت نائب وزیر خارجہ میروخید عظیموف نے کی اور اس میں اسکالرز، مورخین اور سیاحت کے ماہرین نے شرکت کی۔
ہندوستان کے سفیر سے ملاقات
25 اگست کو، جمہوریہ ازبیکستان کے خارجہ امور کے پہلے نائب وزیر بخرم جون الوئیف نے ازبکستان میں جمہوریہ ہند کی سفیر غیر معمولی اور مکمل پوٹینشری سمیتا پنت سے ملاقات کی۔