Инсон ҳуқуқлари ҳимоясида янги босқич
Sud-huquq tizimining samaradorligi, avvalo, inson o‘z huquqini sud orqali qanchalik tez, qulay va ishonchli himoya qila olishi bilan belgilanadi.
Sud-huquq tizimining samaradorligi, avvalo, inson o‘z huquqini sud orqali qanchalik tez, qulay va ishonchli himoya qila olishi bilan belgilanadi. O‘zbekistonda qabul qilingan “Odil sudlov – 2030” strategiyasi sudni fuqaroga yaqinlashtirish, sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish sifatini oshirish va raqamli xizmatlarni kengaytirish orqali ana shu maqsadga erishishni ko‘zlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-avgustdagi PF–160-son Farmoni bilan tasdiqlangan strategiya sud tizimini rivojlantirishning 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Hujjatda islohotlar “xalqchil sud”, “adolat qo‘rg‘oni”, “kafolatlangan adolat”, “adolat posbonlari”, “raqamli odil sudlov” va “xalqaro e’tirof” kabi olti ustun asosida olib borilishi nazarda tutilgan. Bu yo‘nalishlarning barchasini birlashtiradigan asosiy tamoyil — sud faoliyatida inson, uning huquq va qonuniy manfaatlari markazda turishidir.
Xalqchil sud, eng avvalo, odil sudlovdan foydalanish imkoniyati hamma uchun birdek bo‘lishini anglatadi. Sud binosining mavjudligi o‘z-o‘zidan yetarli emas: fuqaro u yerga ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflamasdan yetib borishi, murojaat qilish tartibini tushunishi va ishining mazmunan ko‘rib chiqilishiga erishishi lozim. Shu sababli strategiyada 2027–2030-yillarda barcha hududlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarini bosqichma-bosqich tashkil etish belgilangan. Bunda aholi soni, sudlarga kelib tushayotgan ishlar miqdori, sudyalar ish yuklamasi, hududiy sharoit va odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlari hisobga olinadi.
Mazkur yondashuv, ayniqsa, oilaviy, uy-joy, mehnat, meros va aliment bilan bog‘liq nizolar yuzasidan sudga murojaat qiladigan fuqarolar uchun muhim. Sudning aholiga yaqinlashishi yo‘l xarajatlari va vaqt sarfini kamaytirish bilan birga, huquqiy himoyaga murojaat qilishdagi hududiy tafovutlarni qisqartirishga xizmat qiladi. Demak, xalqchillik faqat muomala madaniyati yoki xizmat ko‘rsatish qulayligi emas, balki sud himoyasidan amalda teng foydalanish imkoniyatidir.
Strategiyada fuqarolarning sudga murojaat qilish jarayonidagi ortiqcha rasmiyatchiliklarni kamaytirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Amaliyotda fuqaro yoki tadbirkor nizoning qaysi sud vakolatiga kirishini aniq bilmasligi, arizada esa ayrim protsessual kamchiliklarga yo‘l qo‘yishi mumkin. Bunday holatlar huquqni himoya qilish jarayonini cho‘zmasligi kerak. Shu bois fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritishda ish tegishli sudga taalluqli emasligi sababli arizani qaytarish o‘rniga uni vakolatli sudga o‘tkazish, ayrim formal kamchiliklarni esa sud ko‘magida bartaraf etish mexanizmlarini joriy qilish ko‘zda tutilgan. Ushbu tartiblarni ishlab chiqish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini 2027-yil 1-aprelga qadar kiritish vazifasi belgilangan.
Sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish ham islohotlarning muhim qismidir. Strategiyaga ko‘ra, 2027-yil 1-iyuldan umumiy yurisdiksiya va ma’muriy sud yo‘nalishlarida hududlararo sudlarni tashkil etish nazarda tutilgan. Hududlararo sudlar — yurisdiksiyasi bir nechta ma’muriy-hududiy birlikni qamrab oladigan, sud hujjatlarini belgilangan tartibda qayta ko‘rib chiqishga vakolatli sudlardir. Ular viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda ko‘rilgan ayrim ishlarni taftish tartibida, shuningdek, o‘zlari birinchi instansiyada ko‘rgan ishlarni apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqishi belgilangan.
Bunday sudlarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad shunchaki yangi tashkiliy bo‘g‘in yaratish emas. Muhimi, ishlarni qayta ko‘rish vakolatlarini sud instansiyalari o‘rtasida aniq ajratish, xolislik va mustaqillik kafolatlarini kuchaytirish, sud amaliyotida yagona yondashuvni shakllantirishdir. Natijada sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish imkoniyatlari takomillashishi, fuqarolar hamda tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini samarali tiklash uchun qo‘shimcha institutsional sharoit yaratilishi kutilmoqda.
Raqamli odil sudlov esa sud xizmatlaridan foydalanishni soddalashtirish va jarayonlarning ochiqligini oshirishga qaratilgan. Hozirgi vaqtda Oliy sudning my.sud.uz interaktiv xizmatlar portali orqali sudlarga elektron murojaat qilish va qator xizmatlardan foydalanish imkoniyati mavjud. Strategiyada 2027-yil yakuniga qadar portalni takomillashtirish, yangilangan mobil ilovani ishga tushirish, sudga murojaat namunalari sifatini yaxshilash hamda sud hujjatlarini interaktiv izlash imkoniyatlarini kengaytirish belgilangan.
Raqamli xizmatlarning ahamiyati, avvalo, fuqaroning sud bilan bog‘liq ayrim ishlarni masofadan turib bajarishi, zarur ma’lumotni tez topishi va ortiqcha qatnovlarni kamaytirishida namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, 2030-yilga qadar sud binolarida “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish ofislarini bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan. Bunday ofislarda murojaatlarni qabul qilish, zarur ma’lumot berish va elektron xizmatlardan foydalanishda amaliy ko‘mak ko‘rsatish bir joyda yo‘lga qo‘yiladi. Bu yondashuv raqamli imkoniyatlardan foydalanishda qiynaladigan fuqarolar uchun ham muhim yordam bo‘la oladi.
Strategiya inson huquqlarini jinoyat protsessining dastlabki bosqichlaridayoq himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishni ham nazarda tutadi. O‘zbekistonda 2025-yil 1-yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarida tergov sudyasi instituti joriy etilgan. Endilikda 2027-yil 1-iyuldan tergov sudyasiga shaxsni ushlab turish va protsessual majburlov choralarini qo‘llash uchun nafaqat rasmiy qonuniylikni, balki yetarli faktik va huquqiy asoslar mavjudligini ham tekshirish vakolatini berish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, konstitutsiyaviy huquqlarni bevosita cheklaydigan ayrim tezkor-qidiruv tadbirlariga sud tomonidan sanksiya berish tartibini qonunchilikda belgilash vazifasi qo‘yilgan.
Yana bir muhim yangilik — 2027-yil 1-avgustdan “Pretsedentlar” reyestrini joriy etish rejasidir. Unda yagona sud amaliyotini shakllantirishga xizmat qiladigan Oliy sud Rayosati qarorlarini ochiq e’lon qilish va muntazam yangilab borish nazarda tutilgan. Reyestr sudyalar va huquqshunoslar bilan bir qatorda, fuqarolar hamda tadbirkorlarga ham o‘xshash huquqiy vaziyatlarda sud amaliyoti qanday shakllanayotganini anglash imkonini beradi. Bu huquqiy aniqlik va sud qarorlarining barqarorligini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.
Tadbirkorlik subyektlari uchun 2028-yil 1-yanvardan iqtisodiy sud ishlarini proaktiv boshqarish standartini joriy etish ko‘zda tutilgan. Ushbu yondashuv sudyaning ishni ko‘rish davomida aniqlangan ayrim formal kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rishini nazarda tutadi. Shuningdek, shu sanadan sud ma’murchiligi institutini joriy etish rejalashtirilgan. Tashkiliy, moddiy-texnik, moliyaviy va axborot-tahliliy vazifalarning maxsus ma’muriyat zimmasiga o‘tkazilishi sudyalarga asosiy e’tiborni ishlarni o‘rganish, dalillarni baholash va asoslantirilgan qaror qabul qilishga qaratish imkonini berishi kutilmoqda.
“Odil sudlov – 2030” strategiyasining ahamiyati unda belgilangan alohida yangiliklar bilangina cheklanmaydi. Fuqarolik sudlarini aholiga yaqinlashtirish, hududlararo sudlar orqali qayta ko‘rish tizimini takomillashtirish, raqamli xizmatlarni rivojlantirish, protsessual to‘siqlarni kamaytirish va inson huquqlariga doir sud nazoratini kuchaytirish yagona maqsadga — samarali va ishonchli sud himoyasini ta’minlashga qaratilgan. Strategiyada belgilangan chora-tadbirlar tegishli qonunchilik va tashkiliy mexanizmlar orqali bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ularning natijasi esa, eng avvalo, fuqaroning kundalik hayotida: sudga murojaat qilish osonlashishi, ishlarning xolis ko‘rilishi va buzilgan huquqlarning o‘z vaqtida tiklanishida namoyon bo‘lishi lozim.
Shuhrat Kamolov,
Xorazm viloyat sudi raisi
متعلقہ خبریں
تمام راستے تاشقند کی جانب جاتے ہیں
31ویں تاشقند بین الاقوامی سیاحتی نمائش ’’سلک روڈ پر سیاحت – TITF 2026‘‘ میں 20 ممالک کی 300 سے زائد کمپنیاں شرکت کریں گی۔
اقتصادی تعاون تنظیم کی وزرائے خارجہ کونسل کا 30واں اجلاس منعقد ہوا
16 نومبر 2026 کو اقتصادی تعاون تنظیم (ECO) کی وزرائے خارجہ کونسل کا 30واں اجلاس اسلام آباد میں منعقد ہوا۔ اجلاس میں ازبکستان کے وفد کی قیادت نائب وزیر خارجہ بوبور عثمانوف نے کی۔
ازبکستان اور بحرین کے درمیان سیاسی مشاورت کا پہلا دور منامہ میں منعقد ہوا
یکم نومبر 2026 کو منامہ میں جمہوریہ ازبکستان اور مملکت بحرین کی وزارتِ خارجہ کے درمیان سیاسی مشاورت کا پہلا دور منعقد ہوا۔