O‘zbekiston va Finlyandiya Prezidentlari ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar

31-oktabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrif bilan kelgan Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubbni tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi.
Qarorgoh oldidagi maydonda ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, shohsupaga taklif etdi.
O‘zbekiston va Finlyandiya davlat madhiyalari yangradi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-biriga tanishtirdilar.
Tantanali marosim yakunlangach, birgalikda suratga tushildi va delegatsiyalar ishtirokida oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.
* * * * * * *
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.
O‘zbekiston bilan Finlyandiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yanada mustahkamlash istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Turli darajalardagi siyosiy muloqot va almashinuvlar jadal rivojlanib borayotgani, biznesga oid sheriklik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zaro savdo hajmi izchil ortib, iqtisodiy va ishbilarmonlik aloqalari mustahkamlanmoqda. Mamlakatimizda Finlyandiya bilan hamkorlikda Xalqaro Nordik universiteti muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, maktab ta’limi sohasidagi dasturlar amalga oshirilmoqda.
Bugun o‘tgan O‘zbekiston – Finlyandiya biznes forumining yakunida umumiy qiymati 1 milliard yevrodan ziyod istiqbolli qo‘shma loyihalar portfeli shakllantirildi.
Muzokaralarda tovar ayirboshlashni karrasiga oshirish, shu jumladan, o‘zaro mahsulot yetkazib berishni rag‘batlantirish uchun Savdoni moliyalashtirish qo‘shma jamg‘armasini tashkil etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi bozorlariga olib chiqish uchun sertifikatlash laboratoriyalarini ochish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.
Geologiya va muhim materiallar, energetika, agrosanoat, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, ekologiya, turizm va boshqa muhim tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratildi.
2026-yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish va Ishbilarmonlar kengashini ta’sis etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Hududlararo hamkorlikni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Ta’lim, tibbiyot hamda mehnat migratsiyasi sohalaridagi hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Kelgusi yilda birinchi Rektorlar va innovatsiyalar forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
* * * * * * *
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb Qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Yetakchilar huzurida turli yo‘nalishlarda, shu jumladan:
– savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish;
– foydali qazilmalarni qazib olish sohasidagi hamkorlik;
– geologiya fanlari, geologik qidiruv, foydali qazilmalar va yer osti suvlarini izlash hamda konchilik sohalaridagi hamkorlik;
– raqamli transformatsiya, innovatsiyalar va raqamli o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga ko‘maklashish;
– ijtimoiy himoya sohasidagi hamkorlik;
– maktabgacha va maktab ta’limi tizimiga raqamli ta’lim platformasini joriy etish bo‘yicha hamkorlik;
– ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlik;
– raqamlashtirish va suv resurslarini boshqarish sohasidagi fan-ta’lim salohiyatini oshirish;
– iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit muhofazasi borasidagi hamkorlikka oid ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
* * * * * * *
O‘zbekiston – Finlyandiya sammiti yakunida Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Stubb Faxriy mehmonlar xiyobonida birgalikda daraxt ekdilar.
Marosim O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga intilishning, ikki mamlakat va xalq o‘rtasidagi do‘stlik hamda o‘zaro anglashuv mustahkamlanib borayotganining ramzi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti