O‘zbekiston Prezidenti Pekindagi tantanali harbiy paradda ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekin shahriga rasmiy tashrif doirasida 3-sentabr kuni Tyananmen maydonida Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali harbiy paradda ishtirok etdi.
Tadbirda yigirmadan ortiq davlat rahbarlari va vakillari, jumladan, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron, Vetnam, Misr va boshqa davlatlar yetakchilari ishtirok etdi.
XXR Raisi Si Szinpin o‘z nutqida bugungi sharoitda tarixiy xotirani asrab-avaylash, tinchlikni saqlash va adolatni ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Paradda Xitoy xalq ozodlik armiyasining 45 ta bo‘linmasi ishtirok etdi. Xitoy mudofaa sanoati tomonidan ishlab chiqarilgan raketa tizimlari, tanklar, aviatsiya texnikasi va uchuvchisiz uchish apparatlarining eng so‘nggi namunalari namoyish etildi.
Bunday paradlar 1949-yildan buyon Pekinda o‘tkazib kelinadi, qurolli kuchlarning so‘nggi katta ko‘rigi esa 2019-yil 1-oktabrda bo‘lib o‘tgan va unda 15 mingga yaqin ishtirokchi qatnashgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Pekin shahridagi tantanali tadbirlarda ishtiroki mamlakatimizning xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, tinchlik, barqaror taraqqiyot va farovonlik yo‘lida mintaqaviy va global darajada konstruktiv muloqotni rivojlantirishga qaratilgan izchil tashqi siyosatining navbatdagi tasdig‘i bo‘ldi.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga rasmiy tashrifining tadbirlarga boy dasturi yakuniga yetdi.
Davlatimiz rahbari 31-avgust kuni rafiqasi bilan birga Tyanszin shahridagi “Meyszyan” kongress markazida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining norasmiy tadbirlarida ishtirok etdi.
O‘zbekiston yetakchisi 1-sentabr kuni SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi va “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvda qatnashib, ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda tashkilot faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.
2-sentyabr kuni Pekin shahrida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunida amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolandi.
Shuningdek, Prezidentimiz Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi.
Davlatimiz rahbari Xitoy Bosh vaziri Li Syan, xorijiy delegatsiyalar rahbarlari va ishbilarmon doiralar vakillari bilan ham samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.
O‘zbekiston Prezidenti 3-sentyabr kuni Pekin shahrida Ikkinchi jahon urushi yakunlanganining 80-yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan G‘alaba paradida ishtirok etdi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi. Oliy martabali mehmonlarni Xitoy rasmiylari kuzatib qo‘ydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti