O‘zbekiston va Slovakiya munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi va strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatildi

9-iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitsoni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.
Qarorgoh oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif etdi.
Harbiy orkestr ijrosida O‘zbekiston va Slovakiya davlat madhiyalari yangradi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Birgalikda suratga tushilgach, oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.
* * * * * * *
9-iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitsoning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston yetakchisi ushbu tashrif ko‘p qirrali O‘zbekiston-Slovakiya munosabatlari tarixida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berishini alohida ta’kidladi.
Hamkorlik barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tashqi ishlar vazirliklari darajasida konstruktiv siyosiy muloqotlar yo‘lga qo‘yildi, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashdi.
Tovar ayirboshlash ortib bormoqda. May oyida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi samarali o‘tkazildi. Kooperatsiyaning qator yangi yo‘nalishlari va loyihalari ustida ish olib borilmoqda.
Zamonaviy tahdidlar va oldindan aytib bo‘lmaydigan xalqaro vaziyatni hisobga olib, tashqi siyosiy idoralar, shu jumladan Yevropa institutlari bilan sheriklik doirasida tizimli hamkorlik qilish, muvofiqlashtirish va qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.
Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, eng avvalo, o‘zaro yetkazib berilayotgan mahsulot turlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistondan to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, kimyo mahsulotlari, polimerlar, Slovakiyadan esa kauchuk, avtomobil qismlari, farmatsevtika va boshqa sanoat tovarlarini yetkazib berish shular jumlasidan.
Texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya sohalarida imzolanadigan bitimlarni amalga oshirish doirasida texnik to‘siqlarni bartaraf etish va kvant etaloni laboratoriyasini ishga tushirish muhimligi qayd etildi.
Slovakiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni tayyorlash, jumladan, agrosanoat majmui, avtomobillar uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, "yashil" energetika va turizm loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Raqamli yechimlarni joriy etish va startap investitsiyalar sohasida katta imkoniyatlar mavjud. Shu ma’noda, IT startaplarini akseleratsiya qilish bo‘yicha qo‘shma venchur fondini tashkil etish masalasini ishlab chiqish taklif qilindi.
Shuningdek, qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mavjud moliyaviy vositalardan keng foydalanish taklif etildi.
Gumanitar sohada ta’lim va akademik almashinuvni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi. Qo‘shma tadqiqot dasturlarini, shu jumladan Bratislavadagi Komenskiy universiteti ishtirokida yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Tomonlar o‘zaro ko‘rgazmalar, kino namoyishlari, konsertlar, shuningdek, muzey ishi sohasidagi loyihalarni o‘tkazishni nazarda tutuvchi Madaniyat sohasida hamkorlik dasturini qabul qilishga kelishib oldilar.
Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Slovakiya tomoni ushbu sohada tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Xalqaro ahamiyatga molik masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ham fikr almashildi.
Qabul qilingan qaror va kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan keng qamrovli "yo‘l xaritasi" qabul qilinishi haqida kelishib olindi.
* * * * * * *
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitso Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.
Yetakchilar huzurida ikki tomonlama hujjatlar, xususan:
- diplomatik kadrlar tayyorlash to‘g‘risida;
- qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
- standartlashtirish, metrologiya va tovarlarning muvofiqligini baholash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
- energetika bozorlarini tartibga solish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar;
- 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi;
- 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan standartlashtirish sohasidagi hamkorlik dasturi almashildi.
* * * * * * *
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso Faxriy mehmonlar xiyobonida birgalikda daraxt ekdilar.
Marosim ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuv mustahkamlanib borayotgani, O‘zbekiston-Slovakiya munosabatlari rivojida yangi – strategik sheriklik bosqichi boshlanganining ramzi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti