Boburning armonlari ushaldi – Yangi Andijon uning nomi bilan ataladi

Andijon mamlakatimizda aholi eng zich joylashgan hudud. O‘zbekistonning 10 foiz aholisi 1 foiz yerida yashaydi. Shu bois davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021-yilda yangi shahar qurilishi boshlangan edi. Bu galgi tashrifda Prezident loyihaning ilk natijalarini ko‘rdi.
Ushbu shahar Andijon tumanidagi adirlikda, qishloq xo‘jaligida foydalanilmagan 4 ming gektar maydonda barpo etilmoqda. Qurilish sakkiz bosqichda rejalashtirigan bo‘lib, hozirda 1 ming 770 ta xonadonli 63 ta uy foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, 1 ming 680 o‘rinli maktab, 420 o‘rinli bolalar bog‘chasi, 250 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika qurilgan. Yengil sanoat korxonasi, ipoteka markazi tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari hudud bo‘ylab yurib, yangi majmualarni ko‘zdan kechirdi.
Tayyor xonadonlarning ko‘pchiligiga oilalar ko‘chib kelib, yashamoqda. O‘yin maydonchalaridagi bolakaylarning shodliklari ko‘ngillarga quvonch, halovat bag‘ishlaydi. Bunyodkorlik ishlari jadal davom ettirilib, bu yil mingdan ziyod xonadonli yana 40 ta ko‘p qavatli uy barpo etiladi.
Inshootlar yo‘l, elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv, issiqlik kabi zarur tarmoqlar bilan ta’minlangan. Ichimlik suvi yetkazib berish uchun sig‘imi to‘rt ming metr kub bo‘lgan suv saqlash va uzatish inshooti ishga tushirildi.
19 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i barpo etilib, o‘n ming tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari, buta va gullar ekildi. Amfiteatr, dam olish joylari, dekorativ yo‘laklar, kafelar, bolalar o‘yingohi, yoritish tizimlariga ega bo‘lgan bog‘ Yangi Andijonning ko‘rki bo‘ladi.
Bu yerdagi “Vatanparvar bog‘i” katta ramziy ma’noga ega. Bog‘dagi “Vatanga qasamyod” monumenti, muzey, konsert va tomosha maydonlari mehmonlarda katta taassurotlar qoldiradi.
Loyiha ko‘lami keng. Hududning 1 ming 439 gektarida 2 mingta ko‘p qavatli turar joy qad rostlaydi. Shuningdek, ko‘plab savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, 1 ming 820 gektarda yashil hududlar tashkil etiladi. Qurilishlar bitgach, bu yerda 410 ming nafardan ziyod aholi yashashi mumkin bo‘ladi.
Shu yerda yangi qurilish va obodonlashtirish loyihalari taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i ta’mirlanadi. Yangi Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur haykali o‘rnatiladi. Prezident bunda Boburning siymosini haqqoniy aks ettirish, atrofini boburiylar merosi bo‘yicha tematik parkka aylantirish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Davlatimiz rahbari yangi bog‘da hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalarini tomosha qildi. Andijonda har yili rassomlar festivalini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
* * * * * * *
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijondagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi xalq saylida ishtirok etdi.
Andijonlik yoshlar bilan muloqotda ularga yuksak ishonch bildirildi.
– Davlatimizning eng ustuvor maqsadlaridan biri – yoshlar siyosati. Ta’lim-tarbiya, mahalla, bandlik, sport tizimlarida qilayotgan ishlarimiz farzandlarimizning manfaatlari uchun. Bizning yoshlarimiz qobiliyatli, iste’dodli. Bu iste’dod qachon yuzaga chiqadi? Mehnat bo‘lsa. Bilim olib, intilgan odam hech qachon kambag‘al bo‘lmaydi, ishini topadi. Siz ham o‘qib, izlanib, zamonaviy kasb-hunarlarni egallang. Baxtli bo‘lish uchun bugun zamin yaratishingiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz Andijonda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari bilan ham uchrashdi. Mamlakatimizdagi tinchlik-totuvlik, millatlararo ahillik eng qadrli ne’mat ekani ta’kidlandi.
Bog‘dagi amfiteatrda konsert dasturi namoyish etildi. Davlatimiz rahbari tadbirda nutq so‘zlab, viloyat ahliga yuksak hurmatini bildirdi.
– Inson qadrini ulug‘lash, xalqimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash, shu asosda odamlarni hayotdan rozi qilish – yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadidir. Bugun Vatanimizning barcha viloyatlari, qishloq va ovullarida ana shu ulug‘ maqsad qanday amaliy natijalar berayotganini ko‘rib, albatta barchamiz cheksiz quvonamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Buning amaliy tasdig‘ini go‘zal va betakror Andijon zaminida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Viloyatda sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, bog‘-u rog‘lar barpo etish, ko‘cha va mahallalarni obod qilish, aholi uchun munosib mehnat va yashash sharoitlari yaratish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda.
– Andijon zaminida yangi O‘zbekiston g‘oyasi, yangi O‘zbekiston nafasi har bir mahalla, har bir xonadonga kirib bormoqda, xalqimizni baland-baland marralarga undamoqda. Bu – islohotlarimizning biz kutgan, butun xalqimiz kutgan eng katta, eng muhim natijasi, – dedi Prezident.
Andijon yurtimizning tarixiy shaharlaridan biri, vodiy gavharidir. Bugungi kunda viloyatda barcha soha va tarmoqlar jadal rivojlanmoqda. Ayni paytda bu yerda juda katta salohiyat mavjud. Ana shunday imkoniyatlarni ishga solish, hududni yanada taraqqiy ettirish maqsadida Yangi Andijon shahri qurilmoqda. Qisqa vaqt ichida bu yerda so‘lim “Yangi O‘zbekiston” bog‘i ham barpo etildi.
Davlatimiz rahbari bu ishlarga hissa qo‘shgan barcha insonlarga tashakkur aytdi.
Andijon Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan diyor ekani bilan ham mashhur. Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev Yangi Andijon shaharchasiga Bobur shahri deb nom berish tashabbusni ilgari surdi. Buni andijonliklar xursandchilik bilan qo‘llab-quvvatladi.
Bobur Mirzo temuriylar tamaddunining munosib davomchisi, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot homiysi bo‘lgan buyuk shaxsdir. U betakror ilmiy va ijodiy merosi bilan millatimiz, xalqimizni butun dunyoga tarannum etgan. Uning sharafiga alohida shahar bunyod etilsa arziydi. Bu Bobur Mirzoning dilida qolgan armonlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida yana bir tarixiy voqea bo‘lib qolishi ta’kidlandi.
Shaharda ixtisoslashgan bog‘cha va maktab, universitet, muzey, kutubxona va IT-parkdan iborat yirik ta’lim klasteri barpo etiladi. Oliygoh tarkibida eng yuqori talablarga javob beradigan sport majmuasi ham quriladi.
Bobur shahri milliy qadriyatlarimizni mujassam etadigan ma’naviy maskanga, yoshlar uchun ilhom va ibrat, parvoz maydoniga, yurtimizning yana bir turizm va madaniyat markaziga, zamonaviy texnologiyalar qo‘llangan “aqlli shahar”ga aylantiriladi.
Bu shahar, xuddi buyuk shoir va mutafakkir Navoiy nomi qo‘yilgan azim shahar kabi, shonli tariximiz va kelajagimiz o‘rtasida ma’naviy ko‘prik bo‘ladi, yangi tariximizdan munosib o‘rin oladi. Hududdagi bog‘ning eng baland nuqtasida Zahiriddin Muhammad Boburning yangi, muhtasham haykali o‘rnatiladi.
Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun dastur qabul qilinib, 250 million dollar yo‘naltiriladi.
- Barchamiz bilamizki, Zahiriddin Muhammad Bobur dunyoning qayerida, qaysi o‘lkada bo‘lmasin, bir umr vatan sog‘inchi bilan yashagan. Bugun buyuk ajdodimizning armonlari ushaldi, ul zot o‘z yurtiga ruhan qaytib keldi, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz. Mana shunday ulug‘, tarixiy kun barchamizga muborak bo‘lsin, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari 15-aprel – madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillarini ham samimiy tabrikladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti