Toshkentda O‘zbekiston-Pokiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

26-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharifning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Pokiston biznes forumida ishtirok etdi.
Pokiston Islom Respublikasi delegatsiyasi tarkibiga vazirlik va idoralar, moliya tashkilotlari, tarmoq uyushmalari rahbarlari hamda Al-Rafiq Enterprise, MG Khan Traders, Trans Industries, FWO, Pakistan Mobile Communications Limited – Jazz, Veevo Tech, All Pakistan Goods Transport Owners Association, TCS, CKA Shipping & Logistics Pakistan, Trans Fast Logistics, Nutro Group of Companies, Pharmaro Pakistan, Najeeb Fibers, Saimi Exports, AJ Associates, Ilsons kabi 100 dan ortiq yirik kompaniyalar rahbarlari kirdi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Mansurjon Rasulev, Pokistonning O‘zbekistondagi elchixonasining savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Ullah Ata, O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriev, Pokiston Milliy logistika korporatsiyasi bosh direktorining o‘rinbosari Nosir Ziyo, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Oybek Elmuratov, “Dalatek Plus” MChJ asoschisi Dildora Atajanova spiker sifatida ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlari, shuningdek, mamlakatimizning sanoat va investitsiyaviy salohiyati haqida ma’lumotlarni taqdim qildilar.
Transport va logistika, ko‘p tomonlama savdo, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va boshqa sohalarda sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston va Pokistonning eksportchilarga yirik mintaqaviy bozorlar va rivojlangan mamlakatlar bozorlariga chiqish imkonini beruvchi imtiyozli savdo rejimlariga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, biznes-forum doirasida Savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi hamkorlik, shuningdek, transport-logistika, charm mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda ikki tomonlama hujjatlar almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
B2B va B2G formatida tashkil etilgan muzokaralarda o‘zbekistonlik va pokistonlik ishbilarmonlar sarmoyaviy va savdo shartnomalarini amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar, shuningdek, yangi aloqalarni o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldilar.
Forum dasturi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif ishtirokidagi rasmiy dastur bilan davom etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining rasmiy veb-sahifasi