O‘zbekiston va Kuvayt yetakchilari keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirishga kelishib oldilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al as-Sabohning taklifiga binoan 17-fevral kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga keldi.
Al-Kuvayt xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Amir Shayx Mish’al as-Saboh, Valiahd Shayx Saboh as-Saboh va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
O‘zbekiston yetakchisining tashrifi sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, davlat bayroqlari ko‘tarildi, ikki mamlakat madhiyalari yangradi.
Prezidentimiz faxriy qorovul safi oldidan o‘tdi. So‘ng davlat rahbarlari rasmiy delegatsiyalar a’zolari va diplomatik korpus vakillarini qutladilar.
Aeroportning Amir terminalida yetakchilar o‘rtasida qisqa suhbat bo‘lib o‘tdi.
Bugun O‘zbekiston Prezidenti va Kuvayt Amiri oliy darajada muzokara o‘tkazadilar. Sammit kun tartibidan O‘zbekiston bilan Kuvayt o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya-moliyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Tadbirlar yakunida qator hukumatlararo va idoralararo bitimlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al as-Saboh 17-fevral kuni Al-Kuvayt shahridagi "Al-Bayan" saroyida tor doirada uchrashuv hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari ko‘rsatilayotgan samimiy qabul va yuksak e’tibor uchun Amirga minnatdorlik bildirib, Kuvayt yetakchisi va do‘st xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayramlar bilan dildan qutladi.
O‘zbekiston bilan Kuvayt o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Kuvaytda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan, maqsad va vazifalari Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlariga hamohang bo‘lgan "Nigoh 2035" davlat dasturini alohida qayd etdi.
Faol siyosiy muloqotlar va idoralararo almashinuvlar, o‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi barqaror ortib borayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
O‘tgan yili Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi samarali o‘tkazildi, qator muhim ishbilarmonlik tadbirlari tashkil etildi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion va moliyaviy-texnik sohalardagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
"Yashil" energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, infratuzilma, shaharsozlik, sog‘liqni saqlash, turizm sohalari amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsadida Investitsiya platformasi va Ishbilarmonlar kengashi kabi mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Al-Kuvayt shahrida savdo uyini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Yangi sheriklik dasturi doirasida Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot fondi bilan loyihalar portfelini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Kuvaytda madaniyat va turizm haftaliklarini o‘tkazish, ikki mamlakat vakillarining san’at, musiqa, kino, ta’lim va sport sohalaridagi madaniy-gumanitar tadbirlarda faol ishtirok etishiga ko‘maklashishga kelishib olindi.
Uchrashuvda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati va boshqa nufuzli tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Joriy yil may oyida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan "Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" muloqoti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Muzokaralar yakunida ikki davlat rahbarlari keng qamrovli sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaror qildilar.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti Kuvayt Amirini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
* * * * * * *
Al-Kuvayt shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al as-Saboh O‘zbekiston-Kuvayt keng qamrovli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildilar.
Shuningdek, quyidagi hujjatlar imzolandi:
- Sanoat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Havo qatnovi to‘g‘risidagi bitimga bayonnoma;
- Mehnat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- "Aqlli" shaharlarni barpo etish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- San’at va madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Turizm sohasida 2025-2027-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi;
- Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi bilan hamkorlik to‘g‘risida bitim.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kuvaytga tashrifi doirasida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda ushbu mamlakat Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi, ichki ishlar vaziri Shayx Fahd as-Saboh boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda Kuvayt tomonidan moliya va investitsiyalar vaziri Nura Sulaymon al-Fassam, savdo va sanoat vaziri Xalifa Abdulla al-Askar hamda Investitsiya agentligi direktori Shayx Saud as-Saboh ham ishtirok etdi.
Bugun bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ikki davlat rahbarlarining O‘zbekiston-Kuvayt munosabatlarini keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqqan uchrashuvi samarali bo‘lgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
"Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" sammitida ishtirok etish uchun Kuvayt Amirining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifiga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish muhimligi qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Shu nuqtayi nazardan, Qo‘shma investitsiya platformasi va Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, logistika va transport, gidroenergetika, infratuzilma, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish muhimligi qayd etildi.
"Yo‘l xaritasi"ga kiritilgan kooperatsiya dasturlari va loyihalarini ilgari surish maqsadida faol muloqotlar va o‘zaro tashriflarni tashkil etishga kelishib olindi.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Al-Kuvayt shahrida Kuvayt tashqi ishlar vaziri Abdulla al-Yahyo bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Kuvaytga amalga oshirilayotgan tarixiy tashrif davomida erishilgan kelishuvlar doirasida faol siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston bilan Kuvayt o‘rtasida keng qamrovli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha oliy darajada qaror qilingani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tashqi siyosiy idoralar o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlarni tashkil etish va Samarqand shahrida o‘tadigan "Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" sammitiga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Tashrif doirasida Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi bilan yangi hamkorlik dasturi imzolangani yuqori baholandi.
Oziq-ovqat xavfsizligi, sanoat kooperatsiyasi, infratuzilma, turizm va boshqa yo‘nalishlarda loyihalarni ilgari surish hamda mamlakatlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.
* * * * * * *
Tashrif dasturiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Al-Kuvayt shahridagi "As-Salom" saroy-muzeyiga tashrif buyurdi.
Saroy 1960-1964-yillarda o‘ziga xos arab me’morchiligi uslubida bunyod etilgan va 1990-yilgacha Kuvaytga tashrif buyurgan xorijiy rahbarlar uchun rasmiy qarorgoh bo‘lib xizmat qilgan.
2019-yilda saroyda muzey ochilgan bo‘lib, unda 32 ming kvadrat metr maydonda Kuvaytning ko‘p asrlik tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi noyob eksponatlar namoyish etilmoqda.
Davlatimiz rahbari muzey ekspozitsiyasi bilan tanishib, uning me’moriy konsepsiyasi va zamonaviy infratuzilmasini yuqori baholadi.
O‘zbekiston bilan Kuvayt madaniy almashinuvlarini, xususan, muzey ishi va tarixiy merosni asrash sohasidagi aloqalarni kengaytirish, qo‘shma gumanitar dasturlarni amalga oshirish va o‘zaro ko‘rgazmalar tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Yakunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muzeyning Faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-fevral kuni Al-Kuvayt shahriga tashrif doirasida ushbu mamlakat Valiahdi Shayx Saboh as-Saboh bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston bilan Kuvayt o‘rtasidagi do‘stlik va keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Valiahdga samimiy qabul va alohida e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi tarixiy muzokaralar, hukumat a’zolari va yetakchi kompaniyalar bilan sermahsul uchrashuvlar ko‘p qirrali O‘zbekiston-Kuvayt munosabatlarini kengaytirish uchun mustahkam asos bo‘lishi ta’kidlandi.
Oliy va yuqori darajada yaqin muloqot va almashinuvlarni davom ettirishga kelishib olindi. Investitsiyalarni jalb qilish uchun platformani tez fursatda ishga tushirish, agrosanoat majmui, transport va logistika, sog‘liqni saqlash, ta’lim, farmatsevtika, infratuzilma va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga kelishib olindi.
"Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" muloqoti doirasidagi tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qabul qilingan barcha qaror va kelishuvlar ijrosi ustidan birgalikda nazorat o‘rnatish masalasi kelishib olindi.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Kuvayt Davlatiga ilk rasmiy tashrifi tadbirlari yakunlandi.
Davlatimiz rahbari Al-Kuvayt shahrida Amir Shayx Mish’al as-Saboh va Valiahd Shayx Saboh as-Saboh bilan tarixiy muzokaralar, shuningdek, ushbu mamlakat hukumatining a’zolari, yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.
Sammit yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilindi, shuningdek, hamkorlikning turli yo‘nalishlari, jumladan, iqtisodiy sohada 4,9 milliard dollarlik salmoqli kelishuvlar to‘plami imzolandi.
Davlatimiz rahbari madaniy dastur doirasida "As-Salom" saroy-muzeyining Kuvayt xalqi madaniyati va tarixini aks ettiruvchi ekspozitsiyalarini ko‘zdan kechirdi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, Al-Kuvayt xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Valiahd Shayx Saboh as-Saboh va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.
Davlatimiz rahbari Toshkent shahriga jo‘nab ketdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti