O‘zbekiston Prezidenti islohotlarning borishi va istiqbollarini muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-noyabr kuni iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Suma Chakrabarti bilan uchrashuv o‘tkazdi.
"O‘zbekiston - 2030" strategiyasini joriy yilgi davlat dasturi doirasida amalga oshirishning holati hamda kelgusi yilda islohotlarni yanada ilgari surish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Davlat boshqaruvida kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni doirasidagi keyingi qadamlar muhokama qilindi. Milliy qonunchilikni JST qoidalari va talablari bilan uyg‘unlashtirishni jadallashtirish, shuningdek, mamlakatning global reytinglardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha ishlarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Prezidentimiz rejalashtirilgan barcha loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish, strategik islohotlar kun tartibini yangi tashabbuslar bilan, ayniqsa mamlakatimizda e’lon qilingan Atrof-muhitni muhofaza qilish va "yashil" iqtisodiyot yilidagi vazifalarni hisobga olib yanada boyitish muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti