O‘zbekiston Prezidenti Tatariston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozon shahriga tashrifning birinchi kunida Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston hududlarining Tatariston bilan o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorligini yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda yetakchi korxonalarning sanoat kooperatsiyasi va faol gumanitar almashinuv o‘zining amaliy natijalarini berayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Faol muloqotlar va o‘zaro tashriflarni davom ettirish, O‘zbekiston hududida qo‘shma iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyatini kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
* * * * *
Qozon shahriga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Tatariston Respublikasining davlat mukofoti - "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yuksak mukofotni davlatimiz rahbariga Tatariston Raisi Rustam Minnixanov tantanali ravishda topshirdi.
Prezidentimiz ushbu orden bilan O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun mukofotlandi.
Mamlakatimiz yetakchisi Tatariston rahbariga mukofot uchun samimiy minnatdorlik bildirib, so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlikda yuqori natijalarga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdi hamda Tatariston xalqiga ezgu tilaklarini bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti