O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlari bundan buyon ham kengayib boradi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 2022-yil 20-21-oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga keldi.
Ashxobod xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Botir Atdayev va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Qisqa suhbatdan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi.
* * * * *
21-oktabr kuni Turkmaniston Prezidentining qarorgohi – “O‘g‘uzxon” saroy majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi.
Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov birgalikda suratga tushdilar.
Marosimda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirok etdi.
* * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov tor doirada muzokara o‘tkazdilar.
Davlat rahbarlari qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, transport-logistika, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Keyingi yillarda amaliy hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida katta natijalar bo‘lgani ta’kidlandi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar “yo‘l xaritasi” asosida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, hududlari o‘rtasida muntazam muloqotlar va sermahsul almashinuvlar olib borilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov ushbu uchrashuv O‘zbekiston bilan Turkmanistonning ko‘p qirrali strategik sherikligi rivojiga yangi sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdilar.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan batafsil fikr almashildi, jumladan, Markaziy Osiyoda hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
* * * * *
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdilar.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlik barcha yo‘nalishlarda izchil kengayib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
- Ming yillar davomida o‘zbek va turkman xalqlari yonma-yon yashab, bir-biriga tayanch bo‘lib kelganlar, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Keyingi oylarda davlat rahbarlari oltinchi marta uchrashayotgani O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi o‘ziga xos munosabatlarning yorqin dalilidir.
Prezidentimiz Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi jadal rivojlanib borayotgan bugungi hamkorlikning mustahkam poydevorini shakllantirishga ulkan hissa qo‘shganini qayd etdi.
Iqtisodiyot ikki tomonlama munosabatlarning yetakchi kuchi bo‘lib xizmat qilayotgani, mamlakatlarimizning ulkan salohiyatini ishga solish uchun ko‘proq harakat qilish zarurligi ta’kidlandi. Keyingi yillarda o‘zaro savdo jadal sur’atda oshib bormoqda.
O‘zbekiston-Turkmaniston Chegaraoldi savdo zonasi ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi qayd etildi. Bugun davlat rahbarlari ushbu zonaning qurilishini boshlab beradilar.
Tomonlar kooperatsiya loyihalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi. Sanoat, energetika, kimyo tarmog‘i va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor tarmoqlarda yangi loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish borasidagi ishlarni kuchaytirishga kelishib olindi.
Transport sohasi - hamkorlikning strategik yo‘nalishlaridan biri. Davlat rahbarlari “Sharq - G‘arb” va “Shimol - Janub” yo‘nalishlarida, shu jumladan Turkmanboshi porti imkoniyatlaridan foydalangan holda transport yo‘laklarini faol rivojlantirishga ahdlashib oldilar.
Mamlakatlarimiz suv sohasida yuksak darajada hamkorlik qilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Toshkentda imzolangan Amudaryo bo‘yicha bitimni keng ko‘lamda amalga oshirmoqdalar.
Ustuvor yo‘nalishlar orasida – hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash. Prezidentlar fan, ta’lim, san’at, kino va turizm sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirish zarurligini qayd etdilar.
Kelgusi yilda ikkala mamlakatda barcha viloyatlar ishtirokida Madaniyat va kino kunlari, yoshlar festivallari o‘tkaziladi.
Belgilangan maqsadlarga erishishda Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanishi muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
- Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashga, ikki mamlakatning ravnaqiga xizmat qilishiga ishonamiz, - dedi muzokaralar yakunida O‘zbekiston yetakchisi. * * * * *
* * * * *
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida hujjatlarni imzolash va almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar.
Bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligini kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar, shu jumladan:
- O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida siyosiy muloqot, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy hamkorlik, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish bo‘yicha 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan Amaliy harakatlar rejasi;
- Ikki tomonlama tashqi iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish to‘g‘risida bitim;
- O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston hududlarida savdo uylari faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida bitim;
- Ilmiy-texnik hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha Amaliy chora-tadbirlar rejasi;
- Dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ro‘yxatga olish to‘g‘risida bitim imzolandi.
Shuningdek, elektr eneregetikasi, bojxona ishi, veterinariya va chorvachilik, kinematografiya va boshqa yo‘nalishlar yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
* * * * *
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va u orqali qardosh turkman xalqiga samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Turkmanistonda Serdar Berdimuhamedovning rahbarligida izchil amalga oshirilayotgan ichki va tashqi siyosat tufayli davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida erishilayotgan katta yutuqlardan O‘zbekiston chin dildan xursand ekani ta’kidlandi.
Ushbu yangilanishlarning asoschisi Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ekani alohida qayd etildi.
Mushtarak siyosiy iroda tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlariga mutlaqo yangi ruh bag‘ishlangani va ikki tomonlama hamkorlik strategik tus olgani ta’kidlandi.
Bugungi muzokaralar yakunida ham ikki tomonlama formatda, ham xalqaro maydonda yanada yaqindan hamkorlik qilishga qaratilgan Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi.
- Turkmaniston bilan sheriklikni yanada mustahkamlash – O‘zbekiston tashqi siyosatining o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishi, - dedi davlatimiz rahbari.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida mamlakatlarimizdagi ulkan salohiyatni qardosh xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida ishga solishning keng imkoniyatlaridan foydalanish va samarali mexanizmlarni joriy qilishga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishni O‘zbekiston-Turkmaniston sherikligining asosi sifatida belgilab oldilar.
Shuningdek, bugun zamonaviy infratuzilmaga ega Chegaraoldi savdo zonasi qurilishi boshlanadi.
- Bu tovar ayirboshlashning oshishi, biznes aloqalarining kengayishi, mamlakatlarimiz hududlarida yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Bundan tashqari, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalarida loyihalarni amalga oshirish orqali kooperatsiya aloqalarini faol rivojlantirishga kelishib olindi.
Suvdan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy tusdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish borasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan oqilona foydalanish uchun konstruktiv muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Parlamentlararo muloqot va xalq diplomatiyasini yanada kengaytirish, hududlararo aloqalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
- Madaniy-gumanitar aloqalar qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlikning tamal toshi, asosi bo‘lib kelgan, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash maqsadida kelgusi yilda ikki tomonlama Madaniyat va kino kunlari, festivallar va boshqa tadbirlarni o‘tkazishga kelishib olindi.
Davlatlarimizning xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan pozitsiyalari mushtarak ekani qayd etildi.
BMT, YXHT, MDH, ShHT, TDT, OQXF va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol hamkorlik davom ettiriladi.
- Biz Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasidagi mintaqaviy hamkorlikni bundan buyon ham mustahkamlashga kelishib oldik, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Bundan tashqari, davlat rahbarlari Afg‘onistonda vaziyatni tez fursatda barqarorlashtirish va muhim infratuzilma loyihalarini ilgari surishga qaratilgan sa’y-harakatlarni kengaytirishga ahdlashib oldilar.
O‘z bayonotining yakunida Shavkat Mirziyoyev sermahsul muzokaralarning natijalari O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik har tomonlama mustahkamlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
* * * * *
Turkmanistonga rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu mamlakat Parlamentining yuqori palatasi raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov tomonidan boshlangan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar kuchli Turkmanistonni barpo etish uchun mustahkam poydevor bo‘lganini alohida qayd etdi.
- Bugun qardosh Turkmaniston milliy birlikni va tarixiy-madaniy an’analarni saqlash asosida jadal rivojlanmoqda. Bu butun dunyoda o‘zining yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ldi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Gurbanguli Berdimuhamedov birodar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga hamda ularni chuqur strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga shaxsan hissa qo‘shgani alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston-Turkmaniston aloqalari o‘zaro hal bo‘lmagan masalalardan xoli davlatlararo sheriklikning haqiqiy namunasi ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro hamkorlik masalalarining keng doirasi muhokama qilindi.
Parlamentlarimiz o‘rtasidagi muloqot xalqlarimizning yanada yaqinlashishida eng muhim omil ekani ta’kidlandi.
- Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning bajarilishini monitoring qilish uchun parlamentlararo hamkorlik salohiyatidan bundan buyon ham samarali foydalanishimiz lozim, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuv so‘ngida Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyevga turkman xalqi alohida qadrlaydigan alabay zotli kuchuk sovg‘a qildi.
* * * * *
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahridagi “Halk hakydasy” (“Xalq xotirasi”) yodgorlik majmuasida bo‘ldi.
Bu majmua 1880-1881-yillardagi Go‘ktepa jangi, Ikkinchi jahon urushi va 1948-yildagi Ashxobod zilzilasiga bag‘ishlangan uch qismdan iborat. Markaziy monument ortida shu mudhish voqealar haqida hikoya qiluvchi muzey ham bor.
Davlatimiz rahbari o‘tganlar xotirasiga hurmat bajo keltirib, yodgorlik poyiga gul qo‘ydi. Muzey eksponatlari bilan tanishib, Faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.
* * * * *
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga rasmiy tashrifi doirasida Mahtumquli nomidagi Turkmaniston davlat universitetiga tashrif buyurdi.
Yoshlar, san’at ustalari davlatimiz rahbarini tantanali kutib oldi.
Prezidentimizga ushbu universitetning Faxriy professori unvonini berish marosimi bo‘ldi. Universitet rektori Bayramgul Orazdurdiyeva va Turkmaniston Fanlar akademiyasi prezidenti Allaberdi Ashirov Shavkat Mirziyoyevga Faxriy professor libosi va tegishli unvon berilgani to‘g‘risidagi sertifikatni tantanali topshirdilar.
Uchrashuv ishtirokchilariga murojaatida mamlakatimiz yetakchisi ushbu unvon uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston Prezidenti ta’lim va tarbiya azal-azaldan davlatlar va xalqlar taraqqiyotini belgilab beruvchi, ularning qudratini yuksaltiruvchi kuch bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.
- Har qanday jamiyatning kelajagi bugungi yosh avlod naqadar bilimli va har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishiga bevosita bog‘liq. Aynan shuning uchun O‘zbekistonda, Turkmanistonda bo‘lgani kabi, ta’lim-tarbiya tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bizning maqsadimiz – Yangi O‘zbekiston yoshlarini dunyoqarashi keng, kreativ fikrlaydigan, Vatan taqdiri uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor barkamol shaxslar sifatida voyaga yetkazish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida xalqaro siyosat masalalariga to‘xtalib, vujudga kelayotgan yangi xatar va tahdidlarga o‘z vaqtida javob qaytarish uchun mintaqa mamlakatlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.
- Vaziyatdan chiqishning birma-bir yo‘li – har bir davlat, har bir xalqning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan konstruktiv muloqot, - dedi Prezidentimiz.
O‘zbekiston Turkmaniston bilan xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan samarali hamkorlik qilayotgani, BMT va boshqa tashkilotlar doirasida bir-birini faol qo‘llab-quvvatlab kelayotgani ta’kidlandi.
So‘zining yakunida Shavkat Mirziyoyev Mahtumquli nomidagi Turkmaniston davlat universiteti yuqori malakali kadrlarni tayyorlashning shonli an’analarini davom ettirishi, uning bitiruvchilari esa Turkmanistonni yanada rivojlantirishdek olijanob maqsadga sharaf bilan xizmat qilishlariga ishonch bildirdi.
Turkmaniston davlat universiteti mamlakatning birinchi va eng yirik universiteti. U 1931-yilda ochilgan Ashxobod pedagogik instituti negizida tashkil etilgan.
O‘zbekiston Prezidenti universitet hayotiga oid ko‘rgazmani ham ko‘zdan kechirdi.
Bu yerda faoliyat yuritayotgan 12 ta – matematika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya, tarix, turkman va xorijiy tillar, axborot texnologiyalari va huquqshunoslik fakultetlarida 7 mingdan ziyod talaba tahsil olmoqda.
* * * * *
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamrohligida Ashxobodda “Toshkent” bog‘ining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
Bog‘ Turkmaniston poytaxtining Maxtumquli shohko‘chasida, gavjum maskanda joylashgan. Uch gektar maydonda landshaftli gulzorlar tashkil etilgan, Toshkentning diqqatga sazovor joylari nusxalari barpo etilgan.
Davlat rahbarlari bu yerda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Ezgu niyatlar ifodasi sifatida boqqa daraxtlar ekdi.
O‘zbek va turkman milliy kuy-qo‘shiqlari ijro etildi. Prezidentlar shu yerda to‘yini nishonlayotgan yosh oilaga baxt-saodat tiladi.
Marosimda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari, Ashxobod jamoatchiligi vakillari, yoshlar qatnashdi.
Ma’lumki, Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Toshkentda “Ashxobod” bog‘i ochilgan edi. Bu ikki bog‘ O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlari o‘rtasidagi uzviy rishtalarning ifodasi bo‘ldi.
Shu yerda “Xorazm – Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasining qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi.
Chegaraoldi savdo zonasi ikki mamlakatning chegaradosh hududida, “Shovot - Toshovuz” o‘tkazish punkti yonida qurilmoqda.
Bugun ushbu maskanni barpo etishni ishlarini davom ettirish va uning faoliyatini tartibga solish bo‘yicha bayonnoma ham imzolandi. Hududda savdo rastalari, omborxonalar, konteynerlar uchun maydonchalar va tadbirkorlar uchun ish joylaridan iborat zamonaviy infratuzilma yaratish rejalashtirilgan. Ushbu savdo hududi o‘zaro savdoning oshishiga, biznes aloqalarning faollashishiga xizmat qiladi.
Xorazm va Toshovuz viloyati oqsoqollari, mutasaddilar videoaloqa orqali barchani ushbu voqea bilan tabriklab, qurilishni boshlashga ruxsat so‘radi.
O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari bu xayrli ishga oq fotiha berdi.
Ikki xalq do‘stligi va farovonligiga xizmat qiladigan yana ko‘plab qo‘shma loyihalar amalga oshirilishiga ishonch bildirildi.
* * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga rasmiy tashrifi samarali bo‘ldi. Davlatimiz rahbarini Ashxobod aeroportida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov kuzatib qo‘ydi.
Ikki mamlakat o‘rtasida Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida deklaratsiya imzolandi. Shuningdek, hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘ndan ortiq hujjat qabul qilindi.
Prezidentimizga Turkmaniston davlat universitetining Faxriy professori unvoni berilgani, Ashxobod shahrida «Toshkent» bog‘i ochilgani, «Xorazm - Toshovuz» chegaraoldi savdo markazi qurilishi boshlangani tashrifning muhim voqealari bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tashrifni yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti