O‘zbekiston va Pokiston ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishda davom etadi
2021-yilning 23-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov hamda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud shu yilning iyul oyida Pokiston Bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishini muhokama qildilar, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning kun tartibini ko‘rib chiqdilar.
Tomonlar birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirish va savdo-iqtisodiy, sanoat, investitsiyalar, transport va logistika sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha rejalashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Ular, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risida bitimni imzolashga tayyorgarlik ko‘rish doirasi o‘zaro hamkorlikka oid masalalarni muhokama qildilar hamda mavjud masalalarni kelishishni tezlashtirish maqsadida ikki tomonlama muzokaralarni jadallashtirishga kelishib oldilar. Shuningdek, shu yilning iyul oyida imzolangan Savdo va tranzit bo‘yicha bitimni hayotga tatbiq etishning aniq mexanizmlari va har ikki tomonning mas’ul shaxslari ko‘rsatilgan holda “Yo‘l xaritasi” ham yaqin kelajakda kelishib olinadi.
Transport va logistika hamkorligi mavzusiga to‘xtalib, tomonlar barqaror tranzit tashishni ta’minlash bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ko‘rishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Bank-moliya sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar joriy yilning iyul oyida Toshkentda Pokiston tomoni bilan ikki tomonlama tadbirlar davomida erishilgan barcha kelishuvlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi yuzasidan kelishish jarayonini yakuniga yetkazishga axd qildilar.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi veb-sayti