O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga davlat tashrifi doirasida 19-aprel kuni ushbu mamlakat Oliy Majlisi Namoyandagon majlisi Raisi Mahmadtoir Zokirzoda bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida bugun yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Parlamentlararo almashinuvni yanada faollashtirish, kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar dasturlarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish uchun sohaviy qo‘mitalar va hududiy kengashlar darajasida samarali aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Qabul qilingan hujjatlarni xatlovdan o‘tkazish hamda oliy darajadagi kelishuvlarning o‘z vaqtida ro‘yobga chiqarilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda ikki mamlakat deputatlarining muhim roli qayd etildi.
* * * * *
Dushanbega davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-aprel kuni Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi.
O‘zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari kecha Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida tarixiy shartnoma imzolanganini ta’kidladi. Shu ma’noda, oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlar ikki mamlakat hukumatlari tomonidan so‘zsiz amalga oshirilishi muhim ekani qayd etildi.
Shu maqsadda qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va Bosh vazirlarning uchrashuvlarini tizimli ravishda tashkil etib borish zarur.
Tovar ayirboshlashni oshirish, chegaraoldi savdoni va savdo infratuzilmasini rivojlantirish, avtomobilsozlik, energetika, elektrotexnika, qazib chiqarish, to‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish ustuvor vazifalar sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Ikki mamlakat hududlarining salohiyatidan to‘liq foydalanish hamda madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
* * * * *
O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi doirasida mamlakatimizning Dushanbe shahridagi elchixonasi yangi binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlari ramziy tasmani kesib, O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi binosini ochib berdilar. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi.
Prezidentlar elchixona binosida diplomatlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Elchixonada mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan ishlarni samarali tashkil etish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon elchixona Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z tilaklarini yozib qoldirdilar.
* * * * *
Dushanbega tashrif chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan birgalikda poytaxt Ekspo markazida tashkil etilgan O‘zbekiston sanoat ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi.
Yetakchilar “Made in Uzbekistan” brendi ostida tashkil etilgan pavilon bilan tanishdilar. Unda mamlakatimiz avtomobilsozligining yuqori texnologik mahsulotlari, elektr va qishloq xo‘jaligi texnikasi, tayyor oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo, to‘qimachilik, farmatsevtika va boshqa sanoat tarmoqlarining tovarlari namoyish etilgan.
Davlat rahbarlari yetakchi korxonalar kooperatsiyasini kengaytirish, o‘zaro tajriba va texnologiyalar bilan almashish zarurligini ta’kidladilar.
* * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga yetdi.
Kuni kecha O‘zbekiston rahbari Prezident Emomali Rahmon bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazdi. Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarda yangi tarixiy bosqichni boshlab bergan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.
Prezidentlarning farmonlari bilan yuksak faxriy unvonlarga sazovor bo‘lgan ikki mamlakat madaniyat va san’at arboblaridan bir guruhini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Yetakchilar birgalikda “Do‘stlik oqshomi” konsert dasturini tomosha qildilar.
Bugun Prezidentimiz Tojikiston Parlamenti quyi palatasi Raisi Mahmadtoir Zokirzoda va Bosh vazir Qohir Rasulzoda bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Davlat rahbarlari mamlakatimizning Dushanbedagi elchixonasi yangi binosini tantanali ravishda ochib berdilar hamda O‘zbekiston sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdilar.
Dushanbe xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Prezident Emomali Rahmon kuzatib qo‘ydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti