Mukofotlar
DAVLAT MUKOFOTLARI
Shavkat Miromonovich Mirziyoyev davlat va boshqaruv organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yuksaltirish ishiga ulkan hissa qo‘shgani uchun “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.
“Mehnat shuhrati” ordeni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari O‘zbekistonda iqtisodiyot va madaniyat yuksalishiga, xalq farovonligi oshishiga, tinchlik va barqarorlik saqlanishiga xizmat qiladigan ulkan ishlari uchun mukofotlanadilar.
“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mamlakatning iqtisodiy va madaniy yuksalishiga, mudofaa qudratini kuchaytirish va milliy xavfsizligini ta’minlashga, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni, millatlararo hamjihatlikni mustahkamlashga, xalq farovonligini oshirishga katta hissa qo‘shgan, o‘zining iste’dodi, bilim va tajribasini Vatanimiz ravnaqiga baxsh etib, fidoyilik namunasini ko‘rsatib kelayotgan fuqarolar va harbiy xizmatchilar mukofotlanadi.
XALQARO MUKOFOTLAR
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev keng ko‘lamli siyosiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirgani, mintaqada yaxshi qoʼshnichilik muhitini yaratish va hamkorlikni rivojlantirishda yetakchi boʼlgani, xalqlar oʼrtasida madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga katta hissa qoʼshgani uchun xorijiy davlatlar hamda xalqaro tashkilotlarning bir qator orden va faxriy unvonlari bilan mukofotlangan:
Qirg‘iz Respublikasi Prezidentining 2017-yil 22-noyabrdagi farmoniga muvofiq “Danaker” ordeni bilan
Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-martdagi farmoniga muvofiq “Do‘stiq” ordeni bilan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nagoya universitetining Faxriy doktor unvoni va boshqa mukofotlar bilan taqdirlangan.