O‘zbekiston – Serbiya munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi

28-oktabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichni rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif etdi.
Ikki davlat madhiyalari yangradi. Harbiy orkestr sadolari ostida yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar. Rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Birgalikda suratga tushilgandan so‘ng davlat rahbarlarining delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari boshlandi.
* * * * *
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Serbiya yetakchisini samimiy qutlar ekan, hamkorlik davridagi birinchi sammit tarixiy ahamiyatga ega bo‘lishini va O‘zbekiston – Serbiya munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishini ta’kidladi.
– Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan yilda rasmiy tashrifingiz tarixiy voqeadir. O‘zbekistonda Serbiyaga katta xayrixohlik bilan qarashadi. Xalqlarimizni mustahkam do‘stlik rishtalari va o‘xshash mentalitet bog‘lab turadi, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Muzokaralarda alohida e’tibor tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, agrosanoat majmui, turizm hamda ko‘plab boshqa muhim tarmoqlarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlash masalalariga qaratildi.
“Markaziy Osiyo – Bolqon” yo‘nalishida yangi transport yo‘laklarini, jumladan, Transkaspiy koridori doirasida rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida kelgusi yilda Toshkent shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi.
Tartibli mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
* * * * *
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.
Yetakchilar huzurida hukumatlararo va idoralararo hujjatlar to‘plamini qabul qilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Jumladan:
– Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida bitim;
– Iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Tibbiy xizmatlar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Muhandislik, ilg‘or texnologiyalar, sun’iy intellekt va turdosh sohalardagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Diplomatik kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
– Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan dastur;
– Mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
– Sport va jismoniy tarbiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
– Toshkent va Belgrad shaharlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim.
* * * * *
O‘zbekiston bilan Serbiya o‘rtasidagi oliy darajadagi muzokaralar yakunida Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi bo‘ldi.
Faxriy mehmonlar xiyobonida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik hamda sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga, ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishga mushtarak intilish ifodasi sifatida daraxt ekdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti