O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida tarixiy bitim imzolandi

24-oktabr kuni Bryussel shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Hujjat 1996-yilgi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga asoslangan O‘zbekiston – Yevropa hamkorligining huquqiy bazasini yangilaydi hamda sezilarli darajada kengaytiradi.
Yangi bitim loyihasi bo‘yicha muzokaralar 2019-yil fevral oyida boshlanib, 2022-yil iyul oyida yakunlangan. Hujjat 2022-yil 6-iyul kuni Bryussel shahrida parafirlangan edi.
Bitim 9 ta bo‘lim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat. U ikki tomonlama munosabatlarning deyarli barcha sohalarini qamrab oladi hamda siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo va investitsiyalar, barqaror rivojlanish, fan va ta’lim, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishiga alohida e’tibor qaratgan holda barcha o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish uchun keng qamrovli huquqiy asosni shakllantiradi.
Bitimning imzolanishi O‘zbekiston va YI munosabatlarida yangi bosqichni boshlab beradi hamda ko‘p qirrali sheriklikni misli ko‘rilmagan yuksak darajaga olib chiqadi.
* * * * *
Bryusseldagi Yevropa kengashi bosh qarorgohi – “Yevropa” binosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko‘p qirrali O‘zbekiston – Yevropa hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yetakchilar bugun imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi tarixiy bitimni yuqori baholadilar. Ushbu keng qamrovli hujjat O‘zbekiston bilan YI hamkorligining nafaqat huquqiy asoslarni kengaytirishi, balki yangi kun tartibini shakllantirishi ta’kidlandi.
Shuningdek, bitim birlashmaga a’zo davlatlar bilan, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, iqlim, yuqori texnologiyalar va madaniy-gumanitar hamkorlik sohalaridagi aloqalarga kuchli sur’at bag‘ishlaydi.
Tomonlar O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligi bo‘yicha YI bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlanganini ham olqishladilar.
Barcha darajalarda faol, sermahsul muloqot va almashinuvlar amalga oshirilayotgani katta mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Tashrif arafasida O‘zbekiston delegatsiyasi Yevropa Ittifoqining “Global darvoza” ikkinchi forumida ishtirok etdi. Yaqinda Hamkorlik kengashi hamda Iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar bo‘yicha kichik qo‘mita yig‘ilishlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Kecha yirik qo‘shma biznes forumi o‘tkazilgan bo‘lsa, bugun Yevropaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ular natijasida energetika, kimyo, muhim minerallar, logistika, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida umumiy qiymati 10 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi. Bu Yevropa kompaniyalari ishtirokidagi umumiy qiymati 40 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan hozirgi loyihalar portfeliga salmoqli qo‘shimchadir.
Sheriklikning yuqori sur’atini saqlab qolish uchun hamkorlikning institutsional mexanizmlarini yanada mustahkamlash, investitsiyalar, muhim minerallar, energetika, transport, fan va ta’lim sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. Ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni mustahkamlash uchun viza tartibotlarini soddalashtirish muhimligi qayd etildi.
Yetakchilar xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti