O‘zbekiston Prezidenti Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-sentabr kuni Xitoyga rasmiy tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda “China Gold”, “China Coal Resources”, “China Datang Corporation”, “Tianjin Rail Transit Group”, “Poly Changda”, “Tianjin Urban Construction”, “Jinchuan Group”, “China Synfuels”, “Jinchuan”, “ST Wonderful”, “Mizuda”, “World Agriculture”, “Dongzhu Ecology” va boshqa kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari Xitoy biznesining O‘zbekistonga qiziqishi har doimgidek yuqori ekanini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘tgan yilning o‘zida investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi.
Uchrashuvda energetika, geologiya, qishloq va suv xo‘jaligi, kimyo, zargarlik sanoati, jamoat transportini modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish va turizm sohalarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Pekin shahrida “China National Building Materials” (CNBM) kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Chjou Yuysyanni qabul qildi.
Xitoyning CNBM kompaniyasi qurilish materiallari ishlab chiqarish, qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish, muhandislik-texnik yechimlarni taqdim etish bo‘yicha eng yirik konglomeratlardan biri sifatida dunyo kompaniyalarining TOP-500 taligiga kiradi.
Uchrashuvda kompaniya tomonidan nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, shamol va quyosh elektr stansiyalari, energiyani saqlash tizimlarini qurish, muqobil energetika obyektlari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish kabi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi. Xitoy kompaniyasining yurtimiz sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha dasturda ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratildi.
Erishilgan kelishuvlarni jadallashtirish va amalga oshirish uchun alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish topshirildi.
* * * * * * *
Pekin shahriga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “China National Petroleum Corporation” (CNPC) kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Day Xoulyanni qabul qildi.
Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi uglevodorod xomashyosini qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha yuqori texnologik loyihalarni mamlakat ichida va tashqi bozorlarda amalga oshirishga ixtisoslashgan dunyoning eng yirik energetika kompaniyalaridan biridir. Kompaniyaning bozor kapitallashuvi 200 milliard dollardan ziyod.
Uchrashuvda CNPCning mamlakatimizga kiritgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 5 milliard dollardan oshgani ta’kidlandi.
Xitoy kompaniyasi bilan investitsiyaviy hamkorlik portfelini kengaytirish va yerosti tabiiy gaz saqlash inshootlarini qurish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, zamonaviy metrologik standartlar hamda innovatsion yechimlarni joriy qilish loyihalarini ilgari surish rejalari ko‘rib chiqildi.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pekin shahriga tashrifi doirasidagi ishbilarmonlik uchrashuvlarining navbatdagisi “China National Nuclear Corporation” (CNNC) raisi Shen Yanfen bilan bo‘ldi.
Xitoy milliy yadro korporatsiyasi fuqarolik yadro dasturlari sohasidagi eng yirik davlat korxonasidir. Kompaniya uranni qidirish va boyitishdan tortib, Xitoy va xorijda atom elektr stansiyalarini qurishgacha bo‘lgan loyihalarning to‘liq zanjirini amalga oshiradi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari “CNNC” raisi va jamoasini Xitoy atom sanoatining 70-yilligi bilan qutladi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xitoy kompaniyasining zamonaviy texnologiyalar transferi va uran konlarini o‘zlashtirishdagi ishtiroki, istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek, tinch atom sohasida kooperatsiyani kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
* * * * * * *
Xitoyga rasmiy tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Henan Investment Group” kompaniyasi bosh direktori Chju Xunbin bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Xitoyning energetika va infratuzilmani rivojlantirish sohasidagi yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lgan “Henan Investment” qurilish, sanoat, energetika, ekologiya va sog‘liqni saqlash sohalarida loyihalarni amalga oshirmoqda. Kompaniya aktivlari 50 milliard dollardan ziyod.
O‘zbekistonda ko‘mir konlarini o‘zlashtirishda ilg‘or texnologik yechimlarni joriy qilish, zamonaviy elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlarini loyihalashtirish va qurish, biomahsulotlar ishlab chiqarish, chiqindilarni qayta ishlab, toza energiya ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarining amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari Xitoy kompaniyasi ishtirokidagi loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish bo‘yicha topshiriq berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti