Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun kurashgan qahramon ajdodlar jasorati – ulkan ibrat maktabi

Mustaqil mamlakatda, ozodlik va osoyishtalik muhitida yashab, bayramlar qilar ekanmiz, bu kunlarni sog‘ingan, buning uchun kurashgan insonlar beixtiyor yodimizga tushadi. Millatning xotirasi, g‘ururi, vijdoni borki, ularning fidoyiligi beiz ketmaydi, avlodlar tomonidan hamisha e’zozlanadi.
Istiqlol bayrami arafasida o‘tadigan Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunida ana shunday teran mohiyat mujassam.
Ushbu sana munosabati bilan 29-avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar yig‘ildi.
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Vatan fidoyilari haqiga Qur’on tilovat qilindi. Elga osh tortildi.
Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Shu yerda ulamo va ziyolilar bilan tarixni o‘rganish va yoshlarga o‘rgatish, mustaqillik va tinchlikni qadrlash haqida muloqot bo‘ldi.
– Har yili Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan ota-bobolarimiz haqlariga duo qilamiz. Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun kurashgan qahramon ajdodlarimiz jasorati biz uchun doimo ibrat maktabi bo‘lib qoladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Ma’lumki, o‘sha mash’um yillarda 100 mingdan ziyod begunoh vatandoshimiz qatag‘on qilingan. Minglab yurtdoshlarimiz “xalq dushmani” degan nohaq ayblov bilan otib tashlangan, undan ham ko‘pi surgun qilingan. Ularning ortidan minglab ayollar beva, bolalar yetim bo‘lib qolgan. Oradan qariyb bir asr o‘tgan bo‘lsa-da, o‘sha mudhish davrni chuqur iztirob bilan esga olamiz.
Bular bugungi erkin hayotimizni yanada qadrlashga, mustaqillikni mustahkamlashga undashi ta’kidlandi.
– Vatanimiz fidoyilarini ulug‘lash, xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – So‘nggi sakkiz yilda 1 ming 200 dan ziyod jafokash bobolarimiz nomi oqlandi. “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi rekonstruksiya qilinib, minglab yangi hujjatlar bilan to‘ldirildi. Hududlarda ham shunday muzeylar tashkil etildi. Bu yil jadidchilik harakatining yo‘lboshchisi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlayapmiz. Buxoro shahrida Jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil qilinmoqda.
Endi bularning mazmunini, “tirik” tariximizni xalqimizga kengroq yetkazish kerak.
Mana, o‘tgan yildan e’tiboran, har yili oktyabrning birinchi haftasini Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida belgiladik. Bu yil ushbu tadbir Xotira va tarbiya haftaligi sifatida o‘tkaziladi. Xo‘sh, bu haftalikda xalqimizga nimalarni yetkazamiz, yoshlarimizga nimani o‘rgatamiz? Tarixchi olimlar, yozuvchi-shoirlar bilan birga buni chuqurroq o‘ylab, xalqchil, ommabop qilib yo‘lga qo‘yish kerak. Maktab va universitetlarda qo‘shimcha darslar, telekanallarda maxsus ko‘rsatuvlar berish, yoshlar o‘rtasida tanlovlar o‘tkazish mumkin. Mustaqillik qanday buyuk ne’mat ekanini, qanday kuchli ajdodlarimiz borligini elning qon-qoniga singdirish kerak. Agar yoshlarimiz ruhan kuchli bo‘lsa, o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yadi, fanlarniyam yaxshi o‘rganadi, yetuk shaxslar bo‘lib yetishadi.
Bu borada millat oydinlari hayotini o‘rganish g‘oyat muhim ekani ta’kidlandi.
– Jadid bobolarimiz har sohada ilg‘or edi. Birinchi o‘zbek romani, teatr va kino asarlari, turli fanlar bo‘yicha darsliklarni aynan ular yaratgan. O‘tgan asrning 20-yillarida Germaniyada tahsil olgan turkistonlik talabalar qatag‘on qilinmaganida, butun jamiyatni o‘zgartirardi. Bor tariximizni to‘g‘ri yetkaza olsak, yoshlarimiz boshqa qahramon izlamaydi, yetuk bobolarimiz buning uchun tayyor namuna, – dedi Prezident.
Bunday ma’naviy asos umummilliy birlik va barqarorlik uchun ham zarur. Bugun dunyodagi vaziyat tahlikali bo‘lib boryapti. Davlatlarning mustaqilligiga tahdidlar paydo bo‘lyapti. Bularning barchasi bizdan doimo ogoh va hamjihat bo‘lib, islohotlarni izchil davom ettirishni talab qiladi.
Yaratganga shukrlar bo‘lsinki, yurtimiz tinch, odamlar ertangi kunga ishonch bilan yashayapti. Bu – eng katta boyligimiz.
Ulamolar yurtimizdagi shu tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka barqaror bo‘lishini tilab duolar qilishdi.
* * * * * * *
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.
Yurtimizning qadimgi tarixidan to bugunigacha bo‘lgan eng muhim voqealar, buyuk alloma va jahongir bobolarimiz siymolari aks etgan mazkur majmua Mustaqillik ramziga aylangan. Uning eng yuqori qismidagi Humo qushi mamlakatimiz gerbi, xalqimizning ezgu qadriyatlarini ifodalaydi.
Davlatimiz rahbari mazkur monument ona Vatanimiz, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash, qahramon xalqimiz sharafiga bunyod etilgan buyuk obida ekanini ta’kidlagan edi.
Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘yish marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Toshkent shahar jamoatchiligi vakillari ham ishtirok etdi.
* * * * * * *
Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Yangi O‘zbekiston ko‘chasida barpo etilgan yerosti avtomobil yo‘lini ko‘zdan kechirdi.
Yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va transportlar harakatiga qulaylik yaratish – muntazam jarayon. Bu, ayniqsa, aholi soni oshib, hududi kengayib borayotgan Toshkent uchun dolzarb masala.
Xususan, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston ko‘chasida istirohat bog‘i, uy-joylar, universitet va Olimpiya shaharchasi qurildi. Bu ko‘cha kelgusida Yangi Toshkent shahriga olib boruvchi asosiy yo‘llardan biri bo‘ladi.
Shu bois, Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab uzunligi 468, kengligi 25 metr bo‘lgan yerosti avtomobil yo‘li barpo etildi. U soatiga 10 mingdan ziyod avtomobilni o‘tkazish imkoniyatiga ega.
Tunnelning usti yashil hududga aylantirilib, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i bilan Olimpiya shaharchasi o‘rtasida piyodalarning xavfsiz harakatlanishi ta’minlandi.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishda loyihalashtirilgan metro yo‘li uchun tunnel va bekat ham qurildi.
Aytish joizki, yurtimizda amalga oshirilayotgan har bir loyihada ekologik jihatlar alohida inobatga olinadi. Yangi O‘zbekiston ko‘chasida barpo etilgan yerosti avtomobil yo‘li mashinalarning vaqt sarfini 2 barobarga qisqartirib, kuniga 1 tonna yonilg‘i iqtisod qilinishiga va atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar miqdori 2 tonnaga kamayishiga sabab bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari yerosti avtomobil yo‘lining zamonaviy standartlar asosida tashkil etilganiga e’tibor qaratdi. Bu kabi ravon yo‘llar xalqimizga qulaylik yaratib, turizm rivojiga hissa qo‘shishi qayd etildi.
* * * * * * *
Mazkur ulkan va noyob loyiha O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 23-iyundagi qaroriga binoan boshlanib, 2018-yilgi Ramazon hayiti kuni unga poydevor qo‘yilgan edi. Bugungi kunda bunyodkorlik ishlari yakuniy bosqichga kirgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni markazga tashrif buyurib, so‘nggi pardozlash va jihozlash ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Mahobatli inshoot qadimgi me’moriy obidalarimiz shaklida bunyod etilmoqda. Milliy gumbaz va peshtoqlar, naqshlarning ajoyib uyg‘unligi unga alohida ko‘rk bag‘ishlagan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan.
Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda musulmon dunyosining ma’naviy durdonasi – qadimiy Usmon Mus'hafi joylashtiriladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, O‘zbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitobimiz nusxalari va ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari qo‘yiladi. Jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qur’onlardan namunalar ham o‘rin oladi.
Prezidentimiz ushbu zaldagi so‘nggi pardozlash ishlarini ko‘rib, mutasaddilarga o‘z tavsiyalarini berdi.
Markazda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. Bu yerda turli xalqaro uchrashuvlar anjumanlar o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratilgan, eng so‘nggi rusumdagi texnika vositalari bilan jihozlangan.
– O‘zbekiston ulug‘ tarixga ega. Buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ilmiy va madaniy meros insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Ular bilan dunyo hamjamiyatini xabardor qilishda ushbu markazning o‘rni beqiyos bo‘lishiga ishonaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda”, “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” kabi bo‘limlar tashkil etiladi. Mazkur davrlar tarixi turli ashyolar, qo‘lyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan. Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Ali Qushchi kabi alloma va mutafakkirlarning serqirra faoliyati haqida ma’lumot berilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi ulamolarning islom ma’rifatiga qo‘shgan hissasi atroflicha yoritilgan.
Ayni vaqtda majmuada Bibixonim, Xonzodabegim, Gavharshodbegim, Gulbadanbegim, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin kabi tariximizda chuqur iz qoldirgan mashhur ayollarning ilm-ma’rifat homiysi sifatidagi faoliyati ham o‘z ifodasini topgan.
Markazda ulug‘ ajdodlarimiz merosini chuqur tadqiq qilish, uni bugungi kunning o‘tkir muammolariga javob bera oladigan hayotbaxsh kuchga aylantirish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi va boshqa xalqaro ilmiy-ma’rifiy tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi, zamonaviy tahdidlarga munosib ilmiy javoblar topiladi.
Davlatimiz rahbari markazdagi bunyodkorlikni yuqori baholab, uning faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, ma’no-mazmunini boyitib borish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
– Sakkiz yil davomida bu yerda katta mehnat qilindi. Shunday salobatli va chuqur mazmunli markaz qurdik. Bu yerga keladigan mehmonlar xalqimizning boy tarixi, ajdodlarimiz bilim va tafakkuriga tan beradi, o‘ziga katta ma’naviy quvvat oladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz markazga tutash hududda barpo etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish inshootlari bilan ham tanishdi. Bu kelgusida turizmni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti