O‘zbekiston va Bolgariya o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytiradi

10-iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.
Qarorgoh oldidagi maydonda ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
Prezidentimiz oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif etdi.
Davlat madhiyalari yangradi. Harbiy orkestr sadolari ostida yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Birgalikda suratga tushishdan so‘ng davlat rahbarlarining delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari boshlandi.
* * * * * * *
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radevning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston bilan Bolgariya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Bolgariya yetakchisini samimiy qutlab, so‘nggi 17-yildagi birinchi sammit tarixiy ahamiyatga ega ekanini, O‘zbekiston-Bolgariya do‘stlik va sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishini ta’kidladi.
Parlamentlar, iqtisodiyot va tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik faollashgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari o‘smoqda, kooperatsiyaning yangi yo‘nalishlari va loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Gumanitar almashinuvlar amalga oshirilmoqda, Buxoro va Varna, Samarqand va Plovdiv o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilgan.
Ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida tashqi siyosat idoralari o‘rtasida tizimli aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.
Savdoni, eng avvalo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, kimyo va farmatsevtika mahsulotlari, metall buyumlar va texnologik uskunalar yetkazib berishni kengaytirish orqali ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zaro savdoning o‘sishini rag‘batlantirish maqsadida poytaxtlarda savdo uylari ochish, laboratoriyalarni akkreditatsiyadan o‘tkazish va imtiyozli kredit liniyalari ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Agrosanoat majmui va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, geologiya, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va IT, turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Samarali yerusti va havo transport yo‘laklarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu ma’noda, tomonlar ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.
Mehnat resurslari sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun Sofiya shahrida O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligining vakolatxonasini ochish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Gumanitar aloqalarni, shu jumladan akademik va ilmiy almashinuvlarni faollashtirish, joriy yilda Andijon shahrida yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining uchrashuvini o‘tkazish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, kelgusi yilda O‘zbekiston va Bolgariya madaniyati va kinosi haftaligini tashkil etishga kelishib olindi.
Erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan tizimli nazoratni ta’minlash maqsadida tomonlar qo‘shma "yo‘l xaritasi"ni qabul qilish va Hukumatlararo komissiya hamraislari darajasini oshirish, uning ishiga hududlar va yirik kompaniyalar rahbarlarini jalb qilishga ahdlashildi.
Uchrashuv yakunida Prezident Rumen Radev Prezident Shavkat Mirziyoyevni o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan Bolgariyaga borishga taklif etdi.
* * * * * * *
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.
Yetakchilar huzurida ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi hamda Toshkent va Sofiya shaharlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim almashildi.
* * * * * * *
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi bo‘ldi.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rumen Radev xalqlarimiz do‘stligi va hamkorligi, ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishga mushtarak intilishning ifodasi sifatida Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti