O‘zbekiston va Italiya strategik sheriklikni mustahkamlamoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni 28-may kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Samarqand xalqaro aeroportida Bosh vazirni davlatimiz rahbari kutib oldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.
Tashrifning asosiy tadbirlari 29-may kuni bo‘lib o‘tadi.
Oliy darajadagi muzokaralar va boshqa qator ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
* * * * * * *
Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgach, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Samarqand shahridagi Registon maydonida bo‘ldi.
YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, dunyoga mashhur Registon maydoni buyuk ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyatini aks ettiruvchi mamlakatimizning asosiy tashrif qog‘ozidir. Majmuadagi Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari o‘zining ulug‘vorligi, boy tarixi va betakror me’morchiligi bilan yurtimiz mehmonlarida chuqur taassurot qoldirmoqda.
Oliy martabali mehmonga ushbu Sharq shaharsozligi durdonasining qurilish tarixi, me’moriy yechimlari va bezaklarining o‘ziga xos jihatlari, ushbu maskan bilan bog‘liq muhim voqealar va shaxslar, shuningdek, o‘zbek xalqining madaniy merosi haqida batafsil ma’lumot berildi.
So‘ngra davlat rahbarlari "Silk Road Samarkand" xalqaro turizm markazidagi "Boqiy shahar" tarixiy-etnografik bog‘ida bo‘ldilar. Xalqimizning boy madaniy merosi, hunarmandchilik va amaliy san’atini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar tomosha qilindi. Raqs jamoalarining chiqishlaridan iborat madaniy dastur namoyish etildi.
* * * * * * *
Samarqand shahrida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Melonini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.
Kongress markazi oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif etdi.
Harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Shundan so‘ng oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.
* * * * * * *
Samarqand shahridagi Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Melonining yuzma-yuz hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
2023-yil iyun oyida Rim shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi, shu jumladan yetkazib berilayotgan mahsulotlar turining kengaygani hisobiga qariyb 3 barobar oshdi.
Qo‘shma korxona va loyihalar soni 2 barobar ko‘paydi. Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan metallurgiya, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, turizm va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli kooperatsiya yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi Venetsiyadagi biyennaleda faol ishtirok etdi, Florensiyada ko‘rgazma o‘tkazildi. O‘tgan yil dekabr oyida Rim va Viarejo shaharlarida O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda Turin va Piza universitetlarining filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Aprel oyida rektorlarning ikkinchi forumi samarali o‘tdi.
Tomonlar faol siyosiy almashinuvni davom ettirishni qo‘llab-quvvatladilar.
Joriy yil aprel oyida Samarqandda o‘tgan samarali sammitni hisobga olgan holda Yevropa Ittifoqi institutlari bilan faol hamkorlik davom ettiriladi. Amaliy natijalarga e’tibor qaratgan holda "Markaziy Osiyo - Italiya" sammitini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Savdo sohasida biznesga texnik ko‘mak dasturlarini kengaytirishga kelishib olindi. Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun o‘zbekistonlik eksportchilarni o‘qitish, Toshkentda qo‘shma Sertifikatlash markazini tashkil etish, Muvofiqlikni baholash to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishni tezlashtirish shular jumlasidan.
Davlatimiz rahbari Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan Texnologik sheriklik dasturini ishga tushirishni taklif qildi.
Xususiy tadbirkorlikning innovatsion loyihalari, o‘ta muhim minerallar va qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, avtomobilsozlik uchun butlovchi qismlar, elektrotexnika, energetika, oziq-ovqat, farmatsevtika, qurilish sanoatida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish, to‘qimachilik, charm, mebelsozlik va boshqa tarmoqlar uchun dizayn markazlarini tashkil etish ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Bunday loyihalar Yevropa operatori boshqaruvida Toshkent viloyatida tashkil etiladigan sanoat parkida joylashtirilishi mumkin.
Loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini ishga tushirish uchun qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etish, shuningdek, Italiyaning "SACE" va "SIMEST" davlat agentliklarini jalb qilish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Kompleks "yo‘l xaritasi" asosida qishloq xo‘jaligida keng ko‘lamli ilmiy-texnologik hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Uzum, zaytun, za’faron, sarsabil yetishtirish, agrolaboratoriyalar tashkil etish, biotexnologiyalarni rivojlantirish va agrosug‘urtani joriy qilish bo‘yicha kooperatsiya istiqbollari qayd etildi.
Yangi loyihalarni ilgari surish maqsadida Hukumatlararo guruh ishini qayta tiklash va uning yig‘ilishini biznes forumi bilan birga o‘tkazishga kelishib olindi.
O‘zbekiston va Italiya hududlari o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini kengaytirish doirasida Lombardiya gubernatori Attilio Fontana tashrifi va birinchi Hududlar forumi doirasida amaliy natijalarga erishish muhim ekani ta’kidlandi.
Ta’lim sohasida mamlakatimizda Tushiya universiteti filialini, Piza, Trento, Roma Tre va Ka-Foskari universitetlari bilan ikki tomonlama diplom dasturlarini ishga tushirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
O‘zbekistonda Italiya madaniyati kunlarini o‘tkazishga kelishib olindi.
Tashrif doirasida mehnat migratsiyasi sohada tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bitim imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha kompleks "yo‘l xaritasi"ni tayyorlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
* * * * * * *
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni Strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildilar.
Ular huzurida tashrif doirasida imzolangan, jumladan:
- investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risida;
- strategik ahamiyatga ega xomashyo sohasida hamkorlik to‘g‘risida;
- migratsiya va harakatlanish erkinligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida;
- barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, madaniy merosni saqlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risida;
- Iqlim jamg‘armasi va Italiya qishloq xo‘jaligi konfederatsiyasi bilan hamkorlik, "Sogesid" va "Ansaldo" kompaniyalari bilan "yashil" rivojlanish sohasida hamkorlik to‘g‘risida;
- Tushia, Piza va Turin universitetlari bilan sheriklik to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimlarni almashish marosimi ham o‘tkazildi.
Shuningdek, rasmiy tashrif doirasida Italiya Milliy tadqiqotlar markazi, "SIMEST" va "Danieli" kompaniyalari, Peruja universiteti hamda boshqa tashkilotlar bilan qator hujjatlar imzolandi.
* * * * * * *
Oliy darajadagi O‘zbekiston-Italiya muzokaralari yakunida xalqaro Kongress-markazida Samarqand shahridagi ko‘chaga Rim shahri nomini berishga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu qaror chuqur tarixiy va madaniy aloqalar, strategik sheriklik munosabatlarining hozirgi yuksak darajasini inobatga olgan holda, shuningdek, O‘zbekiston va Italiya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmat ramzi sifatida qabul qilinganini ta’kidladi.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni Samarqand shahridagi Kongress markazida tashkil etilgan "O‘zbekiston va Italiya: sivilizatsiyalar muloqoti" ko‘rgazmasini tomosha qildilar.
Noyob ekspozitsiya ikki mamlakat o‘rtasidagi chuqur tarixiy, ilmiy va madaniy aloqalarga bag‘ishlangan. U "Rim va Kushon imperiyalarining savdo munosabatlari", "Birinchi Uyg‘onish davri", "Marko Polo", "Amir Temur", "Mirzo Ulug‘bek" va "Zahiriddin Muhammad Bobur", "XIX asrda O‘zbekistondagi italiyaliklar", "Ikkinchi jahon urushida o‘zbekistonliklarning Italiyani ozod qilishga qo‘shgan hissasi", "O‘zbekiston va Italiya: madaniy merosni asrash" kabi 9 ta mavzuli bo‘limdan tashkil topgan.
Mehmonlarga Afrosiyobning "Samarqand hukmdori tomonidan elchilarni qabul qilish marosimi" nomli devoriy suratning mashhur italiyalik usta Mauro Pellitsonni tomonidan Florensiya mozaikasi uslubida ishlangan noyob nusxasi namoyish etildi.
Shuningdek, yetakchilar turli tarixiy yodgorliklar, grafik tasvirlar, qo‘lyozma va miniatyuralar, nodir adabiy nashrlar, haykallar, arxiv suratlari va hujjatlari bilan tanishdilar.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni Kongress markazi xiyobonida birgalikda eman ekdilar.
Marosim ikki mamlakat xalqlarining do‘stligi, O‘zbekiston-Italiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga bo‘lgan qat’iy intilishining ramzi bo‘ldi.
Oliy martabali mehmon yurtimizga tashrifni Samarqandning tarixiy obidalarini tomosha qilish bilan davom ettirdi.
Davlatimiz rahbari Samarqandga safarini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti