O‘zbekiston va Sloveniya Prezidentlari qo‘shma biznes forumida ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Lyublyana shahriga tashrif doirasida Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musar bilan birgalikda qo‘shma biznes forumida ishtirok etdi.
Tadbirda ikki mamlakatning 100 dan ortiq yetakchi sanoat va savdo korxonalari rahbarlari va vakillari qatnashdi.
Sloveniya delegatsiyasi “KRKA”, “Duol”, “Emo Frite”, “Panvita”, “Medex”, “Tajfun Planina”, “Altado”, “UVC Solutions”, “Riko” va boshqa ko‘plab kompaniyalardan iborat bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida bugungi oliy darajadagi samarali muzokaralar O‘zbekiston-Sloveniya munosabatlarida, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda yangi sahifa ochganini ta’kidladi.
Jahon iqtisodiyotidagi hozirgi murakkab davrda o‘zaro savdoni ko‘paytirish, kooperatsiya ko‘lamini kengaytirish va milliy iqtisodiyotlarni diversifikatsiya qilish uchun mavjud imkoniyatlardan foydalanish muhim ekani qayd etildi.
O‘zaro tovar yetkazib berish nomenklaturasi va hajmini, shu jumladan to‘qimachilik va meva-sabzavot mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, mis, farmatsevtika mahsulotlari, texnologik uskunalar va yuqori qo‘shilgan qiymatli boshqa tovarlar hisobidan ko‘paytirish orqali yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 500 million yevroga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturini qabul qilish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidenti iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirishning muhim yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi. Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, elektrotexnika jihozlari, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, meva-sabzavotlarni saqlash va qayta ishlash, "yashil" energetika obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish shular jumlasidan.
Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni, shu jumladan Sloveniyaning "Koper" porti imkoniyatlaridan foydalanish va ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish orqali rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonda Sloveniya fuqarolari uchun joriy etilgan vizasiz tartib ishbilarmonlik, gumanitar va sayyohlik almashinuvlarini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston yetakchisi uchrashuv ishtirokchilarining e’tiborini mamlakatimizda Yevropa kompaniyalari uchun tashkil etilayotgan maxsus sanoat parkiga qaratdi. U Sloveniya kompaniyalarini ushbu maxsus zonaning birinchi rezidentlari bo‘lishga taklif qildi.
Davlatimiz rahbari Sloveniya ishbilarmon doiralari O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirishga qiziqish bildirib, aniq taklif va rejalarini ilgari surganlarini yuksak baholadi.
Yakunda Prezidentlar huzurida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy bitimlarni almashish marosimi bo‘ldi.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Sloveniya Respublikasiga rasmiy tashrifi yakuniga yetdi.
So‘nggi 20 yil ichida birinchi O‘zbekiston-Sloveniya sammiti ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi bosqichni boshlab berdi.
Tashrif doirasida Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musar, Bosh vaziri Robert Golob va Milliy assambleyasi Raisi Urshka Klakochar-Zupanchich bilan sermazmun muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar siyosat, iqtisodiyot, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, ekologiya, madaniyat, turizm va ta’lim sohalarini qamrab olgan keng ko‘lamli masalalarni muhokama qildilar.
Qo‘shma bayonot, shuningdek, ustuvor yo‘nalishlarda erishilgan kelishuvlarni mustahkamlab qo‘ygan hukumatlararo va idoralararo bitimlarning salmoqli to‘plami qabul qilindi.
Tashrif yakunida davlat rahbarlari va ikki mamlakatning 100 ga yaqin yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Sloveniya biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Lyublyana xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni ichki ishlar vaziri Boshtyan Poklukar va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti