O‘zbekiston va Sloveniya texnologik va sanoat hamkorligini kengaytirishga intilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musarning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Lyublyanaga keldi.
Samolyot oldida davlatimiz rahbarini Bosh vazir o‘rinbosari - tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Yoje Puchnik nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, O‘zbekiston yetakchisi Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musar bilan muzokaralar o‘tkazadi, mamlakat parlamenti va hukumati rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazadi, qo‘shma biznes forumida ishtirok etadi.
O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish, sanoat, farmatsevtika, elektrotexnika, "yashil" energetika, qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlik va gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
* * * * * * *
Lyublyana shahridagi Prezident saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musarning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Sloveniya yetakchisiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, so‘nggi 20-yilda ilk bor o‘tkazilayotgan oliy darajadagi tadbirlar ikki mamlakat munosabatlarida yangi bosqichning boshlanishi sifatida tarixga kirishini ta’kidladi.
O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Siyosiy muloqot, turli darajadagi aloqalar va ishbilarmonlik uchrashuvlari faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki mamlakat BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash 3 barobar ko‘paydi. Madaniyat va turizm sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda. O‘zbekistonda Sloveniya fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgan.
Ikki tomonlama munosabatlarga tizimli tus berish uchun oliy va yuqori darajadagi muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va uning hajmini, eng avvalo, mahsulotlar turini kengaytirish va import o‘rnini bosish hisobiga birinchi bosqichda 500 million yevroga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistondan to‘qimachilik, meva-sabzavotlar, mineral o‘g‘itlar, mis mahsulotlari va boshqa sanoat tovarlari, Sloveniyadan esa dori-darmonlar, ilg‘or texnologiyalar va uskunalar yetkazib berish shular jumlasidan.
Sloveniyaning "Koper" porti salohiyatidan Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun logistika xabi sifatida foydalanish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Sloveniyaning yetakchi kompaniyalari bilan Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish, shuningdek, zamonaviy asbob-uskunalar, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, farmatsevtika mahsulotlari, shu jumladan asal va shifobaxsh giyohlarga asoslangan dori ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, energetika obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlik qilish uchun til, kasbiy ko‘nikmalar va mehnat standartlari bo‘yicha o‘qitish va moslashtirish dasturlarini ishlab chiqqan holda Uyushgan mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashga kelishib olindi.
Turizmni, ayniqsa, qishloq va tog‘li hududlarda rivojlantirish istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilandi. Ta’lim sohasida tomonlar diplomlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni imzolashga hamda Lyublyana va Maribor universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, kelgusi yilda Toshkent shahrida ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari ishtirokida Yoshlarning innovatsion loyihalari forumi o‘tkaziladi.
Gumanitar almashinuvni mustahkamlash maqsadida tomonlar o‘zaro madaniyat kunlari va Lyublyana shahrida O‘zbek kinosi haftaligini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdilar.
Belgilangan barcha vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini joriy yil iyul oyida Lyublyana shahrida tashkil etishga qaror qilindi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musarga o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etdi.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sloveniya Respublikasiga rasmiy tashrif doirasida ushbu mamlakat Bosh vaziri Robert Golob bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston bilan Sloveniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va amaliy sheriklikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda kengaytirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.
Bugun bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralarning samarali natijalari yuksak baholandi.
Savdo, investitsiya va kooperatsiya sohalarida birgalikdagi ishlarni faollashtirish muhim ekani ta’kidlandi. Tashrif doirasida o‘tkaziladigan biznes forumi yangi aloqalarni o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun samarali maydon bo‘lishi ta’kidlandi.
Talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish orqali tovar ayirboshlash hajmini 500 million yevroga yetkazish choralari ko‘rib chiqildi. "GSP+" preferensiyalar tizimi va bugun imzolangan standartlashtirish to‘g‘risidagi bitim ham savdoning o‘sishiga turtki beradi.
Texnologik modernizatsiyaga urg‘u bergan holda Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish rejasi tayyorlanadi. Shu ma’noda, Sloveniya yetakchi kompaniyalarining O‘zbekistonda elektrotexnika, uskunasozlik, farmatsevtika, "yashil" energetika, "aqlli" qishloq xo‘jaligi sohalarida loyihalarni amalga oshirish borasidagi intilishlari qo‘llab-quvvatlandi.
Bunday ishlab chiqarishlarni mamlakatimizda "Inpark" boshqaruvida Yevropa kompaniyalari uchun tashkil etilayotgan maxsus sanoat parkida joylashtirish taklif etildi.
Mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida doimiy faoliyat yurituvchi ekspertlar guruhini tuzish va zarur normativ-huquqiy bazani tayyorlashga kelishib olindi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va o‘zbek mahsulotlarining Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqishi uchun Koper porti infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganishga kelishib olindi.
Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish masalalari muzokaralarning alohida mavzusi bo‘ldi. Ekologik turizmni, shu jumladan tog‘li va qishloq hududlarida rivojlantirish bo‘yicha Sloveniya tajribasiga alohida qiziqish bildirildi.
Qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, shu jumladan Toshkent shahrida Yoshlar innovatsiyalar forumini tashkil etish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, kelgusi yilda o‘zaro madaniyat kunlari va Lyublyana shahrida O‘zbek kinosi haftaligi o‘tkaziladi.
Hamkorlikning belgilangan yo‘nalishlarini ilgari surish maqsadida joriy yil iyul oyida Lyublyana shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan keng qamrovli "yo‘l xaritasi" qabul qilinadi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Sloveniya Bosh vaziri Robert Golobni o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
* * * * * * *
Lyublyana shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Sloveniya Respublikasi Bosh vaziri Robert Golob Qo‘shma bayonot imzoladilar.
Ular huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bular:
- diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod qilish to‘g‘risida;
- ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida;
- transport va logistika sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
- "aqlli" shaharlarni boshqarish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
- standartlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
- suv resurslarini boshqarish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
- turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitimlar.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sloveniya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Sloveniya Milliy assambleyasi Raisi Urshka Klakochar-Zupanchich bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston bilan Sloveniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, shu jumladan ikki mamlakat parlamentlari darajasida yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda parlamentlararo almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida Sloveniya Milliy assambleyasi komissiyasi raisi Predrag Bakovich ishtirok etdi. Ikki mamlakat parlamentlarida "do‘stlik guruhlari" tashkil etilgan.
Qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va jadallashtirish uchun sohaviy qo‘mitalar darajasida parlamentlararo hamkorlik muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, gumanitar hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashda, jumladan, madaniyat va kino kunlari, ko‘rgazmalar o‘tkazish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik almashinuvlarni rivojlantirishda parlamentlarning ko‘magi zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, xalqaro parlament tashkilotlari doirasida tashabbuslarni muvofiqlashtirish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash kuchaytiriladi.
Birinchi O‘zbekiston-Sloveniya parlamentlararo forumini deputatlar va ekspertlar hamjamiyati ishtirokida Samarqand shahrida o‘tkazish taklif qilindi.
Parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma "yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti