O‘zbekiston Prezidenti turkiy davlatlar hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etdi.
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban raisligida o‘tgan tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an hamda Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida jahonda geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim o‘zgarishi oqibatlari kuchayib borayotgan bugungi murakkab vaziyat shiddat bilan o‘zgarib borayotganini qayd etdi.
Prezidentimiz dolzarb xalqaro muammolarni hal etishda, birinchi navbatda, xalqaro huquq normalari va BMT Nizomiga tayangan holda tashkilot davlatlarining umumiy yondashuv va pozitsiyalarini mustahkamlash muhimligini qayd etdi.
Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston yetakchisi bu borada ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini ko‘rsatib o‘tdi va qator yangi takliflar bildirdi.
Siyosiy jihatdan O‘zbekiston tashabbusi bilan Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Ushbu hujjat xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish va ko‘p qirrali hamkorlikning uzoq muddatli huquqiy bazasini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Prezidentimiz savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-kommunikatsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, Tashkilot mamlakatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasida o‘zaro savdo ulushini oshirish maqsadida "Turk-treyd" onlayn platformasini yaratish va Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish bo‘yicha amaliy dastur qabul qilish taklif etildi.
Transkaspiy xalqaro yo‘lagi orqali yuk tashish hajmining o‘sishini ta’minlash va bojxona-chegara tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida davlatimiz rahbari ushbu yo‘nalish bo‘ylab "yagona darcha" va "yashil yo‘laklar" tizimini tez fursatda joriy etishga chaqirdi. Bu boradagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida Turkiy davlatlarning multimodal transport va logistika xalqaro forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari Turkiy investitsiya jamg‘armasi ta’sis etilganini olqishlab, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Qo‘shma venchur kompaniyasi va Tashkilotga a’zo mamlakatlarning investitsiyaviy imkoniyatlarini taqdim etadigan yagona portal tashkil etish muhim ekanini ta’kidladi.
Sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida kimyo, energetika, tog‘-kon, yengil sanoat, farmatsevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish tarmoqlarida yirik ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish taklif qilindi.
Davlatimiz rahbari iqlim kun tartibiga to‘xtalar ekan, yaqinda Samarqand shahrida o‘tgan Xalqaro iqlim forumi davomida "yashil" taraqqiyot sohasida global va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qator muhim tashabbuslar ilgari surilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning Budapesht shahrida Qurg‘oqchilikning oldini olish institutini ishga tushirish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Uning faoliyatiga ko‘maklashish va maqsadli loyihalarga kengroq jalb qilish uchun qurg‘oqchilik va ekologik muammolarning oldini olish bo‘yicha qo‘shma "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish taklif qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti fan, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Toshkent shahrida Turkiy davlatlar xalqaro universitetining ochilishi tashkilotga a’zo mamlakatlarning ta’lim dasturlarini amalga oshirish va iqtidorli yoshlarni tayyorlashga munosib hissa bo‘lishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston yetakchisi Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti - TURKSOY faoliyati va tuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda Turkiy madaniyat jamg‘armasi kengashining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etdi.
So‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti turkiyalik atoqli olim, biokimyogar, Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjarni Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotga sazovor bo‘lgani bilan tabrikladi.
Sammit yakunida Budapesht deklaratsiyasi, shuningdek, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha boshqa qator hujjatlar qabul qilindi.
* * * * * * *
Budapeshtdagi Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti doirasida "Turkiy dunyo birligiga qo‘shgan hissasi uchun" Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bu yil mukofotga taniqli turk biokimyogari, Nobel mukofoti sovrindori, O‘zbekiston Milliy universiteti faxriy doktori Aziz Sanjar sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Aziz Sanjarni samimiy tabriklab, nufuzli mukofotning ilm-fan arbobiga topshirilishi turkiy dunyo olimlari, jumladan, yoshlarni yangi marralarni zabt etishga ilhomlantirishini alohida ta’kidladi.
Turkiy davlatlar tashkilotining buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy nomidagi mukofoti davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021-yilda ta’sis etilgan. U turkiy madaniyatni targ‘ib qilish, tinchlikni saqlash, xavfsizlikni ta’minlash va ishonchni mustahkamlash, shuningdek, turkiy xalqlar o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga qo‘shilgan alohida hissa uchun har ikki yilda bir marta topshiriladi.
Mukofot ilk bor 2022-yilda qirg‘iz yozuvchisi va jamoat arbobi marhum Chingiz Aytmatovga berilgan edi.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi yakuniga yetdi.
Davlatimiz rahbari 20-may kuni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan tor va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazdi, Milliy majlis spikeri Laslo Kyover, Vengriyaning yetakchi bank va kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Bugun O‘zbekiston yetakchisi Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etib, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Tadbirlar yakunlangach, Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Sloveniyaga jo‘nab ketdi. Ferens List nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonni Vengriya rasmiylari kuzatib qo‘ydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti