O‘zbekistonda Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisi ochiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen huzurida mamlakatimizda Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisini ta’sis etish to‘g‘risida bitim imzolandi.
1958-yilda tashkil etilgan Yevropa investitsiya banki Yevropa Ittifoqining yetakchi moliyaviy institutidir.
Ta’kidlash joiz, ofisning Toshkent shahrida ochilishi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistonda va umuman Markaziy Osiyoda "yashil" iqtisodiyot, innovatsion sanoat va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishga jalb etilayotgan investitsiyalar hajmini oshirish imkonini beradi.
* * * * * * *
Oliy darajadagi O‘zbekiston-Yevropa muzokaralari yakunida birgalikda daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen Samarqand shahridagi Kongress markazi xiyobonida ikki tup eman ekdilar.
Ko‘chat ekish marosimi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida do‘stlik, ko‘p qirrali hamkorlik va sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganining yana bir ramzi bo‘ldi.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen Samarqand Xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasida bo‘ldilar.
Mehmonlarga xalqimizning betakror badiiy, hunarmandlik va musiqiy madaniyati namoyish etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti