O‘zbekiston Prezidenti davlat rahbarlarining uch tomonlama uchrashuvida ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Xo‘jand shahriga keldi.
Aeroportda davlatimiz rahbarini Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon kutib oldi.
O‘zbekiston rahbarining tashrifi sharafiga davlat bayroqlari ko‘tarildi. Milliy kuy-qo‘shiq va raqslar ijro etildi.
Bugun O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston Prezidentlarining uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Kun tartibiga muvofiq, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnomani imzolash rejalashtirilgan.
Prezidentlar san’at ustalari ishtirokidagi qo‘shma konsertda ham ishtirok etadilar.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-mart kuni Xo‘jand shahrida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan uch tomonlama uchrashuvda ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida davlat rahbarlari bir-birlarini muborak Ramazon hayiti hamda bahor uyg‘onishi va yangilanish ayyomi - Navro‘z bilan qutladilar, birodar xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Prezidentimiz Tojikiston va Qirg‘iziston tomonlarini barcha masalalar uzil-kesil hal etilgani hamda Davlat chegarasini delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani bilan samimiy tabrikladi.
Ushbu hujjat, shuningdek, uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida imzolanayotgan shartnoma barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga, butun mintaqaning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Tantanali ravishda ochilgan Do‘stlik stelasi esa qardosh mamlakatlar o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlarining yangi ramziga aylanishi qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidenti amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Eng avvalo, bu oliy darajadagi faol va ishonchli aloqalarni davom ettirishdir.
Shu hafta Samarqandda "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti va mintaqadagi umumiy ekologik tahdidlarga bag‘ishlangan Iqlim forumi bo‘lib o‘tadi.
May oyida Ko‘rfaz arab davlatlari bilan sammit, sentyabr oyida esa Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi o‘tkaziladi.
Shu munosabat bilan, bo‘lajak tadbirlar kun tartibini puxta tayyorlash va umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun tashqi ishlar vazirliklari orqali muntazam maslahatlashuvlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Chegaradosh hududlarning hamkorligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘n karradan ziyodga oshgani qayd etildi. Bu hajmning deyarli yarmi chegaraoldi hududlarga to‘g‘ri keladi.
Shu bois chegaralardagi bojxona punktlarini kompleks modernizatsiya qilish va kengaytirish, qulay, zamonaviy savdo va logistika infratuzilmasini shakllantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Uch tomonlama savdo maydonchasini tashkil etish, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining doimiy faoliyat ko‘rsatadigan ko‘rgazma-yarmarkasini yo‘lga qo‘yish masalasini o‘rganish taklif etildi.
Yana bir yo‘nalish - sanoat kooperatsiyasi loyihalari.
Bugungi kunda O‘zbekiston korxonalari va xususiy kompaniyalari qo‘shni mamlakatlarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga faol sarmoya kiritmoqda.
Kooperatsiyani qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimiz rahbari qo‘shma investitsiya jamg‘armalari kapitalini bosqichma-bosqich oshirishga tayyorligini bildirdi.
Mamlakatlar o‘rtasida transport aloqalarini rivojlantirish borasidagi ishlarni davom ettirishga kelishib olindi. Bu aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish va geografiyasini kengaytirish, chegaraoldi hududlardagi shaharlar o‘rtasida yangi avtobus yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yishni o‘z ichiga oladi.
"Yashil" energetika va transport sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalar, suv va ekologiya dasturlarini ilgari surish diqqat markazida bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidenti hukumatlar iqtisodiy yo‘nalishda yanada faol ishlab, xalqlarimiz farovonligini oshirishga qaratilgan tezkor, real natijalar berishi lozimligini alohida ta’kidladi.
Shu kunlarda Xo‘jand shahrida qator madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilayotgani xalqlarimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.
Davlatimiz rahbari har yili Navro‘z bayrami kunlarida chegaraoldi hududlarda qo‘shma konsert va do‘stlik festivallarini o‘tkazishni taklif etib, kelgusi yilda bunday tadbirlarni Farg‘ona shahrida tashkil etishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolandi hamda uch davlat rahbarlarining Qo‘shma deklaratsiyasi qabul qilindi.
* * * * * * *
Xo‘jand shahrida o‘tayotgan oliy darajadagi tadbirlar dasturiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov uch mamlakat davlat chegaralari tutashgan hududda Do‘stlik stelasini tantanali ravishda ochdilar.
Uch mamlakat Bosh vazirlari o‘rinbosarlari videoaloqa orqali davlat rahbarlariga qurilish ishlari yakunlangani va obyekt tayyorligi to‘g‘risida axborot berdi.
Ushbu yodgorlik qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganining yangi ramzi bo‘ladi.
* * * * * * *
Xo‘jand shahridagi sammitning madaniy dasturi doirasida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlari Xo‘jand qal’asiga tashrif buyurib, uning tarixi bilan tanishdilar.
Bu noyob majmuaning qurilishi miloddan avvalgi IV-V asrlarga borib taqaladi. Arxeologik qazishmalar natijasida o‘sha davrda birinchi qal’a bunyod etilganligi aniqlangan.
1999-yilda qayta ta’mirlash ishlaridan so‘ng qal’a yonida 28 mingdan ortiq eksponatni o‘z ichiga olgan o‘lkashunoslik muzeyi ochildi.
So‘nggi restavratsiya ishlari jarayonida qal’a devorlari, arki va darvozalari qayta tiklandi, ma’muriy bino, hunarmandchilik do‘konlari qurildi, Xo‘jandning qadimiy hovlilari namunalari yaratildi.
Hududda tojik xalqi tarixi va madaniyatiga oid 5 ta ko‘rgazma zalidan iborat majmua barpo etildi. 8 ta hovlida hunarmandlar xattotlik, rassomchilik, adras to‘qish, so‘zana tikish, tosh o‘ymakorligi, temirchilik va kulolchilik bilan shug‘ullanmoqda.
Davlat rahbarlari uch mamlakatning hunarmandchiligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va milliy taomlari ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirib, badiiy chiqishlarni tomosha qildilar.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov uch mamlakat madaniyat va san’at ustalarining konsertida qatnashdilar.
Davlatimiz rahbari o‘z so‘zida birodar xalqlarni bahoriy yangilanish bayrami Navro‘z va muborak Ramazon hayiti bilan chin dildan qutladi.
- Bugun xalqlarimiz uchun haqiqatan ham katta va uzoq kutilgan bayram. Biz uch davlat chegaralarining tutash nuqtasi haqidagi tarixiy shartnomani imzoladik. Bundan buyon chegaralar – birodarlik chiziqlari, yangi imkoniyatlar, bunyodkorlik va hamkorlik makonidir, - dedi Prezident.
Xalqlarimizning muqaddas tuprog‘i, dini, taqdiri bir, tashvish-u quvonchlari, intilishlari o‘xshash ekani ta’kidlandi. Endi bu go‘zal zaminni bugungi va kelajak avlodlar munosib va baxtli yashashi uchun birgalikda obod qilish bizning burchimizdir.
Keyingi yillarda umumiy siyosiy iroda tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda ulkan ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi.
Bugun O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida shartnoma kuchga kirdi. Yaqin kunlarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida ham shunday hujjat imzolanadi.
Savdo, investitsiyalar, yuk tashish, fuqarolarning bordi-keldisi izchil ko‘payib bormoqda. Muvaffaqiyatli kooperatsiya loyihalari soni oshmoqda.
Bugungi muzokaralarda ishbilarmonlik va madaniy almashinuvlar uchun qulay sharoitlar yaratish, to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar sonini ko‘paytirish, chegaraoldi hududlardagi shaharlar o‘rtasida yangi avtobus yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.
Madaniy tadbirlar, ijodiy festivallar, yoshlar forumlari, sport musobaqalarini muntazam o‘tkazib borishga alohida e’tibor qaratildi.
- San’at chegara bilmaydi, uning buyuk vazifasi odamlarni birlashtirish. Uch mamlakatning iste’dodli san’at ustalari ijrosidagi bugungi konsert ham madaniyatlarimizning boyligi, rang-barangligi va mushtarakligini yana bir bor namoyish etadi, - dedi so‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikiston Respublikasiga amaliy tashrifi yakunlandi.
Oliy darajadagi tadbirlarga boy dastur doirasida Xo‘jand shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Emomali Rahmon bilan muzokara o‘tkazdi, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston rahbarlarining qo‘shma uchrashuvida ishtirok etdi.
Do‘stlik stelasining ochilish marosimi va uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnomaning imzolanishi bo‘lib o‘tdi.
Yetakchilar tarixiy-madaniy majmua - Xo‘jand qal’asiga tashrif buyurib, san’at ustalarining qo‘shma konsert dasturini tomosha qildilar.
Aeroportda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon kuzatib qo‘ydi.
Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti