O‘zbekiston va Fransiya yetakchilari ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqdilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Parij shahriga keldi.
Samolyot oldida O‘zbekiston yetakchisini Fransiya milliy ta’lim, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Elizabet Born, Parij harbiy okrugi qo‘mondoni general Loik Mizon va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
"Orli" xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi joylashgan qarorgoh oldida Fransiyada o‘qiyotgan, ishlayotgan va ilmiy izlanishlar olib borayotgan bir guruh vatandoshlarimiz Prezident Shavkat Mirziyoyevni katta xursandchilik bilan kutib oldi. Davlatimiz rahbari ular bilan samimiy suhbatlashdi, o‘qish va izlanishlariga muvaffaqiyat tiladi.
Tashrifning asosiy tadbirlari bugun, 12-mart kuniga mo‘ljallangan.
Dasturga muvofiq, Yelisey saroyida oliy darajadagi O‘zbekiston-Fransiya muzokaralari bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari YUNESKO bosh direktori Odri Azule bilan uchrashuv hamda Fransiyaning yetakchi kompaniya va banklari vakillari bilan davra suhbati o‘tkazadi.
* * * * * * *
12-mart kuni Parijdagi Faxriylar uyida Fransiya Respublikasiga davlat tashrifini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.
Mamlakatimiz yetakchisini Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron kutib oldi.
Maydonda oliy martabali mehmon sharafiga Fransiya Respublika gvardiyasi, quruqlik qo‘shinlari, harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlari xizmatchilaridan iborat faxriy qorovul saf tortdi.
Harbiy orkestr ijrosida ikki mamlakat madhiyalari yangradi. Gvardiyachilar davlatimiz rahbari oldidan tantanali yurib o‘tdi.
Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar va rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
So‘ng davlatimiz rahbari otliq gvardiyachilar va mototsiklchilar hamrohligida oliy darajada muzokara o‘tkazish uchun Fransiya Prezidentining qarorgohi - Yelisey saroyiga yo‘l oldi.
* * * * * * *
Yelisey saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlari ko‘p qirrali O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalarini yuzma-yuz va delegatsiyalar ishtirokida atroflicha muhokama qildilar.
Ikki mamlakat yetakchilarining 2023-yil noyabr oyida Samarqand shahrida o‘tgan uchrashuvi davomida erishilgan kelishuvlar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Turli darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda. O‘tgan yilda tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard yevrodan oshdi, qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi.
Yurtimizda Fransiyaning “Orano”, “EDF”, “Total”, “SUEZ”, “Voltalia”, “Veolia” va ko‘plab boshqa yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik yangi sifat kasb etdi, u bilan yangi Hamkorlik dasturi qabul qilinmoqda.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va "MEDEF" biznes missiyasi samarali o‘tdi, Ishbilarmonlar palatasi o‘z ishini boshladi.
Shu kunlarda Parij, Tuluza, Lion va Nitssa shaharlarida hududlarning faol ishtirokida qo‘shma tadbirlar o‘tkazilmoqda. Kuni kecha qo‘shma tibbiyot forumi hamda fan va ta’lim bo‘yicha konferensiya, O‘zbekistonning turizm salohiyati va madaniyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi. Grets-Armenvil shahrida buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy byusti ochildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, Fransiyaning yetakchi kompaniya va korxonalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga ustuvor ahamiyat qaratildi.
Bu galgi sammitga yangi Innovatsiya va sanoat sherikligi dasturi tayyorlangan. Muhim mineral xomashyo resurslarini qazib olish va qayta ishlash, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 6,5 milliard yevrolik qo‘shma loyihalarni ilgari surish ko‘zda tutilgan.
Umuman, qo‘shma loyihalar portfeli 12 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda.
Shu ma’noda, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalarini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari uzoq muddatli kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston-Fransiya investitsiya kengashini ta’sis etish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yil iyun oyida Toshkent investitsiya forumi doirasida o‘tkazishni taklif etdi.
Hududlararo aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida kelgusi yilda Samarqand shahrida ikki mamlakat hududlarining birinchi forumini o‘tkazishga kelishib olindi.
Yetakchilar gumanitar yo‘nalishdagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratdilar. Parij shahrida Savitskiy muzeyi to‘plamidagi avangard asarlar ko‘rgazmasini tashkil etish, madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha hamkorlik uchun mamlakatimizda Fransiya merosi instituti vakolatxonasini ochish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Joriy yilda Toshkent shahrida Fransiyadan tajribali mutaxassislarni jalb qilgan holda O‘zbekiston-Fransiya universiteti ochilishi ta’lim sohasidagi asosiy kelishuv bo‘lgani ta’kidlandi. Fransuz tili o‘qituvchilarini tayyorlash sohasida ham samarali hamkorlik davom ettiriladi.
Ishbilarmonlik, turizm va madaniy almashinuvlarni faollashtirish maqsadida tomonlar to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish masalasini ko‘rib chiqadilar.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar. Ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, terrorizm, ekstremizm, radikalizm, kiberjinoyatchilik va xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhim ekani ta’kidlandi.
Tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirish maqsadida tashqi ishlar vazirliklari boshchiligida iqtisodiy idoralarni jalb qilgan holda Strategik rejalashtirish guruhini tuzishga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qarorga keldilar.
Uchrashuv yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Emmanuel Makronni o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.
* * * * * * *
Parij shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildilar.
Davlat rahbarlari huzurida Mutaxassislar va talabalar harakatchanligi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, diplomatik pasport egalarini viza talablaridan o‘zaro ozod qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim hamda Fransiyaning yetakchi kompaniyalari bilan O‘zbekistonda 6,5 milliard yevrolik istiqbolli kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Investitsiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik dasturi almashildi.
Davlat tashrifi davomida quyidagilar ham imzolandi:
- O‘zbekiston-Fransiya universitetini tashkil etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
- readmissiya to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
- tashqi ishlar vazirliklarining 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
- 2026-2030-yillarda Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik dasturi;
- xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;
- sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;
- fransuz tilini o‘qitishni kengaytirish to‘g‘risida bayonnoma;
- musiqa, kino va teatr sohalarida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;
- Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan Fransiya Madaniyat vazirligi, Madaniy meros milliy instituti va Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti o‘rtasidagi hamkorlik bitimlari;
- Toshkent va Parij shaharlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida bayonnoma va boshqa ikki tomonlama hujjatlar.
* * * * * * *
Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Yelisey saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sharafiga davlat qabul marosimini uyushtirdi.
Qabulda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari, Fransiya Bosh vaziri Fransua Bayru boshchiligida Vazirlar Mahkamasi a’zolari, taniqli madaniyat, san’at va fan arboblari, ishbilarmon doiralar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari Emmanuel Makron va uning rafiqasi Brijit Makronga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, bugun bo‘lib o‘tgan muzokaralar tarixiy ahamiyatga ega ekanini, ularning natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Fransiya yetakchisi bugun o‘tkazilgan muzokaralar natijalarini va imzolangan bitimlarni olqishladi.
– Bir necha yil ichida biz energetika, suv resurslarini boshqarish, kommunal xizmatlar, transport, barqaror turizm kabi muhim sohalarda uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga erishdik. Buning dalili sifatida Fransiya hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi ko‘magida fransuz kompaniyalari O‘zbekistonga investitsiya kiritayotgani, hududlarda qo‘shilgan qiymat va ish o‘rinlari yaratilayotgani, yoshlar kasb o‘rganib, hayotda o‘z o‘rnini topayotganini keltirishim mumkin, – dedi Emmanuel Makron.
Tomonlar xalqlarimiz farovonligi yo‘lida O‘zbekiston-Fransiya hamkorligini yanada mustahkamlashga qat’iy intilishlarini bildirdilar.
* * * * * * *
Fransiyaga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parij shahri meri Ann Idalgo bilan uchrashdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari poytaxt merini yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy qutladi, shuningdek, Parij ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘z navbatida, Ann Idalgo O‘zbekiston rahbariga olimpiada tadbirlari davrida jamoat xavfsizligini ta’minlashda ko‘rsatilgan yordam uchun tashakkur bildirdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidentining ushbu tashrifi tarixiy natijalar bilan yakunlangani – ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Toshkent va Parij o‘rtasidagi amaliy hamkorlik va almashinuvlarni imzolangan bitim asosida faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shaharsozlikni rejalashtirish, "yashil" hududlar barpo etish, jamoat transportini rivojlantirish, raqamlashtirish, shuningdek, shahar kommunikatsiyalarini modernizatsiya qilish va ulardan barqaror foydalanish borasida tajriba almashish shular jumlasidan.
Bundan tashqari, o‘zaro ko‘rgazmalar, madaniyat va san’at kunlari, sayyohlik va gastronomik festivallar o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida Parij ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berilishiga bag‘ishlangan rasmiy marosim bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari va Parij meri O‘zbekiston Prezidenti faxriy mehmon sifatida Parij shahrida bo‘lgani to‘g‘risida qo‘shma hujjatni imzoladilar. Ushbu esdalik yorlig‘i meriya muzeyida namoyish etiladi.
* * * * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiya Respublikasiga tarixiy davlat tashrifining tadbirlarga boy dasturi yakuniga yetdi.
Davlatimiz rahbari Parij shahrida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi.
Sammit yakunida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya, shuningdek, hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha bitimlarning salmoqli to‘plami qabul qilindi.
Prezidentimiz Fransiyaning yetakchi kompaniya, bank va tashkilotlari rahbarlari bilan davra suhbatida ishtirok etdi. Umumiy qiymati 6,5 milliard yevro bo‘lgan aniq kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Investitsiya va innovatsiya sohalarida hamkorlik dasturi qabul qilindi.
Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Fransiya Respublikasining oliy mukofoti - Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi.
Tashrif doirasida Fransiya Milliy majlisi Raisi Yael Braun-Pive va Parij shahri meri Ann Idalgo bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Parij shahri ko‘chalaridan biriga Samarqand nomini berishga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi.
YUNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan muzokaralarda hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari hamda tashkilot Bosh konferensiyasining Samarqand shahridagi 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, "Orli" xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Fransiya sport va yoshlar vaziri Mari Barsak va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.
Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti