O‘zbekiston-Pokiston: barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha strategik sheriklikni mustahkamlash yo‘lida

Pokiston Bosh vaziri Mian Muhammad Shahboz Sharif 2025-yil 25-26-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.
O‘zbekiston-Pokiston hamkorligining yaqin tarixiga to‘xtaladigan bo‘lsak, 1991-yil 20-dekabrda Pokiston O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olganini, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil 10-mayda o‘rnatilganini ta’kidlash kerak.
O‘shandan beri O‘zbekiston va Pokiston o‘zaro hurmat va mushtarak manfaatlarga asoslangan faol siyosiy muloqotni davom ettirib kelmoqda. So‘nggi yillarda oliy darajadagi aloqalar faollashdi, buning natijasida tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
Xususan, 2021-yil 15-16-iyul kunlari O‘zbekistonga oliy darajadagi rasmiy tashrif yakunlari bo‘yicha Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma deklaratsiya, hamda hamkorlikning ham an’anaviy, ham yangi yo‘nalishlarini qamrab olgan salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 3-4-mart kunlari rasmiy tashrif bilan Pokistonda bo‘ldi. Tashrif davomida ikki davlat rahbarlari O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida Strategik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha kelgusi qadamlar to‘g‘risida Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Mazkur tashrif va uning doirasida bo‘lib o‘tgan biznes-forum ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish dinamikasiga, 10 dan ortiq hujjat imzolanib, hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirishga, shuningdek, qo‘shma savdo va investitsiya loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishishga kuchli turtki bo‘ldi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar jadallik kasb etib, qo‘shma tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Shu o‘rinda, 2022-yilda 15-16-sentabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida ishtirok etish uchun Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif mamlakatimizga tashrif buyurganini ta’kidlash joiz. Tashrif doirasida Pokiston rahbarini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabul qildi. Uchrashuvda davlat yetakchilari ikki tomonlama hamkorlikning barcha masalalarini, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-tranzit sohalarini ko‘rib chiqdilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro tashkilotlar sammitlarida Pokiston rahbarlari bilan o‘tkazgan uchrashuvlari nafaqat ilgari erishilgan kelishuvlarga sodiqlikni mustahkamladi, balki O‘zbekiston–Pokiston strategik sherikligining barqarorligi va uzoq muddatli xarakteriga e’tibor qaratilayotganidan dalolatdir.
Siyosiy muloqotni mustahkamlashda parlamentlararo hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Parlament diplomatiyasi doirasida ikki mamlakat vakillik organlarida do‘stlik guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, ular savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan qonunchilik tashabbuslarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Parlamentlararo hamkorlik uchrashuvlar, o‘zaro tashriflar, xalqaro tadbirlarda ishtirok etish orqali mustahkamlanyapti.
O‘zbekiston va Pokiston vazirlik va idoralari o‘rtasidagi konstruktiv munosabatlar, oliy darajada erishilgan strategik ahamiyatga ega qo‘shma loyihalarni tezkorlik bilan amalga oshirish imkonini beryapti.
Xususan, siyosiy muloqotni qo‘llab-quvvatlash uchun ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari 2025-yil fevral oyida Toshkent shahrida sakkizinchi raundi bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlar, shuningdek, yirik xalqaro tadbirlar doirasidagi muloqot mexanizmlaridan samarali foydalanmoqda.
Madaniyat, ta’lim, biznes, transport va logistika, huquq-tartibot, terrorizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish va boshqa sohalarda ham samarali idoralararo hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani e’tiborlidir.
O‘zbekiston va Pokiston o‘z mintaqalarida muhim ishtirokchilar bo‘lib, salmoqli resurs va inson salohiyatiga ega. Mamlakatlarimiz ushbu salohiyatdan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishda faol foydalanmoqda.
Pandemiyaga qaramay, ushbu sohadagi o‘zaro sheriklikni rivojlantirishda barqaror dinamika kuzatildi. Xususan, 2021-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 50 foizga oshdi. 2024-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollarga yetdi va ikki davlat rahbarlari tomonidan yaqin kelajakda bu ko‘rsatkichni 500 million dollarga, istiqbolda esa 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha belgilangan maqsadlarga yaqinlashdi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil mart oyida Pokistonga bo‘lib o‘tgan rasmiy tashrifi chog‘ida imzolangan Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim bojxona to‘siqlarini kamaytirish va ikki tomonlama tovar ayirboshlashni rag‘batlantirishda muhim qadam bo‘ldi.
Hududlararo miqyosda ishbilarmon doiralar vakillari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot ham faol rivojlanayotir. Bu to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda qo‘shma korxonalar tashkil etilishiga xizmat qilyapti. Bugungi kunda O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi 130 qo‘shma korxona bor. Pokistonning “Novugen Pharma”, “UP-Match”, “Pak-Merit Bleaching”, “Diamond Group” kabi yirik kompaniyalari bilan hamkorlikda respublikamiz hududlarida, xususan Sirdaryo, Toshkent, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida investitsiya loyihalari amalga oshirildi.
Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi so‘nggi paytlarda kuzatilayotgan faol muloqot iqtisodiy sheriklik va hamkorlikni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdorlik yuqori ekanidan dalolat beradi.
Xususan, so‘nggi ikki yilda O‘zbekiston va Pokistonda o‘nga yaqin ikki tomonlama biznes-forumlar, B2B, G2B uchrashuvlari, sanoat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmalari va boshqa qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga qaratilgan iqtisodiy tadbirlar o‘tkazildi.
Ana shunday tadbirlardan biri – 2024-yil iyun oyida Toshkentda O‘zbekiston–Pokiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Forum doirasida “Made in Pakistan” ko‘rgazmasi va transport-logistika forumi o‘tkazildi. Ko‘rgazmada Pokistonning to‘qimachilik, kimyo, farmatsevtika, tibbiyot, maishiy va elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 110 dan ortiq yetakchi kompaniyasi o‘z mahsulotlarini namoyish etdi. Biznes-forum yakunlari bo‘yicha qariyb 180 million dollarlik savdo-investitsiya shartnomalari imzolandi. Transport-logistika forumi doirasida hududlarimiz va mamlakatlarimiz o‘rtasida transport va yuk aylanmalarini faollashtirish, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi kompaniyalar uchun chegara-o‘tkazish punktlarida “yashil yo‘laklar” yaratish, shuningdek, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.
2024-yil noyabr oyida Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Pokiston hukumatlararo komissiyasining 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida O‘zbekiston-Pokiston biznes-forumi, shuningdek, G2B va B2B formatlarida uchrashuvlar uyushtirildi.
Bundan tashqari, o‘tgan yili noyabr oyi oxirida Pokistonning Lahor shahrida to‘qimachilik sanoati, charm va junni qayta ishlash, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, maishiy texnika, oziq-ovqat, qog‘oz sanoati va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan 60 dan ortiq tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida O‘zbekistonning “Artel” va “Imzo” kompaniyalari vakillari o‘z mahsulotlari va sarmoyaviy takliflari taqdimotini o‘tkazdilar. Pokistonlik sheriklar bilan maishiy texnika ishlab chiqarish va uchinchi davlatlarga eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Joriy yil avvalida ham ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarni chuqurlashtirishga xizmat qiladigan bir qator tadbirlar o‘tkazilgani bilan yodda qoldi. Xususan, joriy fevral oyida Pokistonning Lahor shahrida “Made in Uzbekistan” milliy sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi rahbariyati boshchiligidagi 150 dan ortiq tadbirkorlardan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi hamda Pokistonning 50 dan ortiq ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Quvonarlisi, uch kun davom etgan ko‘rgazmada 80 mingdan ortiq kishi kelib, O‘zbekiston sanoat mahsulotlari va hamkorlik imkoniyatlari bilan tanishdi. Tadbir davomida 500 dan ortiq B2Buchrashuvlari tashkil etilib, ularda yangi savdo shartnomalarini tuzish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Ushbu ko‘rgazma yakunlari bo‘yicha, umumiy qiymati 500 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 181 shartnoma imzolandi. Shundan 263 million AQSh dollari eksport savdo shartnomalari, 236 million dollari esa import bitimlari hisobiga to‘g‘ri keladi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik rivojiga ta’sir etuvchi asosiy omillardan yana biri – bu transport yo‘nalishidir. Shu bois O‘zbekiston ham, Pokiston ham transport-logistika sohasidagi aloqalarni jadallashtirishga alohida e’tibor qaratyapti.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar munosabatlar O‘zbekiston va Pokiston xalqlari o‘rtasidagi mustahkam tarixiy aloqalar, Buyuk ipak yo‘lining umumiy madaniy an’analari, islom sivilizatsiyasi, tarixiy shaxslar – Zahiriddin Muhammad Bobur va Boburiylar sulolasi vakillari merosi asosida rivojlanib kelmoqda.
Bugungi kunda o‘zbek zaminida voyaga yetgan, buyuk saltanat, jumladan, zamonaviy Pokiston hududini barpo etgan Bobur hayotiga bag‘ishlangan badiiy filmni suratga olish bo‘yicha ijodiy hamkorlikka poydevor qo‘yilmoqda.
Mamlakatimizda 1991-yildan buyon madaniy-ilmiy tadbirlar, fan va madaniyat arboblari delegatsiyalari almashinuvini muntazam tashkil etuvchi “O‘zbekiston–Pokiston” do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatyapti.
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida qariyb 75 yildan buyon urdu tili, adabiyoti va Pokiston tarixi bo‘yicha kurslar o‘qitilib kelinayotgani ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etyapti.
Pokistonda ham o‘zbek tili va tarixini o‘rganish bo‘lgan talab keskin oshdi, ushbu jabhada loyihalar jadal amalga oshirilyapti. Qo‘shma madaniy tadbirlar, festivallar, ko‘rgazma va forumlar o‘tkazish muntazamlik kasb etganini ta’kidlash kerak.
2021-yil fevral oyida Panjob universitetida xalqimizning buyuk ajdodi hayoti va merosini o‘rganish maqsadida Bobur merosi markazi ochildi. Peshovar universitetida esa Alisher Navoiy nomidagi markaz tashkil etilgan. Markaz Pokistonda o‘zbek madaniyatini yanada ommalashtirishga yaqindan ko‘maklashyapti.
Ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovlarining yo‘lga qo‘yilishi natijasida sayyohlar almashinuvi faollashdi. Pokistonda O‘zbekistonning muqaddas qadamjolari va tarixiy obidalariga bo‘lgan qiziqish juda yuqori. Xusuan, 2019-yil mart oyida Islomobodda O‘zbekiston Turizm axborot markazi ochilgan bo‘lsa, 2020-yilda Pokistondagi Naqshbandiya tariqati yetakchisi shayx Muhammad Xassan Xasib ur-Rahmon O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi ziyorat turizmi bo‘yicha elchisi etib tayinlandi.
Madaniyatlararo muloqot ikki xalqning boy tarixi va merosiga bo‘lgan yuksak hurmat hamda qiziqishdan dalolat beradi.
Shuningdek, Islomoboddagi Lok Virsa amaliy san’at muzeyida 2022-yilda O‘zbekiston madaniyati va tarixiga bag‘ishlangan doimiy ko‘rgazma ochildi.
Mamlakatlarimizda o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlar – ko‘rgazmalar, sayyohlik yarmarkalari, seminarlar, anjumanlar, madaniyat va kino kunlarida ishtirok etayotgan madaniyat delegatsiyalari almashinuvi jadal tus oldi.
Pokistonlik san’at ustalari O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan “Sharq taronalari”, maqom san’ati va baxshichilik san’ati kabi xalqaro festivallarda muntazam ravishda ishtirok etyapti.
2024-yilda Pokiston delegatsiyasi “Shahrisabz shahri Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining turistik poytaxti” deb e’lon qilingani munosabati bilan tashkil etilgan xalqaro tadbirlarda qatnashdi.
O‘z navbatida, 2024-yil 22-24-aprel kunlari Islomobod shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro “Bahor festivali”da “O‘zbekiston” milliy paviloni tashkil etildi. Uch kun davom etgan festivalda uning mehmonlari mamlakatimizning boy tarixiy, madaniy merosi va sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishdi.
Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarni qamrab olgan holda jadal taraqqiy etib bormoqda. Ayniqsa, mintaqaviy xavfsizlik va transport-logistika sohasidagi sheriklik masalalarida strategik manfaatlarning mos kelishi bu munosabatlarni istiqbolli va yanada manfaatli qiladi. Shu nuqtayi nazardan, Pokiston Bosh vazirining mamlakatimizga bo‘lajak tashrifi siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, iqtisodiy hamkorlik mustahkamlash hamda savdo, transport, energetika va xavfsizlik kabi muhim sohalarda sheriklik aloqalarini kengaytirishda muhim bosqich bo‘ladi. Bu nafaqat O‘zbekiston va Pokistonning strategik sheriklikni mustahkamlash istagini tasdiqlaydi, balki butun mintaqa barqarorligi va rivojlanishiga hissa qo‘shgan holda uzoq muddatli hamda o‘zaro manfaatli sheriklikning yangi istiqbollarini ochib beradi.
“Dunyo” AA