O‘zbekiston Prezidenti va YTTB rahbari strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar
12-noyabr kuni Boku shahrida o‘tayotgan COP29 sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ushbu nufuzli xalqaro moliya instituti bilan keng qamrovli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Bankning mamlakatimizga investitsiyalari 5 milliard yevrodan oshgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston bankning mintaqamizdagi eng yirik hamkori hisoblanadi.
YTTBning faol ishtirokida bank sektorini xususiylashtirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda, investitsiyalar va yer qa’ridan foydalanish sohasidagi me’yoriy-huquqiy baza takomillashtirilmoqda.
Davlatimiz rahbari loyihalarni tayyorlash sifati va samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston va YTTB o‘rtasidagi hamkorlik strategiyasini amalga oshirish va uni yanada boyitish muhimligi ta’kidlandi. Energetika samaradorligi, kichik va o‘rta biznes, ayollar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy soha va infratuzilmada davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, "yashil" shaharlarni rivojlantirish sohalarida yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Kelgusi yilda Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini tayyorlash va o‘tkazish yuzasidan ham fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti