O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi 130 ta millat va elatlarning tili, urf-odati an'analariga hurmat bilan qaraladi
So'nggi yetti yilda Yangi O'zbekistonda amalga oshirilgan tub islohotlar natijasida xalqimizga azal-azaldan xos bo'lgan do'stlik va bag'rikenglik kabi ezgu qadriyatlar asosida millatlararo munosabatlar yangi bosqichga ko'tarilib, Markaziy Osiyoda yaxshi qo'shnichilik aloqalarini o'rnatish orqali barcha masalalar bo'yicha konstruktiv muloqot yo'lga qo'yildi.
Keng ko'lamli islohotlar davomiyligini ta'minlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan 2022–2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglik muhitini mustahkamlash alohida ustuvor maqsad sifatida belgilandi. Shu bois Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ma'naviy taraqqiyotni ta'minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan milliy madaniy markazlarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda Millatlararo munosabatlar sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasining izchil amalga oshirilishini ta'minlash vazifalari muhim o'rin tutadi. Xususan, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi tomonidan mas'ul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Davlat dasturining 270-bandida belgilangan Millatlararo munosabatlar sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” ishlab chiqildi. Davlat dasturining 271-bandida Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulug'vor maqsadni amalga oshirishda jamiyatimizning harakatlantiruvchi kuchlari bo'lgan yoshlarimiz uchun qo'shimcha qulay shart-sharoitlar yaratish, ularda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, bag'rikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyatini yuksaltirishga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
Davlat dasturining ijrosini ta'minlash maqsadida “Jamiyatda millatlararo totuvlikni mustahkamlash va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalarini yanada rivojlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori loyihasi tayyorlandi.
Hujjatda 157 ta milliy madaniy markazlarning moddiy-texnik ta'minotini mustahkamlash, soha vakillarining mehnatini munosib rag'batlantirish mexanizmlarini yaratish ko'zda tutilgan bo'lib, bu kelajakda milliy madaniy markazlar vakillarining jamiyatda bag'rikenglik, yaxshilik, tinchlik va kelishuv muhitini ta'minlashda, ijtimoiy-ruhiy barqarorlikni ta'minlashda ishtirokini kengaytirishga imkon beradi. Yangi O'zbekiston taraqqiyotning muhim omili sifatida millatlararo hamjihatlik va xorijiy mamlakatlar bilan do'stona aloqalarni mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilib, yurtimizda yashayotgan 16 ta diniy konfessiya, 130 tadan ortiq millat va elatlar vakillari teng huquq va erkinligini ta'minlashning huquqiy asoslari yaratildi. Shuningdek, millatlararo munosabatlarni huquqiy tartibga solish sohasida xorijiy tajribani o'rganish natijasida qonun hujjatlarini takomillashtirish bo'yicha 45 tadan ortiq konseptual hujjat – 2 ta Qonun, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 15 ta farmoni va 10 ta qarori, Oliy Majlisning 3 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining qator qarorlari qabul qilindi. Jumladan, O'zbekiston Prezidenti SH.Mirziyoev tashabbusi bilan 2017-yil 19- may kuni alohida davlat organi – O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi tashkil etildi. Qo'mita mamlakatimizdagi 157 ta milliy madaniy markaz, 38 ta do'stlik jamiyati va xorijdagi 98 ta vatandoshlar jamiyati bilan hamkorlikda millatlararo va dinlararo totuvlikni ta'minlash, xorijiy mamlakatlar bilan do'stona munosabatlarni rivojlantirishga salmoqli hissa qo'shmoqda. O'zbekistonda teleko'rsatuv va radioeshittirishlar 12 tilda efirga uzatilmoqda, gazeta va jurnallar 14 tilda chop etilmoqda hamda mamlakatimizdagi 10 000 tadan ortiq davlat umumta'lim maktabining 1 865 tasida ta'lim 6 tilda, ya'ni qoraqalpoq, rus, tojik, turkman, qirg'iz va qozoq tillarida olib borilmoqda.
O'zbekiston Prezidenti tomonidan 2019-yil 15-noyabrda Millatlararo munosabatlar sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasining qabul qilinishi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalarini yangi bosqichga ko'tardi. Mamlakatimizda 30 iyulni Xalqlar do'stligi kuni etib belgilash to'g'risida 2021-yilda O'zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. O'zbekistonda millatlararo do'stlik va totuvlik muhitini mustahkamlanishiga munosib hissa qo'shgan mahalliy va xorijlik hamkorlarning mehnatini munosib taqdirlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2021-yil 1-iyunda “Xalqlar do'stligi” ko'krak nishoni ta'sis etildi. Hukumatning 2023-yil sentyabrdagi qaroriga asosan ta'sis etilgan “Diniy bag'rikenglik” ko'krak nishoni diniy-ma'rifiy sohaning samaradorligini oshirishga munosib hissa qo'shgan davlat va jamoat tashkilotlari vakillarini rag'batlantirish imkonini beradi. O'tgan davrda milliy madaniy markazlarning 600 nafardan ortiq faollari davlat mukofotlariga sazovor bo'lib, orden va medallar bilan taqdirlandi. Ulardan 14 nafariga “O'zbekiston Qahramoni” yuksak unvoni berildi. Milliy madaniy markazlarning etnomadaniy infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida respublikaning barcha hududlarida “Do'stlik uylari” tashkil etilib, ularda milliy madaniy markazlar bepul asosda joylashtirildi. O'zbekiston Respublikasi davlat byudjeti hisobidan so'nggi yetti yil davomida milliy madaniy markazlarni qo'llab-quvvatlash uchun jami 35 mlrd. so'm mablag' ajratildi (13.11.2024 yil xolatiga ko'ra 1 AQSH $ = 12792,60 so'm). O'zbekiston yetakchisi taklifiga asosan 2018-yilda BMT Bosh Assambleyasida qabul qilingan “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasiga muvofiq har yili 16-noyabr – Xalqaro bag'rikenglik kuniga bag'ishlab yurtimizda o'tkazilayotgan “Bag'rikenglik haftaligi” do'stlikni yanada mustahkamlaydi. Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarning o'z vaqtida bajarilishi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirishga, yoshlarni Vatanga muhabbat, mamlakatimizda yashovchi 130 dan ortiq millat va elatlarning tili, urf-odati an'analariga hurmat bilan munosabatda bo'lish ruhida tarbiyalashga, ko'pmillatli O'zbekiston xalqini Yangi O'zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish, jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglik muhitini mustahkamlash ezgu g'oyasi atrofida birlashtirishga xizmat qiladi.
Azamat Toshev,
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar
bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi raisi o'rinbosari