O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon delegatsiyasini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-oktabr kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Ozarbayjon Respublikasi Tashqi razvedka xizmati rahbari Orxon Sultonovni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Ozarbayjon idorasi boshlig‘i davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston-Ozarbayjon ittifoqchilik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Turli darajalarda faol muloqotlar va samarali almashinuvlar davom etayotgani, o‘zaro savdo va investitsiyalar ko‘rsatkichlari barqaror o‘sayotgani, tomonlar kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va jadallashtirish, madaniy-gumanitar tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Terrorizm, ekstremizm va radikalizm, kiberjinoyatchilik hamda xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xavflarga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus xizmatlarning yaqin idoralararo hamkorligini mustahkamlash va samarali muvofiqlashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti