O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari telefon orqali suhbatlashdi
5-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari Tojikiston yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik va yangi muvaffaqiyatlar, birodar tojik xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.
Prezidentlar O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarini oliy darajadagi kelishuvlardan kelib chiqqan holda rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish maqsadida yaqin idoralararo hamkorlik va faol almashinuvlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Davlat rahbarlari mintaqada yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti