O‘zbekiston Prezidenti Eron bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 24-yanvar kuni IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyon boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida tashqi ishlar vaziri davlatimiz rahbariga Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Eron Prezidentining o‘tgan yil sentyabr oyida O‘zbekistonga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston yetakchisi o‘zaro muloqotlar faollashgani, savdo izchil oshib borayotgani va yetakchi korxonalarning kooperatsiyasi kuchayganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni ilgari surish, jumladan, Chobahor va Bandar-Abbos portlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bo‘lajak tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi, xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti